O‘zbekiston | 20:14 / 17.04.2020
7970
3 daqiqa o‘qiladi

Karantin davri cho‘zilib ketsa ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ta'minotida taqchillik bo‘lmaydi – vazir o‘rinbosari

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yetarli miqdorda. Karantin muddati cho‘zilib ketgan taqdirda ham aholini mahsulotlar bilan ta'minlashda yetishmovchilik bo‘lmaydi.

Foto : KUN.UZ

Bu haqda 17 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev ma'lum qildi.

“Respublikada karantin muddati maboda cho‘zilib ketsa, aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlashda yetishmovchiliklar bo‘lmaydi. Bunga zaxiramiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli. Chunki janubiy viloyatlardagi mirishkor dehqonlarimiz dalalarida aprel oyining birinchi dekadasidan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, piyoz, kartoshka, sabzi, karam, ko‘katlar bozorlarimizga yetkazib berila boshladi.

Shuningdek, respublikaning barcha hududlaridagi issiqxonalarda yetishtirilayotgan pomidor, bodring, qalampir va baqlajon mahsulotlari uzluksiz ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda. Bugungi kunda respublika hududlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmi kundan-kunga ortib borishi natijasida ichki va tashqi bozorlarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi”, deya Saidkamol Xo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosarining ta'kidlashicha, tibbiy me'yorlar bo‘yicha aholining meva-sabzavotlarga bo‘lgan talabi 10 mln 300 ming tonnani tashkil etadi. Shundan kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoj 1 mln 784 ming, sabzavotlar 4,4 mln tonna, mevalar 2,5 mln tonna, uzum 593 ming tonna, poliz mahsulotlari 583 ming tonna, dukkaklilar 115 ming tonna, guruch 332 ming tonnadan iborat.

“Viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta'minlash, bozordagi narxlarni barqaror saqlab turish, qayta ishlash va eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha har bir tuman kesimida dastur qayta tayyorlandi.

Bunda 2020 yilda 24,8 mln tonna 88 turdagi meva-sabzavotlar, shundan 12,9 mln tonna 42 turdagi sabzavot, 5 turdagi 2,5 mln tonna poliz mahsulotlari, 3,5 mln tonna kartoshka, 3,3 mln tonna 27 turdagi meva,

1,9 mln tonna 3 turdagi uzum, 630 ming tonna 4 turdagi dukkakli o‘simliklar va 139 ming tonna 6 turdagi moyli mahsulotlar yetishtirish belgilab olindi.

Aholi talabi va eksport imkoniyatlarini hisobga olib, yetishtirilgan mahsulotlarning 10,3 mln tonnasi aholi iste'moliga, 3,2 mln tonnasi qayta ishlashga va 2,3 mln tonnasi eksportga yo‘naltiriladi”, dedi u.

Mavzuga oid