Jamiyat | 14:45 / 21.04.2020
30272
8 daqiqa o‘qiladi

Xalqni yomon ko‘rish mumkinmi? Ijtimoiy tarmoqlardagi ba'zi tasarruflar haqida

Xalq - keng tushuncha. Unga munosabat ham. «Xalq bitta odam emaski, unga nisbatan yaxlit bir munosabatga o‘rin bo‘lsa», - deydi kimdir. Ha, xalq bu - millionlar. Ammo, lekin, biroq...

O‘sha «xalq» deb atalmish millionlarni umumlashtiruvchi, birlashtiruvchi tarixiy, ijtimoiy va... ma'naviy omillar bo‘ladi. Aynan o‘sha omillar sabab biz xalqqa «jon» ato qilamiz, kishiga xos bo‘lgan xususiyatlar bag‘ishlaymiz, unga go‘yo bir shaxsdek munosabatda bo‘lamiz, o‘zimiz mansub bo‘lgan xalqni hatto «ona» deb ataymiz.

Buning tagida esa chuqur ma'no bor — bizning o‘z xalqimizga munosabatimiz qanday bo‘lsa, xalqimizga mansubligimiz ham shu darajada bo‘ladi. Aynan o‘z xalqimizga bo‘lgan munosabatimizga qarab xalqimiz bilan ko‘rinmas rishtalar ila mustahkam bog‘lanamiz yoki... rishtalarga putur yetkazamiz. Kishining o‘z xalqi bilan rishtalari uzilishi esa ona-bola o‘rtasidagi rishtalar uzilishiga o‘xshaydi. Bu esa... cheksiz musibat.

Xalq bu — millionlar, ichida yaxshisi ham bor, yomoni ham, ammo xalqning umumiy timsoli — yuzi bo‘ladi. O‘zbek xalqining ham... yuzi bor. Bu yuzni o‘zbekning jamlovchi xususiyatlari shakllantiradi. O‘zligini unutib qo‘yayozgan, foyda-zararini anglashga ojizlik qilib qolgan kishining horg‘in yuzi — ayni xalqimizning yuzi.

O‘zbekiston tarixining yangi bosqichi «xalq bilan muloqot» shiori ostida boshlandi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Davomli o‘zaro uzoqlik davridan keyin davlat va xalq o‘rtasida bunday ko‘rinish olgan yangi shior xalq etini jimirlatgandi o‘shanda. «Endi bizni tinglasharkan», degan xitob ichlarda yangradi, «portal» so‘zi esa eng mashhur so‘zlardan biriga aylandi. Xalq ichida yotgan dardni qabul qiluvchi, fantastik hikoyalardagi kabi «portal» ochildi go‘yo. Xalq uchun bu katta hodisa bo‘ldi.

Ana shunda bilindiki, xalq o‘z dardini aytishi uchun ham ko‘nikmasi bo‘lishi kerak ekan, zero xalq hatto dardini to‘g‘ri aytishni ham... unutib qo‘ygan ekan. ­­

Nuqul ­­boshida kaltak sinib kelgan, mehnatga majburlangan, so‘zi inobatga olinmagan, holi bir ko‘ydan boshqasiga solingan, «kun ko‘rmagan» yosh bolani ko‘z oldingizga keltiring... Ayanchli manzara-ya? Endi shu bolaning dunyoqarashi, voqelikka, narsalarga munosabati, foyda-zararini bila olish qobiliyati qay ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur eting... Bir yegulik topib olsa yashirib yeydigan, «tiq» etsa cho‘chib tushadigan, foydasini tushuntirsangiz tushunmay ko‘zini mo‘ltillatib turadigan mavjudot ko‘z oldingizga keldi shu tobda, shunday emasmi?

Xalqimizning holi o‘sha — tasavvurimizdagi bolaning ahvolidan ko‘p ham farq qilmas edi...

Endi bir kun kelib shu boladan muammolari so‘raldi, «dardingni ayt» deyildi deb, tasavvur eting... Qay holga tushadi u? Axir, u uchun bu ajib holat.

