O‘zbekiston | 14:06 / 17.04.2020
93347
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda virus aniqlanmagan hudud yo‘q. Toshkentdan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichlar Buxoro va Xorazmda

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlarining hududlar kesimi bo‘yicha yangi ma'lumotlarni taqdim etdi.

Ma'lum qilinishicha, 17 aprel holatiga ko‘ra kasallanish holatlari eng ko‘p qayd etilgan hudud Toshkent shahri bo‘lib qolmoqda (Toshkent viloyatidagi bemorlar ham shu hisobda). 

Kasallanish holatlari aniqlanishi bo‘yicha keyingi eng yuqori ko‘rsatkich Buxoro viloyatiga tegishli. Shu vaqtgacha viloyat hududida jami 376 kishida kasallik qayd etilgan. Qayd etish kerakki, bu viloyatdagi holatlarning barchasi xorijdan evakuatsiya qilinib, karantinga joylashtirilganlar bilan bog‘liq. Shu vaqtgacha bu hududda 39 kishi koronavirusdan sog‘aygan.

Bu borada keyingi ko‘rsatkich esa Xorazm viloyatida qayd etilgan - 177 bemor. Shu vaqtgacha ulardan 3 nafari sog‘aygan va reabilitatsiyaga kuzatilgan.

Shuningdek, Andijon (126), Namangan (89) va Farg‘ona (86) viloyatlarida ham nisbatan ko‘p bemorlar qayd etilgan.

Vazirlikning rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatida ham koronavirusga chalingan bemorlar bor. Shu tariqa, ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirus qayd etilmagan hudud yo‘q.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati - 420 holat
Buxoro viloyati - 376 holat
Xorazm viloyati - 177 holat
Andijon viloyati - 126 holat
Namangan viloyati - 89 holat
Farg‘ona viloyati - 86 holat
Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 58 holat
Surxondaryo viloyati - 23 holat
Samarqand viloyati - 8 holat
Qashqadaryo viloyati - 6 holat
Sirdaryo viloyati - 6 holat
Jizzax viloyati - 3 holat
Navoiy viloyati - 2 holat

O‘zbekistonda koronavirusga chalinishning ilk holati 15 mart kuni tasdiqlangandi. 17 aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 1380taga yetgan.

Vazirlik tomonidan qayd etilishicha, ushbu ro‘yxatdagilarning aksar qismi dastlab karantinda bo‘lgan va kasalligi tasdiqlangach hududdagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga davolash uchun joylashtirilgan.

Shu vaqtgacha tuzalgan bemorlar soni 140 nafarga yetgan, 4 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarning epidemiologik marshruti bilan tanishish imkonini taqdim etgandi.

Mavzuga oid