«Eng yomoni hali oldinda». JSST rahbari karantinni yumshatayotgan davlatlarni ogohlantirdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus koronavirus bilan bog‘liq eng yomon holatlar hali oldinda bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
«Bizga ishoning, eng yomoni hali oldinda. Bu fojianing oldini olaylik. Bu virus mohiyatini hali ko‘pchilik tushunib yetmagan. Juda rivojlangan davlatlar ham vaziyatni oldindan to‘g‘ri baholay olmagani uchun muammolar ichida qoldi», dedi u 21 aprel kuni tashkilotning Jyenevadagi bosh shtab-kvartirasida so‘zlagan nutqida.
Gebreisus JSST rivojlangan davlatlarni virus xavfidan o‘z vaqtida ogohlantirganini ta'kidladi.
«Biz ularni ham ogohlantirgan edik. Virus rivojlangan davlatlar uchun ham «syurpriz bo‘lishini» aytgandik. Va shunday bo‘ldi ham. Boy millatlar uchun ham virus «syurpriz» bo‘lishi haqida ogohlantirgandik. Bu gaplarning hammasi yozuvda saqlangan», dedi bosh direktor.
«Fojiani to‘xtataylik. 100 minglab odamlar o‘layotgani jiddiy masala. Bir inson hayot ham biz uchun muhim. Bo‘ldi, shuncha talafot yetarli», deya qo‘shimcha qilgan Gebreisus.
U karantin tartiblarini bosqichma-bosqich bekor qilayotgan davlatlarni ogohlantirib, «cheklovlarni yumshatish pandemiya tugaganini anglatmasligi»ni qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp JSSTni pandemiya vaqtida o‘ziga berilgan vazifani uddalay olmaganlikda, virus haqidagi ma'lumotlarni yashirganlikda ayblagan va tashkilotning AQSh tomonidan moliyalashtirilishi to‘xtatilganini ma'lum qilgan edi.
JSST rahbari bunga javoban tashkilot hech qanday ma'lumotni yashirmaganini, ma'lumotlarni yashirish insoniyat salomatligi uchun xavf ekanligini aytgan edi.
«AQShning Kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish markazi xodimlari ham bizning tashkilot ishiga biriktirilgan. Bu tashkilot faoliyatining shaffofligini bildiradi. Markaz xodimlari ham biz ma'lumotlarni zudlik bilan barchaga taqdim etishimizni bilishadi», degan edi Gebreisus ushbu ayblovlarga javoban.
Mavzuga oid
19:15 / 15.11.2024
JSST: 2018 yildan beri dunyoda tibbiyot muassasalariga 7,4 mingdan ortiq hujum uyushtirildi
18:19 / 13.11.2024
JSST maktab o‘quvchilariga yuklama ortib borayotganidan xavotirda
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
17:48 / 01.11.2024