Jahon | 19:37 / 15.04.2020
23614
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi samolyotning halokatida uchuvchi ayblanmoqda

Rossiyaning Tergov qo‘mitasi 2019 yil 5 may kuni Moskvada halokatga uchragan «Suxoy Superjyet 100» samolyoti uchuvchisi Denis Yevdokimovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini yakunladi.

Foto: TASS / Fedor Malinin

U Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 263-moddasi 3-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatni (havo transporti ekspluatatsiyasi va harakati xavfsizligini buzish natijasida inson sog‘lig‘iga zarar yetkazish, 2 yoki undan ortiq shaxsning o‘limi, katta miqdorda zarar keltirish) sodir etganlikda ayblanmoqda.

Tergov qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, Moskva – Murmansk yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan havo kemasi sardori Sheremetevo aeroportiga qaytish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagiga qo‘pol qo‘nishni amalga oshirgan. Yevdokimov havo kemasini boshqarish bo‘yicha keyingi harakatlari bilan belgilangan qoidalarni buzgan, natijada, 40 yo‘lovchi va ekipajning 1 xodimi o‘limiga sabab bo‘lgan. Yonib ketgan samolyot bortida jami 78 kishi bo‘lgan: ulardan 3 nafari voyaga yetmaganlar va 5 nafari ekipaj a'zosi.

Jinoyat ishi doirasida yong‘in-texnika, uchish, aviatsiya-texnika va boshqa sud ekspertizalari o‘tkazilgan. Natijada yuz bergan voqea tafsilotlari tiklangan. Tergov jarayonida Sheremetevo aeroportining dispetcherlik xizmati va qidiruv, avariya-qutqaruv xizmati faoliyati ham tekshirilgan. Yuz bergan jarayonga ularning ta'sir qilish imkoniyati yo‘q bo‘lgani aniqlangan.

«Tergovchilar va mutaxassislar tomonidan halokatga uchragan havo kemasining bort registratorlari ma'lumotlari o‘rganildi. Natijada, samolyot parvoz vaqtida uchuvchining boshqaruv harkatlariga to‘liq bo‘ysungani aniqlandi. Bu ma'lumotlar havo kemasining nosoz ekani haqidagi taxminni inkor qiladi», - deyiladi Tergov qo‘mitasi bayonotida.

Tergov qo‘mitasi ayblov xulosasini tasdiqlatib olish maqsadida jinoyat ishini Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasiga yuborganini ma'lum qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid