O‘zbekiston | 00:02 / 13.04.2020
122789
5 daqiqa o‘qiladi

«Virus yuqtirganlar oramizda yuribdi, ular kim, soni qanchaligini bilmaymiz» – Xayrulla Bozorov Namangan viloyatidagi holat haqida

Namangan viloyatida so‘nggi kunlarda qayd etilgan koronavirusdan zararlanish holatlaridan 6tasining yuqtirish manbasi ma'lum emas. Ayni vaqtda viloyatdagi bemorlarning ikki nafari og‘ir ahvolda sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Bu haqda viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 12 aprel kuni viloyat aholisiga qilgan telemurojaatida aytib o‘tdi.

«Viloyatda ilk holat 25 martda aniqlangan bo‘lsa, qisqa muddatda kasallanish holatlari 65taga yetdi. Bulardan 22 nafari erkaklar, 43tasi ayollar. 11 nafari 18 yoshgacha bo‘lganlar, 7 nafari 60 yoshdan oshganlar. Bu epidemiya yosh-u qarini ayamayapti. Kasallikka chalinganlar orasida 2 oylik chaqaloq ham borligi afsuslanarlidir.

Respublikamizda kasallikdan tuzalganlar soni 60 nafardan ortdi, ularning orasida 4 nafari namanganliklar. Shifokorlarimiz bemorlar tuzalishi uchun kurashmoqda», deya ma'lumot bergan viloyat hokimi.

Xayrulla Bozorov viloyatda koronavirus tarqalishi oldini olish uchun joriy etilgan cheklov choralariga rioya etilmayotganini tanqid qilgan.

«Targ‘ibot va tashviqot ishlariga qaramasdan, afsuski, juda ko‘pchilik bu kasallikning xavfini tushunib yetmayapti. Natijada bugungi kunda ko‘cha-ko‘ylarda to‘planib o‘tirish holatlari, zaruratsiz ikki-uch kishi yoki undan ham ko‘proq bo‘lib ko‘chada yurish holatlari, niqobsiz yurish holatlari uchramoqda.

Viloyatimizda kasallikka chalinish holatlariga qarasak, bir bemor 38 kishiga virus yuqtirgani, yoki boshqa holatda virusga chalingan bir kishi 19 mart kuni bir oilada o‘tkazilgan to‘y marosimiga borib, bu marosimda 18 kishiga virus yuqtirgani, jumladan, yangi kelin-kuyovga ham virus yuqtirgani fuqarolarimizga xulosa qilish uchun misol bo‘lmayaptimi?», degan viloyat hokimi.

Viloyat rahbari o‘z murojaatida so‘nggi uch kun ichida mazkur infeksiyani yuqtirgan, manbasi aniq bo‘lmagan 6ta holat aniqlangani, ushbu fuqarolar bu kasallikni qachon va kimdan yuqtirib olganini bilishmasligi, ayrim fuqarolar uylarida isitmalab, buni oddiy shamollash deb o‘ylab, o‘zlarini uy sharoitida davolashga urinayotganini qayd etib o‘tgan. 

«Fuqarolarimizni bugungi kunda joriy qilingan karantin tartib-qoidalariga rioya etish haqida ogohlantirmoqchiman. Eng muhimi, har bir inson bu kasallik qanchalik xavfliligini his qilishi kerak. 

Hamma bilishi kerakki, virusga chalingan bir kishi bir necha kun davomida jamoat joylarida erkin harakatlanishda davom etsa, 200 kishidan 400 kishigacha virus yuqtirishi mumkin.

Shu kungacha Namangan viloyatida kasallanganlar kimligi, ular qayerda va qachon virus yuqtirgani, qolaversa, ular bilan aloqada bo‘lganlar bizga ma'lum edi va biz ularni tezkorlik bilan tibbiyot muassasalariga joylashtirib, vaqtida tibbiy yordamlar ko‘rsatib kelayotgandik.

Lekin oxirgi uch kun ichida bu kasallikni yuqtirish manbasi aniq bo‘lmagan 6 bemor aniqlandi. Afsuski, bu fuqarolarimiz qachon, qayerda va kimdan yuqtirishganini bilishmaydi.

Ikkinchidan, ming afsuski, ayrim fuqarolarimiz uylarida isitmalab, buni oddiy shamollash deb o‘ylab, uy sharoitida o‘zlarini davolashga urinishmoqda. Natijada ular oila a'zolariga, qolaversa, ahvoli og‘irlashganida yetib kelgan Tez tibbiy yordam xodimlariga yuqtirishmoqda.

Oxirgi uch-to‘rt kun ichida to‘rtta shunday holat aniqlangan, ularning uchtasi Namangan shahrida, bittasi Uchqo‘rg‘on tumanida yuz bergan. Ular bir necha kunlab, o‘n kunlab uylarida isitmalab yotishlari, o‘z vaqtida shifokorlarga murojaat etmaganliklari bugun ushbu kasallikning yuqish xavfini oshirib yubormoqda. Mazkur 4 nafar fuqaroning ikki nafari og‘ir ahvolda, bugun tongdan ular sun'iy nafas oldiradigan apparatlarga ulangan.

Agar ushbu fuqarolarimiz o‘z vaqtida shifokorlarga murojaat qilishganida o‘z vaqtida aniq diagnoz qo‘yilardi, yaqin qarindoshlariga yuqtirilmas edi. Bugun ularning har biri orqasidan 200tadan mingtagacha odamni karantinga olishga hojat bo‘lmas edi.

Yuqoridagi ikki sababdan xulosa qilib aytmoqchimanki, koronavirus kasalligiga chalinganlar oramizda yuribdi. Lekin ular kimligini, qayerdaligini, ularning soni qanchaligini, afsuski, biz bilmaymiz. Mana shu vaziyat bugungi kunda xalqimiz uchun eng katta tahdid bo‘lib qolmoqda.

Immuniteti kuchli yoshlar kasallikka chalingan bo‘lsa ham, unda kasallik alomatlari sezilmaydi. Lekin ular o‘zi bilmagan holda kasallik yuqtiruvchi bo‘lib qolishadi. Bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin», deydi viloyat hokimi.

  • Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 13 aprel kuni soat 06:00dan boshlab Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani, shu jumladan, «Qayqi» qishlog‘i hududida barcha turdagi shaxsiy va xizmat avtotransport vositalari, mototransport (skuter), velosiped hamda fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi.

Mavzuga oid