Iqtisodiyot | 06:08 / 15.04.2020
88023
4 daqiqa o‘qiladi

Intervyu: Bosh vazir o‘rinbosari pandemiya inqirozidagi muammo va yechimlar haqida

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda infeksiya tarqalishini deyarli bir oy davomida sekinlashtirib, bu vaqtdan davolash o‘rinlarini ko‘paytirish, chet davlatlarning davolash tajribasini o‘rganish va joriy qilishda unumli foydalanilgani haqida gapirdi.

Shu bilan birga, karantin davrida hukumatning ikkita iqtisodiy ko‘mak paketi tanishtirildi.

Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Kun.uz'ga bergan intervyusida hukumatning iqtisodiy-moliyaviy bloki pandemiya ortidan paydo bo‘lgan inqirozni yengib o‘tish, uning oqibatlarini yumshatish haqida fikr va mulohazalarini bildirdi.

«Men ham shu mamlakat fuqarosiman, oilam bor. Men ham karantinning falon sanada tugab, hamma ko‘chaga chiqishini istayman. Lekin pandemiyani tushunish, uning ichki harakatlantiruvchi kuchini bilish qiyin bo‘lyapti. U birdan falon sanada to‘xtamaydi. Hayotning avvalgi iziga tushib ketishi haqida gapirsak, o‘ylaymanki, bu bosqichma-bosqich amalga oshadi. Bu jarayon shaharlar, hududlar bo‘yicha farqlanishi mumkin.

Misol uchun, prezidentimiz talab qo‘yyapti: karantin talablarini «temir intizom» kabi bajarish lozim. Shu bilan birga imkon doirasida, ishlab chiqarish yo qurilishni davom ettirish masalasi bor. Ya'ni, texnologik jarayonlarni to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan, jumladan, elektr energiya ishlab chiqarish, suv yetkazib berish sohalari faoliyati to‘xtab qolmasligi kerak.

Yana shunday korxonalar borki, ishchilar bir-biriga yaqin ishlamaydi. Xodimlar uchun yotoq hozirlab, sanitariya talablari asosida ish tashkil etish imkoniyati mavjud korxonalar ham bor.

Mening fikrimcha, qo‘pol qilib aytganda, xizmat ko‘rsatish sohasi so‘nggi o‘rinlarda qayta jonlanadi. Xalqaro aloqalar, turizm, havo almashinuvi masalasi ham kechroq qayta yo‘lga qo‘yiladi. Bu ham tashqi omillarga bog‘liq: qaysidir davlat ertaroq hamma masalalarni hal qilishi mumkin. Baribir, mening fikrimcha, turizm va xalqaro aloqalar faoliyati qayta tiklanishi eng quyi o‘rinlarda turibdi», deya qayd etdi u.

Qo‘chqorovning aytishicha, karantin davrida oziq-ovqat ishlab chiqarishi va qishloq xo‘jaligida ishlar to‘xtamadi. Shuningdek, birinchilardan bo‘lib, qurilish sohasi o‘z faoliyatini qayta tiklashga nomzod bo‘lib turibdi.

«Xususiy sarmoyadorlarga aytyapmizki, agar talablarni bajarsa, faoliyatini qayta tiklashi mumkin. Talablar qanday? Ishchilar uyga qaytmaydi, yotoq tashkil etib, tibbiy nazoratga olinadi va sanitariya qoidalariga rioya qilinadi», deydi Bosh vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari mahsulot tashib ketayotgan yuk mashinalari harakati cheklanmasligi to‘g‘risida qat'iy talabini bildirgan. Shu bilan birga, viloyatlararo oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish ishiga xalaqit qilinmaydi.

Intervyuning to‘liq holda video formatda tomosha qiling. Unda inqirozda aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha hukumat rejasi, banklarni saqlab qolish uchun harakat, oziq-ovqat narxining oshib borishi haqida fikr yuritilgan.

Mavzuga oid