Jahon | 11:53 / 30.03.2020
27532
4 daqiqa o‘qiladi

«Koronavirus - Hollivud trilleri emas»: Medvedev ruslarga murojaat qildi va uyda o‘tirishga chaqirdi

Rossiyaning sobiq bosh vaziri, RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali rossiyaliklarga murojaat qildi.

Foto: Yekaterina Shtukina/POOL/TASS

U aholini muammoga jiddiy yondashib, uydan yoki dala hovlidan o‘ta zaruriyatsiz chiqmaslik, kutilayotgan iqtisodiy muammolar to‘g‘risida ogohlantirdi. Medvedevning murojaati «VKontakte», «Feysbuk» va IGTV orqali e'lon qilingan.

«Hozir sodir bo‘layotgan voqealar kimlargadir qandaydir o‘yin, kino, Hollivud trilleri kabi ko‘rinishi mumkin, lekin bu aslo o‘yin emas. Jahonda virus yuqtirganlar soni yarim milliondan oshdi. Afsuski, bugun sodir bo‘layotgan voqealar har birimiz va butun insoniyat sivilizatsiyasi uchun real tahdiddir», — dedi Medvedev.

U epidemiya fonida sarosimaga tushmaslik juda muhimligini qayd etib o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, koronavirusga qarshi barcha choralar ko‘rilmoqda, shuningdek u «kasallikning tez tarqalishiga to‘sqinlik qilishni uddalayotgan» shifokorlarga alohida minnatdorchilik bildirdi.

«Nima bo‘lganda ham, biz ssenariyning turli rivojlariga tayyor turmog‘imiz kerak. Noxush ssenariy yanada qat'iy choralar ko‘rilishini taqozo etadi, shu sababli bu narsa sodir bo‘lmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qilishimiz kerak: prezident murojaatiga diqqat qiling, o‘z intizomingizni namoyon qiling va eng asosiysi — o‘zingiz va yaqinlaringiz uchun qo‘shimcha tahdidlar yaratmang», — dedi Dmitriy Medvedev.

Medvedev bu insoniyat tarixidagi birinchi epidemiya emasligini qayd etib, «insoniyat avval ham birlashib bunday kasalliklarni yengganini» ta'kidladi. U shuningdek, COVID-19 pandemiyasi tufayli bo‘lajak iqtisodiy qiyinchiliklardan ogohlantirdi va Rossiya bunday qiyinchiliklarni yengib o‘ta olishiga ishonch bildirdi.

«Albatta, pandemiya iqtisodiy qiyinchiliklarga olib keladi. Uni allaqachon jahonning ko‘pgina davlatlari, jahon iqtisodiyoti boshidan kechirmoqda. Rossiya qo‘shaloq shokka duchor bo‘ldi: virusga neft kotirovkalarining qulashi qo‘shildi, lekin siz bilan bizda qiyinchiliklarni yengib o‘tish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajriba bor», — dedi Medvedev.

Misol tariqasida Medvedev Rossiya neft narxining tushishi va sanksiyalarga duchor bo‘lgan 2014 va 2015 yillarni keltirdi. U o‘shanda mamlakat muammoni yengib o‘tgani va «import o‘rnini bosish uchun ko‘plab sohalarni rivojlantira olgani»ni qayd etgan.

RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari iqtisodiy masalalar hozir ikkilamchi, asosiysi — insonlar salomatligi ekaniga urg‘u qaratgan. U rossiyaliklarga 30 martdan 5 aprelga qadar e'lon qilingan haftani birgalikda dam olish uchun sabab sifatida qabul qilmaslikni, yaxshisi uyni umuman tark etmaslikni so‘radi.

«Har birimizning xatti-harakatimiz mamlakat uchun juda muhim. Bahorning bu iliq kunlarida kishilarda do‘stlari bilan uchrashish, shahar aylanish, piknikka chiqish istagi paydo bo‘lishi mumkin. Ushbu kunlardan oddiy ta'til sifatida foydalanishi mumkin. Bunday yondashuv yaramaydi. Kvartira yoki dala hovlini faqat o‘ta zaruriyat yuzasidan tark eting», — dedi Medvedev.

U bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish — yaqinlar bilan muloqot, o‘z bilimini oshirish, uy ishlari, kino tomosha qilish va kitob o‘qish bilan shug‘ullanishga chorladi.

«Har qanday epidemiya hayotiy siklga ega: u tug‘iladi, o‘sadi va ketadi. Aminmanki, biz barchamiz birgalikla bu muammoni yenga olamiz va vaziyatdan g‘olib sifatida chiqamiz», — deya so‘zlarini yakunlagan Dmitriy Medvedev.

Mavzuga oid