Jahon | 15:26 / 10.04.2020
36424
6 daqiqa o‘qiladi

«Hozir aybdorni izlash vaqti emas». Chin elchisi AQSh-Xitoy munosabatlari haqida

Dunyodagi ikki yirik iqtisodiyot egalari – Xitoy va AQSh koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda hamjihatlik yo‘lidan borishi kerak, deb hisoblaydi Xitoy Xalq Respublikasining AQShdagi elchisi Tsuy Tyankay.

Xitoyning Vashingtondagi elchisi koronavirus pandemiyasi fonida ikki mamlakat aloqalari haqidagi mulohazalarini bildirdi. Uning maqolasi The New York Times`da chop etildi.

«Nyu-York – AQShda men eng yaxshi ko‘radigan shahar. Men u yerda yashadim, ishladim, Xitoyning AQShdagi elchisi sifatida faoliyat boshlagandan keyin ham tez-tez mehmon bo‘ldim.

Tsuy Tyankay, Xitoyning AQShdagi elchisi
Foto: Xinhua News Agency/Getty Image

Butun dunyoni zabt etayotgan COVID-19 bu tungi bedor, shovqinli megapolisda ham hayotni to‘xtatib qo‘ygani achinarli hol. Virus muammosi shunchalik katta masshtabdaki, u millat, irq tanlamaydi.

Yaqindagina pandemiyadan zarba ko‘rgan Xitoy amerikaliklarning vaziyatini yaxshi tushunadi. Biz virusga qarshi kurashda katta qurbonlar berdik. U bilan kurash AQShda ham, umuman, dunyoning biron nuqtasida oson kechmaydi. Og‘ir daqiqalarda bizning do‘stlarimiz, shu jumladan, amerikaliklar, nyu-yorkliklar yordam qo‘lini cho‘zishdi. Xitoy buni hech qachon unutmaydi.

Endi navbat bizniki: yordam berishga tayyormiz.

Tan olish kerak, pandemiya masalasida Xitoy va AQSh o‘rtasida uncha yoqimli bo‘lmagan muloqotlar o‘tdi. Ammo hozir aybdorni izlash vaqti emas. Hozir hamjihatlik, o‘zaro yordam, hamkorlik vaqti.

100 nafardan ziyod xitoylik tibbiyot ekspertlarini hayotlarni qutqarish uchun xorijga yo‘l olishga undagan maqsad – o‘zaro yordam. AQSh va boshqa davlatlarda bemorlar bilan to‘lib ketgan shifoxonalarga yordam uchun test to‘plamlari, himoya niqoblari, tibbiyot uskunalarini yuborishdan maqsad – hamjihatlik. Virus haqida turli savollarga javob izlayotgan davlatlar bilan o‘z tajribamizni bo‘lishishdan maqsad – hamkorlik.

Yaqinda prezident Tramp bilan bo‘lgan telefon muloqotida Xitoy rahbari Si Tszinpin hamjihatlikning ahamiyatini ta'kidladi, imkoniyat doirasida yordamga tayyorligini bildirdi.

Xitoy kasallik haqidagi ma'lumotlar, u bilan kurashish bo‘yicha o‘z tajribasi haqida uzluksiz axborot berib bormoqda. Xuddi shu maqsadda virus haqida onlayn ma'lumotlar bazasi – COVID-19 yaratildi, barcha mamlakatlar undan bemalol foydalanishi mumkin.

Xitoylik va amerikalik sog‘liqni saqlash ekspertlari o‘zaro aloqalarni ushlab turishibdi, bilim va malaka almashishyapti.

Xitoy boshqa davlatlar qatori AQShga ham imkoniyat doirasidagi barcha yordamni ko‘rsatmoqda. Qo‘shma Shtatlar pandemiyasining episentri – Nyu-York Xitoy yordamining asosiy yo‘nalishi sanaladi. AQSh hukumatiga Xitoyda ishlab chiqarilgan shaxsiy himoya vositalarini xarid qilishda yordam ko‘rsatyapmiz. AQShning turli nuqtalaridan medikament vositalarga tushayotgan buyurtmalarni bajarish uchun Xitoy zavodlari maksimal darajada ishlayapti. Xitoy provinsiya va shaharlari amerikalik birodarlarga yordamga shay. Xususan, mamlakat biznes sektoridan ham yordamlar kelib tushmoqda.

Huawei Nyu-York, Vashingtonning Kolumbiya okrugiga bir necha o‘n ming shaxsiy himoya vositalari – niqob, qo‘lqop, ko‘zoynak xayriya qildi. Umumiy hisobda, Xitoy kompaniyalari AQShga 1,5 mln dona niqob, 200 ming test to‘plami, 180 ming dona qo‘lqop va boshqa tibbiy buyumlar xayriya qildi. Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo Jozef va Klara Tsay fondiga 1000ta sun'iy nafas uskunasi, Jyek Ma fondiga himoya ko‘zoynaklari uchun minnatdorlik bildirdi.

Shanxaydagi «Dasheng Health Producs Manufacture Co» niqob ishlab chiqarish fabrikasi
Foto: Yang Hui/Global Times

Amerikadagi xitoyliklar ham mahalliy shifoxonalarga moddiy va moliyaviy yordamlarini ko‘rsatishmoqda.

Hamjihatlik har doimgidan ham muhim bo‘lgan ayni kunlarda mamlakatlar o‘rtasida irqchilik, ksenofobiyani qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlarga sovuqqonlik bilan yondashishimiz zarur. Qiziqqonlik ikki millat o‘rtasidagi hamkorlikka putur yetkazibgina qolmay, konfrontatsiyada ham gumon paydo qiladi. Bu esa butun dunyoni virus va uning oqibatidagi iqtisodiy muammolar nishonida qoldirishi mumkin.

Yirik iqtisodiyotga ega ikki davlat sifatida Xitoy va AQSh jahon hamjamiyatning virusga qarshi harakatiga boshchilik qilishi kerak. Tibbiyot sust rivojlangan mamlakatlarga yordam ko‘rsatishimiz, global sog‘liqni saqlash tizimi yaxshilanishiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.

Shuningdek, biz makroiqtisodiy siyosatni bozorlarni stabil holatda saqlash, insonlar hayoti va taraqqiyot uchun kerakli vositalarning mavjudligini ta'minlash, global sanoat va yetkazib berish tizimlarini ochiq, stabil va xavfsiz holatda saqlashga qaratishimiz kerak. O‘tgan oy oxirida G20 («Katta yigirmalik»)ning virtual sammitida Si Tszinpin asosiy e'tiborini qaratgan masala ham shu edi. Barcha mamlakatlar global hamjamiyatga daxldor va umumiy kelajakka ega.

Katta yigirmalik virtual sammiti. 27 mart 2020 yil
Foto: Daily Mail

Nyu-York bu inqirozdan chiqib keta olishiga shubham yo‘q. Yaqinda shahar aholisi pandemiyaga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarini balkon va derazalardan olqishlagani haqidagi xabar shaharning hajmihatligini, jasoratini ko‘rsatadi. Hamjihatlik murakkab davrdagi umid nuriga o‘xshaydi.

Nyu-Yorkka yana sayohat qilish, uning ko‘chalarida shahar qat'iyatini his qilib kezishga umid bog‘layman. Bu kunlar tez orada keladi», – deb yozadi Tsuy Tyankay.

Mavzuga oid