Jahon | 13:24 / 14.04.2020
38578
11 daqiqa o‘qiladi

AirPods uchun 5 yevrolik batareyka tufayli milliarderga aylangan avstriyalik muzqaymoq sotuvchi haqida hikoya

O‘n uch yil avval quloq uchun eshitish apparatlariga akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi, ziyonga ishlayotgan Bavariyadagi ishlab chiqaruvchini xarid qilishni hech istamayotgandi. Hech kim, Maykl Toynerdan bo‘lak.

Foto: Levon Biss for Forbes

O‘z karerasini Shenbrunn saroyida turistlarga muzqaymoq sotishdan boshlagan avstriyalik ishbilarmon Apple va Samsung bilan tuzilgan bitimlar sababli, zavodga tikilgan 40 mln dollarini o‘n xonali songa aylantira oldi va ilk marta Forbes boylari ro‘yxatiga kirdi.

Bavariya yaqinidagi Nerdlingen shahridagi o‘rta asrlardan buyon saqlanib kelayotgan konferens zalda milliarder Maykl Toyner mitti batareykani o‘ynab o‘tiribdi. Chaqadek keladigan bu qurilma — texnologik mo‘jiza. Uning aylanasi bir santimetrdan sal ziyod, lekin hajmi 10 barobar katta oddiy maishiy batareykaga nisbatan 100 barobar ko‘proq energiyani o‘zida saqlay oladi. U 15 daqiqada to‘liq quvvatlanadi, so‘ngra 5 soat davomida qayta quvvatlanmasdan ishlab bera oladi. Bu qurilmaning dastlabki versiyalari Nil Armstrongning kamerasini u Oyga «Apollon-11» bilan qo‘ngan chog‘da quvvatlantirgan. Hozirgilari esa Apple AirPods Pro simsiz quloqliklarida ishlatiladi.

Bu akkumulyatorlar  — haqiqiy moliyaviy mo‘jiza hamdir. 2007 yilda Toyner ularni ishlab chiqaruvchi Varta kompaniyasini bor-yo‘g‘i 40 mln dollarga sotib olgan. Ikki yarim yil muqaddam seriyali ishlab chiqaruvchi tadbirkor va venchur kapitalist kompaniyani Frankfurt fond birjasiga chiqardi. Hozir uning bozor qiymati 2,8 milliard dollar, uning 56 foizi Toynerga tegishli. Commerzbank’ning baholashicha, premium-klassdagi simsiz quloqliklar uchun akkumulyatorlar bozorining 50 foizdan ziyodrog‘i Varta ulushiga to‘g‘ri keladi.

AirPods Pro’ning savdolari, shuningdek Samsung, Jabra va Sony bilan tuzilgan bitimlar Varta’ga 2019 yilda tushumni 34 foizga oshirib, 400 mln dollarga yetkazish imkonini berdi. Kompaniyaning muvaffaqiyatlari va Toynerning investitsion bilimlari (Avstriya matbuoti uni «Mister 300 foiz» deb ataydi) 6 farzandning otasi bo‘lmish 54 yoshli tadbirkorga ilk marta Forbes milliarderlari ro‘yxatiga kirish imkonini yaratdi. Yangi reyting uchun hisob-kitoblarda uning boyligi 1,9 mlrd dollar deya baholangan.

«Mikroakkumulyatorlar sharofati bilan biz yiliga 50-60 foizdan oshib boradigan bozor yetakchisiga aylandik, — deydi Toyner. — O‘n yildan so‘ng garniturasiz smartfonlar qolmaydi. O‘sish istiqbollari juda ulkan».

Toynerning Varta’si — 1887 yilda asos solingan gigant nemis sanoat konsernining omon qolgan bir parchasidir. Konsern kengayib, farmatsevtik preparatlar, kimyoviy moddalar, plastmassa va albatta batareykalar ishlab chiqargan. Birinchi jahon urushidan so‘ng kompaniyaning katta qismini BMW avtokonsernining eng ta'sir kuchi katta aksiyadori sifatida mashhur milliarder Kvandtlar oilasi sotib olgan. Oradan qariyb bir asr o‘tgach Varta’ning farmatsevtika va kimyo biznesi tugagach, Deutsche Bank va Kvandt oilasi merosxo‘rlari kompaniyani bo‘laklab sota boshlashdi. Akkumulyatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha biznesning katta qismini Rayovac va Johnson Controls sotib oldi. Eshitish apparatlari uchun mikroakkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi kichik korxona eng so‘nggi bo‘lib sotilgan.

