Jahon | 21:17 / 08.04.2020
15158
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Berni Sanders prezidentlik poygasini tark etdi

Vermont shtatidan senator bo‘lgan Berni Sanders o‘z prezidentlik kampaniyasini to‘xtatganini e'lon qildi. 78 yoshli siyosatchi bu qarori haqida o‘z shtabi xodimlari konferensiyasida ma'lum qilgan.

Berni Sanders / Foto: AP

Sanders o‘tgan yilning oktyabrida ham kampaniyasini to‘xtatishi haqida e'lon qilgan, o‘shanda uning yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgandi. Keyinroq kampaniya davom ettiriladigan bo‘lgandi.

U Vermontdagi o‘z uyida yozib olingan videomurojaatida tarafdorlariga murojaat qilgan.

«Bu yo‘l g‘alabaga eltmasligi ayon. Men shunday xulosaga keldim, Demokratik partiyadan nomzodim qo‘yilishi uchun kurash muvaffaqiyatli yakunlanmaydi. Shuning uchun bu kurashni to‘xtatishga qaror qildim», degan u.

Sandersning prezidentlik poygasidan chiqishi Demokratlar partiyasidan yana bir nomzod, sobiq vitse-prezident Jo Baydenni prezidentlik saylovida Donald Trampning asosiy raqibiga aylantiradi.

7 aprel holatiga ko‘ra Bayden 1217 delegat ovoziga ega edi, Sanders 914 delegat ovozini olishga ulgurgandi, yana 171 delegat praymerizlarda boshqa nomzodlarni qo‘llab-quvvatlagan. Noyabr oyidagi prezidentlik sayloviga nomzod bo‘lish uchun 1991 delegat ovozi kerak bo‘ladi.

Berni Sanders sotsialist reputatsiyasiga ega siyosatchidir. U saylovoldi dasturida ishchilar sinfini himoya qilishini ko‘p bora ta'kidlagandi. Sanders yoshligida Amerika sotsialistlari partiyasiga ham a'zo bo‘lgan. O‘tgan asrning 80-yillari oxirida hatto SSSRga sayohat qilib, asal oyini o‘tkazgan. 

Uning dasturidagi asosiy punktlardan biriga ko‘ra, amerikaliklarga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini taqdim etish ko‘zda tutilgandi.

Fevral oyi oxirida Sanders praymerizlarda g‘olib chiqish uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rila boshlagandi. Ammo mart oyi boshida Jo Bayden qator shtatlardagi praymerizlarda g‘olib chiqa boshladi va vermontlik senatorni ortda qoldirdi.

17 mart kuni o‘tkazilgan praymerizda ham Bayden g‘alaba qozongandi, ammo shundan keyin mamlakatda Covid-19 tufayli pandemiya boshlandi. Bayden va Sanders o‘z tarafdorlari bilan faqat internet orqali muloqot qilishga o‘tdi. Praymerizlar bekor qilindi.

Faqat shu hafta boshida Viskonsinda saylov bo‘lib o‘tdi, ovoz berish ijtimoiy masofa saqlashga qat'iy e'tibor bergan holda o‘tkazildi.

AQSh prezidenti saylovi 2020 yil noyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid