O‘zbekiston | 20:05 / 26.03.2020
11745
2 daqiqa o‘qiladi

Xususiy maktab karantin davri uchun ham pul talab qilishi to‘g‘rimi?

AOKAda tashkil etilgan brifingda xususiy maktablarda to‘lov qabul qilinishi, o‘qituvchilarga oylik to‘lanishi masalasiga izoh berildi.

«Nodavlat ta'lim tashkilotlarida ta'lim olganlik uchun badal to‘lovi ta'lim oluvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar hamda ta'lim tashkiloti o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

To‘lov masalasidagi nizolar mazkur shartnoma shartlaridan kelib chiqib hal etiladi. Badal to‘lovi ta'lim oluvchining o‘qishiga mutanosib ravishda to‘langani sababli hozirgi kunda koronavirus pandemiyasining tarqalishi tufayli nodavlat ta'lim tashkilotlarida ta'lim jarayoni to‘xtatilgani uchun to‘lovni amalga oshirish to‘g‘risidagi nodavlat umumta'lim tashkilotining talabi maqsadga muvofiq emas», deya Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Feruza Madrahimovaning so‘zlarini keltirmoqda muxbiri.

Shuningdek, xususiy maktab o‘qituvchilariga karantin davrida oylik maosh tayinlanishi masalasiga ham oydinlik kiritildi. Unga ko‘ra, nodavlat ta'lim tashkilotlarida bunday masalalar ta'sischi tomonidan hal qilinadi. Bundan tashqari, ta'lim tashkiloti va pedagog xodim o‘rtasida tuzilgan shartnomada fors-major holatlarida, xususan karantin davrida qanday harakatlanish ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Agar shartnomada bunday holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, karantin davrida ta'lim jarayoni to‘xtatilgani va ta'lim oluvchilarga ta'til berilganini inobatga olib, tomonlar o‘zaro kelishib olishlari lozim.

Chunki pedagog xodimga to‘lanadigan pul mablag‘lari ta'lim oluvchilar tomonidan shartnoma asosida to‘lanadigan badal to‘lovlari hisobidan shakllantiriladi. Bunday vaziyatlarda agar ta'sischining to‘lov qobiliyati bo‘lmasa, mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan pedagog xodimga ish haqi saqlanmagan holda ta'til berish, agar xodim fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlayotgan bo‘lsa, shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali masalani hal etish maqsadga muvofiq.

Mavzuga oid