«Men yagona nomzod edim, chunki Varta’ni sotib olishga hech kim jazm qila olmayotgan edi, — deb hikoya qiladi Toyner. — Ular menga pul oqimi manfiy bo‘lgan korxonani sotishgan edi. Vaziyat o‘zgarishi kerak edi, chunki bizda Apple bilan shartnoma bor edi. Biroq bir yil o‘tar-o‘tmas, kichkina batareykalardan biri portladi. Biz Apple bilan shartnomani yo‘qotdik. Kompaniya kasod bo‘lish yoqasiga kelib qoldi. Bank asabiylasha boshladi, men kreditni restruktizatsiya qilish bo‘yicha muzokara boshladim, chunki biz foiz ham to‘lolmay qoldik».

Apple iPod Nano’da portlagan batareyka Varta’ni litiy-polimer akkumulyatorlarga 60 mln dollar investitsiya kiritish fikridan qaytardi. Toyner va Varta’ning bosh direktori Herbert Shayn ikki barobar kuch bilan kattaligi chaqadek keladigan litiy-ion batareykalarga yopishishdi: ular arzon ishchi kuchiga ega osiyolik raqobatchilarga qarshi turish uchun ishlab chiqarishni avtomatlashtirishdi, akkumulyator quvvatini sezilarli darajada oshirish uchun tadqiqotlarga xarajatlar qilishdi.

Varta direktorlar kengashining azaliy a'zosi Sven Kvandtning aytishicha, uning oilasi kompaniyani sotib olish ehtimolini ko‘rib chiqishgan, lekin faqatgina Toyner kichkina ishlab chiqaruvchini jahon yetakchisi darajasiga chiqara olishga qodir edi. «Bu kompaniya yirik biznesga tegishli edi, — deydi u. — Odamlar foyda haqida kamroq o‘ylab, ko‘proq ishonchlilik va biznesni rivojlantirish haqida qayg‘urishardi. Maykl o‘sish uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘ldi».

Akkumulyatorlar olami va Kremniy vodiysi bilan manfaatli shartnomalar turistlarga muzqaymoq sotish bilan o‘z ishini boshlagan kosmopolit-tadbirkorga sira yarashmaydigan mutlaqo kutilmagan joy ko‘rinadi.

1400ta xonasi bo‘lgan Shenbrunn saroyi uch asr mobaynida Avstriyadagi hukmdor sulola — Gabsburglarning yozgi qarorgohi bo‘lib xizmat qilgan. Endi esa u Venaning eng asosiy osori-atiqalaridan biri. Bu yerda Toynerning ishbilarmonlik karerasiga tamal toshi qo‘yilgan. Vena iqtisodiy universitetida huquq va boshqaruvni o‘rganib yurgan 1991 yilda Toyner saroy hududidagi ko‘shkda muzqaymoq bilan savdo qilish huquqini qo‘lga kiritadi.

Toyner yosh edi, shoshilmasdan muzqaymoq savdosidan tushgan tushumlardan kommunistlardan keyingi Vengriyaga oshxona mikserlarini masofadan turib sotishni, Venada tungi klublar ochish, shuningdek, mebel do‘konlari tarmog‘ini yo‘lga qo‘yadi.

«Muzqaymoqda rentabellik akkumulyatorga ko‘ra yuqoriroq, shu sababli u mening ishbilarmonlik faoliyatimda yaxshigina poydevor bo‘lgan, — deydi Toyner. — Bu juda telba davrlar edi, men 23-24 yoshda edim, barcha loyihalarim muzqaymoq va bir necha kreditlar evaziga moliyalashtirilgan edi. Men kasodga uchrashimga bir baxya qoluvdi».

