O‘zbekiston | 16:00 / 26.03.2020
30551
3 daqiqa o‘qiladi

«Odamlar tibbiyot xodimlari bilan o‘chakishyapti» - Otabekov karantin choralarini buzayotganlar haqida

26 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov uyda karantinda qolish holatlari haqida tushuntirish berdi.

Foto: KUN.UZ

«Karantin O‘zbekiston hududida ikki xil tarzda: statsionar va uy sharoitida olib borilmoqda. Fuqarolar uyushgan holatda xorijdan olib kelinsa — statsionar sharoitda, agar yakka tartibda kelgan bo‘lsa, uy sharoitida karantinni o‘tashadi.

Karantin muddatini o‘tash deganda kasallikning yashirin davri — 14 kun mobaynida uyda qolish tushuniladi. Ular ustidan tibbiy kuzatuv o‘rnatiladi, tana harorati o‘lchab boriladi. Shu asosda karantin muddati o‘tab bo‘lgandan keyin laboratoriya natijalari salbiy bo‘lsa, ular karantin muddatini o‘tagan hisoblanadi», deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, shu paytga qadar O‘zbekistonda karantin davrini o‘tab, oila bag‘riga qaytganlar soni 22 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Brifingda koronavirusga gumon qilingan fuqarolar yashaydigan ko‘p qavatli uylar va mahallalar Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘riqlanayotgani, bu holat aholini xavotirga solayotgani haqidagi savolga javob berildi.

Davlat bosh sanitariya inspektori uy sharoitida karantin qilish zaruratini tushuntirar ekan, bu tartibni buzganlarni tanqid qilib o‘tdi.

«Uy sharoitida karantin qilish o‘zini oqlagan usul. Tasavvur qiling, 34 ming odamning hammasini statsionar sharoitida karantin qiladigan bo‘lsak, bu iqtisodiy nuqtayi nazardan muammolarni keltirib chiqaradi, katta tashvishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Uy sharoitida karantin qilish hammamizning zimmamizga yuklatilgan vazifa.

Qaniydi har bir kishi o‘z xatti-harakatini to‘g‘ri baholasa, mas'uliyatni his qilsa, karantin talablariga to‘liq rioya qilsa, ko‘chalarda Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlarining turishiga ham ehtiyoj qolmasdi. Ming afsuski, xalqimiz bu talablarni buzishga harakat qilyapti. Nazarimizda, tibbiyot xodimlari bilan o‘chakishgandek ish tutishyapti, karantin tadbirlarini buzishga qiziqish paydo qilishyapti», deya ta'kidladi u.

Shuningdek, Nurmat Otabekov koronavirusni uyda mustaqil davolash jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini eslatib o‘tdi.

«Bu kasallikni uyda davolashga urinish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Kasallikning asosiy belgisi uchta: tana haroratining ko‘tarilishi, quruq yo‘tal va nafas yetishmovchiligi. Uy sharoitida tibbiy muolajalarni olib borish jiddiy asoratlarga olib kelishi har birimizni sergak tutishi kerak», deya qayd etib o‘tdi u.

Mavzuga oid