«Xalq bilan muloqot» yili e'lon qilinishidan keyingi holat go‘yo yiring to‘plab yotgan yaraning yorilishi bo‘ldi. Tabiiyki, yara yorilganda yiring bir o‘zan bo‘yicha — tartibli oqmaydi, balki atrofga sachrab, ko‘ngilni xira qiladi. Tabiiyki, so‘ziga, fikriga, dardiga uzoq muddat quloq tutilmagan xalqning holati ko‘rgazmali bo‘lishi mumkin emasdi, haligi bizning tasavvurimizdagi bolanikiga o‘xshashi aniq edi. Va bunga u — «bola»... aybdor emas.

Ijtimoiy tarmoq va elektron nashrlarda oddiy xalq ichidan chiqqan ba'zi tasarruflar ustidan istehzolar, ba'zida esa nafrat to‘la so‘zlarni uchratish mumkin. Haqqini balki endi taniy boshlagan xalqning o‘z haq-huquqini himoya etish uchun qilayotgan no‘noq urinishlari davra o‘rtasiga tashlanib, «ommaviy qoralash», sazoyi qilish manzaralari ko‘rinish beryapti. Buni ko‘rib bexosdan «kimni sazoyi qilyapsizlar?!», deb yuborging keladi kishi...

«Xalq» tushunchasi «ona» tushunchasi bilan mushtarakdir. Zotan, xalqning umumiy holiga, jamlovchi sifatlariga xos bo‘lgan tasarruflarni istehzo qilish bu go‘yo onaning holini istehzo qilishdir — onangiz ojizlashib qolsa, uni istehzo qilmaysiz-ku?!

Nega bu haqda hozir yozyapman, mavridimi buning?

Ijtimoiy tarmoq va elektron nashrlar sahifalarida o‘rin olayotgan ba'zi chiqishlar orasida, yuqorida tilga olingan sazoyi qilish manzaralaridan tashqari, ommaga qaratib «odamlar undoq, xalq bundoq, noshukr, yaxshilikni bilmaydi», kabi gaplar ko‘paydi, alal-oqibat esa bir tendensiya, ya'ni muammolar gapirilayotganda «xalqning o‘zi yomon» degan ma'noga og‘ib ketish yuz beryapti. Xatarli og‘ish. Buning nimasi xatar?

«Xalqning o‘zi yomon» degan tushuncha sekin-asta, bildirmasdan ong ostiga singigandan keyin iziga qaytishi qiyin bo‘lgan yashirin salbiy jarayon boshlanadi. O‘ta salbiy ma'naviy jarayon. Bu jarayon natijasida kishilar o‘rtasida ma'naviy rishtalar uziladi, odamlar o‘zlarini xalqdan ayri ko‘ra boshlashadi, «ommaviy manfaat» degan tushunchaga jiddiy putur yetadi: mansabdorlar o‘zlarini xalq xizmatchisi hisoblamay qo‘yishadi, zero «yomon odam xizmat ko‘rsatishga arzimaydi...»

Ayni shu narsaga biz yaqin o‘tmishda duchor bo‘lgan edik va... endigina bundan qutulyapmiz.

Xalqning tom ma'noda XALQ bo‘lishining botiniy sabablaridan biri o‘zi ayni shu narsa — «xalq» tushunchasini ehtirom etish, o‘zni umumxalq tanasining bir «hujayrasi» deb tasavvur etish, xalqning kamchiligi haqida gapirganda ham, achinib gapirish...

«Xalqning o‘zi yomon» degan yashirin kayfiyat jamiyat hayotining barcha taraflariga ta'sir etadi — bittasini qoldirmasdan. Uning ta'sirida shakllanadigan xalqqa nisbatan ishonchsizlik qaror qabul qiluvchilarga ham bevosita ta'sir etib, qabul qilinadigan hayotiy qarorlarning mohiyatini o‘zgartirib yuboradi: xalqning imkoniyatlariga past nazar bilan qaraladi.

Oddiy xalqqa xos bo‘lgan umum belgilarni sazoyi qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak, zero bunda xalqni yomon ko‘rishga o‘tib ketish hech gap emas. Va bu qandaydir xayoliy go‘zallik uchun kerak bo‘lgan narsa emas, balki ayni hayotiy zaruratdir — yashab qolish uchun kerak bu. «Ona»ga oq bo‘lib qolib, musibatga uchramaslik uchun kerak bu...

Shokir Sharipov

Mavzuga oid