Harvardda O‘zbekiston haqida yozilgan birinchi to‘liq keys nashrdan chiqdi
O‘zbekistonlik iqtisodchi – Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilovning hammualliflikdagi qo‘llanmasi Harvard biznes maktabi o‘quv rejasiga kiritilishi kutilmoqda.
Botir Qobilov professor Jonas Xiz bilan hamkorlikda «O‘zbekiston kapital bozorini qurish» nomli o‘quv qo‘llanmasini ishlab chiqdi.
Ushbu qo‘llanmadan Harvard biznes maktabining «Biznes tahlili va uni baholash» kursida foydalanish rejalashtirilgan.
Qo‘llanma talabalarga birmuncha vaqt oldin xalqaro hamjamiyatga ochilgan, rivojlanayotgan kapital bozoriga misol sifatida tavsiya etiladi. Unda yirik salohiyatga ega mamlakatda kapital bozorining paydo bo‘lishi haqida so‘z boradi.
Qo‘llanmada kapital bozorini muvofiqlashtirish sohasidagi kamchiliklar, jumladan, kapital bozorini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning ko‘pligi, aholi moliyaviy savodxonligining pastligi, emitentlar faoliyati haqidagi ma'lumotlarni o‘z vaqtida ochiqlash tizimi, moliyaviy hisobot standartlarining xalqaro standartlarga to‘liq mos kelmasligi kabi kamchiliklar ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Kapital bozorini rivojlantirish agentligining bir qator xalqaro moliya institutlari, xorijiy regulyatorlar bilan hamkorlik o‘rnatib, bitimlar imzolagani ham tahlil etilgan.
Hammuallif Botir Qobilov qo‘llanmaning yaratilishi haqida shunday deydi:
«Harvardda asos solingan, dunyoga mashhur «case-method», ya'ni biznes-keys asosida dars berish metodologiyasi mavjud. Bu kabi keyslarni avval ko‘p o‘qiganman, hatto o‘z vaqtida Dyuk va Stenford universitetlarida bakalavr yo‘nalishdagi talabalarga Kleyton Kristensenning keyslari bo‘yicha kursga assistentlik qilgan edim.
Bu dars berish usulida o‘quv qo‘llanma yoziladi, unda jamoa, biznes, sanoat yoki hukumat oldida turgan real vaziyatlar, yechilishi kerak bo‘lgan masalalar bayon qilinadi. Darsdan avval va dars jarayonida talabalar bir-birlari bilan muhokama qilib, yechimlarni taklif qiladilar va tavsiyalar berishadi. Darsning oxirida esa o‘sha qo‘yilgan vaziyat qanday yakun topgani professor va keysda tilga olingan mehmon tomonidan e'lon qilinadi va talabalar xulosa qiladilar.
Dars jarayoni juda qiziq va interaktiv o‘tadi, professorlar leksiya o‘tmaydi va har bir talabaning qatnashishi talab etiladi.
Qisqasi, umuman O‘zbekiston haqida, u yerdagi biznes yoki iqtisodiyoti haqida hali birorta keys yozilmagan ekan. Harvardga kelganimdan beri bu haqda yozishga niyat qilgandim. Yaqinda hammuallif professor bilan birinchisini chop etdik. Bu – Harvard tarixida O‘zbekiston haqida to‘liq yozilgan birinchi keys.
Keysda O‘zbekiston haqida, iqtisodiyoti, islohotlar haqida qisqa va xolisona ma'lumot berilgan. Eng asosiy mavzu – kapital bozori yangidan isloh qilinayotgani, uning istiqbollari va ushbu jarayonlarda Kapital bozorini rivojlantirish agentligining o‘rni.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda kapital bozori, undagi ishtirokchilar, qonunchilik, aholining moliyaviy savodxonligi, shaxsiy mulkning daxlsizligi va boshqa omillar tilga olinadi. Rivojlanayotgan mamlakatda kapital bozorining deyarli noldan boshlab isloh qilinishi bu qiziq jarayon va eksperiment desa ham bo‘ladi. Talabalar uchun bu o‘rganish uchun yaxshi imkoniyat, nima qilish kerak, nima qilish kerak emas va hokazo.
Ushbu keysni keyingi semestrda MBA yo‘nalishida tahsil oladigan 1000dan ortiq talaba uchun majburiy o‘quv darsligi sifatida kiritamiz. Eng muhimi, bu keys bizda o‘quv darslik bo‘lib, bir necha yil davomida ishlatiladi.
Boshqa universitetlar yoki o‘qituvchilar uni olib o‘zlarida dars berishlarini ham hisobga olsak, ushbu keysning qamrovi keng.
Forbes, Financial Times, Wall Street Journal kolonkasida yoki reklama qismida chop etiladigan O‘zbekiston haqidagi ma'lumotlardan ko‘ra, ushbu keysning qamrovi kengroq va mazmunliroq.
Shuni alohida ta'kidlab o‘tishim kerak, Harvardda har qanday keys faqat professor va tadqiqotchilar tashabbusi bilan, faqat darsda muhokama qilish uchun yaratiladi. Ushbu keyslar dastlabki ma'lumotlarning manbalari, ularni tasdiqlash, boshqaruvning, shaxslarning samarali yoki samarasizligini namoyish etish va uni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallanmagan. Keys neytral va xolisona yoziladi.
Bu keysni Harvard Business Publishing chop etgani bu universitetning O‘zbekistonga qiziqishini ifodalaydi, deb balandparvoz yangiliklarni o‘ylab topishning hojati yo‘q. Universitet ma'muriyatining o‘quv jarayoniga hech qanday aloqasi yo‘q. Har bir professor mutlaq mustaqil va o‘zi beradigan darsga nimani kiritish kerak, deb hisoblasa, o‘shani kiritadi.
Keyslar universitetning mulki hisoblanadi va bu yerda mualliflik huquqlariga juda jiddiy qaraladi. Shuning uchun kanalimda, ommaviy axborot vositalarida va boshqa hech qayerda uni yozma va rasmiy ruxsatsiz tarqatish mumkin emas. Keysning to‘la mazmuni haqida keyinroq ma'lumot bersam kerak.
Xullas, ushbu keysning menga to‘g‘ridan to‘g‘ri manfaati yo‘q. Talabalarga, o‘quv jarayoniga va O‘zbekistonga foydasi tegadi, degan umidda va mamlakatni biroz bo‘lsa ham keng hamjamiyatga «taqdim etish» maqsadida yozgan edim. Masalan, bu kabi keyslar orqali mamlakatga qiziqish qaysidir ma'noda ortadi. Harvardda MBA, executive education yo‘nalishida o‘qigan har bir talaba – bu potensial investor, bozor ishtirokchisi. Men bunga Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar misolida shaxsan amin bo‘ldim.
Umid qilamanki, bu keys O‘zbekiston haqida men yozgan oxirgi o‘quv qo‘llanma emas».
Ma'lumot uchun, Harvard biznes maktabi – AQShning Massachusets shtati Boston shahrida joylashgan o‘quv muassasasi. 2019 yil boshidagi reytingga ko‘ra, MBA (Master of Business Administration – Biznes boshqaruvi magistri) dasturining o‘qitilishi bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinda qayd etilgan.
Mavzuga oid
16:42 / 11.11.2024
Kreml Putin va Tramp telefonda suhbatlashganini rad qildi
14:42 / 11.11.2024
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024