Sport | 16:59 / 30.03.2020
17606
3 daqiqa o‘qiladi

Xayrulla Hamidovdan: O‘ynayotgan afsona

Bugun 30 mart. Serxio Ramos 34ga kirdi. Bu yigit haqida nima yozishniyam bilmaydi odam. U haqda berilgan ta'riflar, u haqda yozilgan esselar shu qadar ko‘pki, qay birini taqdim etishni ham bilmas ekansan shunday paytda. Qisqa qilaman.

Foto: Getty Images

Ramos – o‘ynayotgan afsona. Eng yaxshi ta'rif shu. Yana bir ta'rif borki, Serxioning o‘zi bizga aytib beradi:
“O‘n besh yoshimdan beri “Sevilya”daman. To‘rt yil o‘tgach, bor-yo‘g‘i 19 yoshimda meni terma jamoaga chaqirishdi. Mashg‘ulotlaridan biriga borar ekanman, odatiy yumushlarimni qildim: sumkamda ehtiyojimga kerak matohlar, butsa va formam. Chunki terma jamoa mashg‘ulotidan yo o‘yinidan so‘ng uyga qaytasan, bu narsalarni o‘zing bilan olib yurishing kerak. 

O‘sha kuni men uyga qaytmadim. Balki Las Rosasda soat 23:30da shartnomaga qo‘l qo‘ydim. Transfer oinasi yopilishiga yarim soat qolgandi. Shartnomaning pastki qismiga qo‘l qo‘yar ekanman, bunga o‘sha payti ishonolmasdim. Ha, ha, o‘sha kuni telefonim smslarga to‘lib ketdi. Hayotim davomida eng ko‘p sms qabul qilgan kunim edi. 

Bu imzoning ostida oldinga tashlangan katta qadam va og‘ir mas'uliyat yotardi. Hozir men yana o‘sha g‘o‘r davrimga qaytib qolsam ham, shu ishga takror qo‘l urardim. 

Tasavvur qilish qiyin, “Sevilya” o‘yinchisi bo‘lib uyquga yotasan, “Real” o‘yinchisi bo‘lib uyg‘onasan. Dahshatku! Va ertalab bir jamoaga borishingni-da bilasanki, u yerdagi kiyim almashtirish xonasida seni Raul, Bekhem, Zizu, Iker, Roberto Karlos, Ronaldo kabi yulduzlar kutib oladi. Axir, ularning bari mening kumirlarim-ku. 12 soatdan so‘ng ular bilan bir xonadasan. Dahshatku bu!
Dunyo ostin-ustun bo‘lib ketgandek tuyulardi menga!”

Zo‘r izohlar, a? Ha, Ramosning gaplarida samimiyat bor. O‘sha g‘o‘rlik davrini samimiy eslay olgan. Lekin bugun u shunday darajaga chiqdiki, Qirollik klubiga keladigan har qanday yosh bolakayning xayolidan endi  Serxio nomi birinchi bo‘lib eslanadigan ro‘yxat tuziladi. Bo‘ldi. Ertak shunday bo‘ladi. “Atletiko” darvozasiga so‘nggi soniyalarda urgan goli kabi tugaydi va boshqachasi Ramos kabi afsonaviy yulduzga yarashmaydi ham.

Darvoqe, “Atletiko” darvozasiga urilgan golidan so‘nggi gapini eslang: "Endi xotirjam o‘lsam bo‘laveradi!"

Xayrulla Hamidov

Mavzuga oid