O‘zbekiston | 00:20 / 09.04.2020
67111
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillar harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma berish to‘xtatildi

Respublika maxsus komissiyasining 8 apreldagi qaroriga asosan, 9 apreldan boshlab avtotransport vositalari harakatlanishiga DXMlar tomonidan maxsus ruxsatnoma berish to‘xtatildi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu qaror koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish va e'lon qilingan karantin talablariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

Shu sanaga qadar olingan ruxsatnomalar asosida harakatlanish huquqi saqlab qolindi.

Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati qisqartirilib, alohida e'lon qilinadi.

Ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan arizalar qanoatlantirilmasdan qoldiriladi.

Ma'lumot o‘rnida, maxsus ruxsatnoma olish uchun 195 mingga yaqin ariza kelib tushgan bo‘lib, shulardan 33 mingdan ortig‘i qanoatlantirilgan, 142,5 mingga yaqin so‘rov rad etilgan, 19 mingdan ziyod ariza ko‘rib chiqish jarayonida edi.

Eslatib o‘tamiz, 30 martdan 9 aprelga qadar quyidagilarga maxsus ruxsatnomalar berib kelindi:

  • Oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi tadbirkorlar va u yerda ishlaydigan xodimlarning avtotransport vositalariga. Bunda dorixonalar uchun faqat har bir dorixonaga bir dona avtotransportga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgandi.
  • Umumiy ovqatlanish korxonalarining yetkazib berish xizmatini (kurer va «dostavka») ko‘rsatayotgan avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur korxonalarda doimiy ishlovchi xodimlarning shaxsiy avtotransportlari.
  • Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlarida, Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli M1 toifadagi transport vositalari.

Mavzuga oid