Biznesni boshqarish va yurisprudensiya bo‘yicha Ph.D. darajasini olgan Toyner o‘z aktivlarini sotib, Venada o‘zining venchur fondini tashkil qiladi. U Vengriyadagi qimorbozlik o‘yinlari o‘tkazadigan, 2000 yilda birjaga 242 mln dollar baho bilan chiqqan Bwin onlayn-portaliga omadli pul tikdi.

«Maykl va pullar — bu xuddi Motsart va musiqadek gap, — deydi Toyner bilan birgalikda Bwin’ni va bir necha boshqa loyihalarni ishga tushirgan, to‘yida uning kuyovjo‘rasi bo‘lgan Manfred Bodner. — U pullarni sevadi va ularni ishlab topishdan lazzatlanadi».

Toyner Bwin’da o‘z ulushini sotib yuborib, o‘zining Starbet o‘yin kompaniyasiga asos solgach, do‘stlar to‘rt yil mobaynida gaplashmay qo‘yishgan. «Maykl juda dovyurak, — deya davom etadi Bodner. — U bilan hamkorlik qilish oson emas. Juda ko‘pchilik bunda qiynaladi».

Maykl Toyner. Foto: Forbes

Toynerning o‘zi ham murakkab davrlarni boshidan kechirgan. Unga ijtimoiy turar-joylarni arzon narxda xarid qilish bo‘yicha bitimlarda soliq to‘lovchilarning 43 million dollar pulini o‘g‘irlaganlik bo‘yicha ayblov e'lon qilishgan. U o‘zining aybini inkor etadi, biroq surishtiruv davomida Avstriya matbuoti sarlavhalarida tez-tez ko‘zga tashlana boshlaydi.

Akkumulyatorlar ishlab chiqarish ham oson ketayotgani yo‘q: Samsung va Varta’ning boshqa mijozlari Xitoyning Eve Energy va MIC-Power ishlab chiqaruvchilarining arzon akkumulyatorlaridan foydalana boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Bu tahlilchilar va investorlarda tashvish uyg‘ota boshladi. Varta fevral oyida patent shartlari buzilganini da'vo qilib, Texasdagi sudga murojaat qildi. Biroq, texnologiyalar atrofidagi bahs-munozaralar sudda kamdan-kam hollarda g‘alaba bilan yakunlanadi.

«O‘ylashimcha, nemis kompaniyalari o‘zlarining osiyolik raqobatchilari salohiyatiga ayrim hollarda yetarli baho berishmaydi, taassufki, Varta ham aftidan shu xatoga yo‘l qo‘ydi», — deydi Commerzbank tahlilchisi Stefan Klepp.

Warburg Research tahlilchisi Robert-Yan van der Horst Varta’ning nihoyatda yuqori marjinalligi raqobatchilari tufayli qisqara borsa-da, biroq ishlab chiqarishni avtomatlashtirish uchun sanoat robotlariga kiritilgan yirik investitsiyalar Bavariyadagi fabrikada «Germaniyada ishlab chiqarilgan» belgisi ostida akkumulyatorlar ishlab chiqarish hali davom etishini aytdi. Van der Horstning ta'kidlashicha, eshitish apparatlari uchun batareykalar ishlab chiqarishga moslashgan Varta’ning ko‘hna biznesida «yiliga 1,4 million akkumulyator ishlab chiqarish uchun 10 kishi band». Varta akkumulyatorlari ishlab chiqarish shu darajada samarali.

Kelajak qanday sovg‘a tayyorlagan bo‘lmasin, Toyner o‘zining texnologiyasi Varta’ga yetakchi pozitsiyalarni saqlab qolishiga ishonchi komil. «Bizda sifat yuqori, shuning uchun yuqoriroq narx belgilay olamiz, — deydi u. — Apple yoki Samsung quloqchinlari katta pul turadi. Uning eng asosiy detali bo‘lmish akkumulyator esa esa 5 yevro. Lekin u 8 oydan so‘ng ishlamay qolsa esingizdan og‘ib qolasiz». 

Mavzuga oid