O‘zbekiston | 14:47 / 27.03.2020
38971
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 97 mingdan ortiq kishi karantinda - Nurmat Otabekov

Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov 27 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda xalqni karantin talablariga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

Foto: KUN.UZ

Nurmat Otabekov xalq orasida koronavirusga nisbatan oddiy gripp, xavotirga o‘rin yo‘q, hamma gaplar vahima, qabilidagi beparvolik munosabatini tanqid qildi.

«Koronavirus nimaga qodir ekanligini ko‘rsatdi. Dunyoning deyarli barcha davlatlarida 531 ming kasallik qayd etildi. Bu juda katta ko‘rsatkich, umumiy aholi soniga nisbatan kichik raqamdek ko‘rinishi mumkin. Bir kunning o‘zida AQShda 13 mingdan ko‘proq yangi bemor ro‘yxatga olindi. AQSh kasallanish ko‘rsatkichi bo‘yicha Xitoydan 3000taga ortib, 85 ming kasallik holati bilan birinchi o‘ringa chiqib oldi. Ikkinchi o‘rinda Xitoy, uchinchi o‘rinda Italiya turibdi. 

Bu kabi holatlar har birimizni sergak torttirishi kerak. Kasallikning tarqalganlik darajasi, undan yetayotgan iqtisodiy zararning orqasida beparvolik turibdi. Agar beparavolik bo‘lmaganda Italiya, AQSh bunday ahvolga tushmasdi», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Respublikada 97 mingdan ko‘proq odam karantinda saqlanayotganini aytar ekan, bosh inspektor qo‘yilayotgan talablar zaruratini qayd etib o‘tdi. 

«Koronavirusni to‘liq davolaydigan dori vositasi yo‘q. Himoya qila oladigan vaksina ishlab chiqilgan emas. Kasallikdan sog‘aygan odamlarning keyingi taqdiri haqida ham to‘liq tasavvurga ega emasmiz. Biz noma'lum asoratlarga olib keladigan infeksiya oldidamiz.

15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus aniqlandi. Kasallik aniqlanguncha qadar biz xotirjam edik, sarosima yo‘q edi. Lekin bizning hududga kasallikni kim olib kirdi — o‘zimizning xalqimiz [vakili] olib kirdi. Shuncha odamni xavotirga qo‘ydi. Bu kasallik atrofimizda aylanib yuribdi. Har bir shaxs unga chalinishi ehtimoli borligini unutmaslik kerak», deya ta'kidladi u.

«Imkoniyatlar chegaralanganini dunyo tajribasi ko‘rsatyapti. Tavakkal qilishga haqqimiz yo‘q. 34 mln aholining salomatligi har birimizning zimmamizda. Karantin talablarini buzish, niqob taqish tartibini buzish, bepisandlik holatlari kuzatilyapti. Bularning har biri o‘zingizga bo‘lmasa, qo‘shningizga, keyinchalik butun xalqqa muammo tug‘dirishi mumkin. Sizdan ko‘p narsa talab qilinayotgani yo‘q, hamma mas'uliyatni davlat o‘z zimmasiga oldi. Aytilgan tavsiyalarga rioya qilish kerak xolos», deya qo‘shimcha qildi Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid