O‘zbekiston | 15:00 / 31.03.2020
18318
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz»: O‘zbekiston tarixida ilk bora «Yevro-4» va «Yevro-5» sifatli dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yilning 6 fevral kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar natijadorligi, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan edi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan, ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining yangi rahbari, Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev oldiga neft-gaz sohasida joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.  

«O‘zbekneftgaz» AJ tizimini rivojlantirish va moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar asosida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini bosqichma -bosqich modernizatsiya qilish, yuqori sifatli ekologik toza bo‘lgan dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish ishlari jadallik bilan olib borildi.  

Zavodda ishlab chiqarilayotgan neft mahsulotlari (avtobenzin va dizel yonilg‘isi) sifati Yevro-2 standarti talablariga mos kelib, uning sifatini jahon standartlariga moslash maqsadida, hozirda ishlatilayotgan katalizator va tseolit almashtirildi.

Fransiyaning «Axens» kompaniyasi mutaxassislari karantin sababli gazoylni gidrotozalash qurilmasi katalizatorini almashtirishda ishtirok eta olishmadi. Zavod va kompaniya mutaxassislari onlayn aloqada bo‘lishdi hamda «Axens» kompaniyasining sxemasiga binoan jamiyat mutaxassislarining o‘z kuchi bilan reaktorga yangi katalitik tizim o‘rnatildi.

Natijada 2020 yilning 30 mart kuni O‘zbekiston tarixida ilk bora «Yevro-4» va «Yevro-5» sinfli ekologik toza hamda sifatli dizel yonilg‘isining ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. 

Laboratoriya tahlillariga ko‘ra, olingan dizel yonilg‘isida oltingugurt birikmalari miqdori 3 ppm bo‘lib, bu ko‘rsatgich Yevro-5 sinfiga mos dizel yonilg‘isiga to‘g‘ri keladi (10 ppm dan ko‘p emas). Mazkur qurilma mavjud texnologik sxemada yiliga 100 ming tonnagacha Yevro-5 standartidagi dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. 

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati xabar berishicha, «Yevro-4» va «Yevro-5» yoqilg‘isi dvigatel ishlash jarayonini yaxshilash, yemirilishni kamaytirish, zararli chiqindi gazlar miqdorini keskin kamaytirish va silindrlar ishlash davrini uzaytirish kabi afzalliklarga ega.

Sayt: www.ung.uz
Feysbuk: fb.com/uzbekneftgaz

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid