Jamiyat | 20:48 / 08.04.2020
8786
2 daqiqa o‘qiladi

Uchquduqda karantin qoidalarini buzib, oltin qazish bilan ruxsatsiz shug‘ullangan 26 kishi jazoga tortildi

Navoiy viloyati Uchquduq tumanida karantin qoidalarini buzgan holda oltin qazish bilan shug‘ullangan 26 kishi qo‘lga olindi va ularga nisbatan jazo tayinlandi. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi 26 nafar fuqaro respublika hududida karantin e'lon qilingan bo‘lishiga qaramasdan, 2020 yil 6 aprel kuni niqobsiz holda hamda tegishli tartibda ruxsati bo‘lmasdan Navoiy viloyatining Uchquduq tumanidagi qo‘riqlanmaydigan konlardan tarkibida oltin bo‘lgan toshlarni qazib olayotgani aniqlangan.

Shuningdek, mazkur fuqarolar ichki ishlar organlari xodimlarining talablariga bo‘ysunmasdan, voqea joyidan yashirinishga harakat qilgan.

Uchquduq tuman ma'muriy sudida ushbu shaxslarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 165-moddasi (Faoliyat bilan litsenziyasiz va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug‘ullanish) hamda 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) asosida ma'muriy ish ko‘rib chiqildi.

Sud bu fuqarolarning aybi ashyoviy dalillar hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan deb hisobladi. Uchquduq tuman ma'muriy sudining 2020 yil 7 apreldagi qarori bilan 26 nafar huquqbuzarga ma'muriy qamoq va jarima jazolari tayinlangan.

Mavzuga oid