O‘zbekiston | 21:21 / 03.04.2020
41404
2 daqiqa o‘qiladi

Shahar ko‘chalarida nega to‘siqlar tashkil etildi?

Yo‘l patrul xizmati xodimlari avtomobil harakati cheklangan shahar ko‘chalarida maxsus to‘siqlar tashkil etmoqda. Bu amaliyot karantin davrida o‘rnatilgan tartibni mensimay, huquqbuzarlik qilayotgan haydovchilarga nisbatan ta'sirchan chora sifatida ko‘rilmoqda.

Foto: AP

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, avtomobillar harakatini cheklash maqsadida keskin choralar ham tatbiq qilinmoqda. Lekin ko‘p fuqarolar buni tushunmay, ayrim bahonalar bilan o‘tib ketish payida bo‘lyapti.

«O‘tgan sutka davomida (4 aprel holatiga ko‘ra - tahr.) aynan avtotransport vositalari haydovchilari tomonidan karantin qoidalariga rioya qilmaslik bo‘yicha 1239ta holat qayd etilgan, 600dan oshiq avtotransport vositalari jarima maydonchasiga qo‘yildi», - deya ma'lumot berdi u.

G‘iyosovning ma'lum qilishicha, 4 apreldan boshlab, shahar ko‘chalarida maxsus to‘siqlar tashkil etilgan bo‘lib, YPX xodimlari barcha avtomobillarni nazoratdan o‘tkazmoqda.

«Bu - zaruriy chora. Bu fuqarolarni jazolash, kamchilik qidirish maqsadida emas, balki aynan transport harakatini cheklash uchun amalga oshirilayotgan tadbir sanaladi. Ko‘p holatlarda YPX xodimlari avtomobilda stiker bo‘lsa-da, uni to‘xtatadi: mashinada yo‘lovchi bo‘lishi mumkin, tibbiy niqobsiz harakatlanishi mumkin. Bundan boshqa qoidabuzarlik ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, ular har bir avtotransport vositasini tekshirib ko‘rishga haqli», - dedi u.

Mavzuga oid