O‘zbekiston | 22:40 / 22.04.2020
53137
5 daqiqa o‘qiladi

Karantin poligonida 14 kun - taassurotlar

O‘zbekistonda koronavirusning oldini olish chora-tadbirlari doirasida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 20800 o‘ringa ega karantin zonasi qurildi. Charter reyslarda xorijdan olib kelingan vatandoshlar ushbu poligonda kamida ikki hafta saqlanmoqda.

Ushbu poligonda ikki hafta, undan oldin shifoxonada 16 kun karantinda bo‘lib chiqqan vatandoshimiz ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga ba'zi suratlarini joyladi. Kun.uz muxbiri u bilan bog‘lanib, karantin zonasidagi hayot haqida so‘zlab berishini so‘radi.

Avvalo aytish joiz, quyidagilar - faqat bir hamyurtimizning fikrlari. Karantin joriy etilgan dastlabki kunlarda joylardagi sharoitlar haqida turli gap-so‘zlar, videolar tarqaldi. Ismi sir qolishini istagan hamyurtimizning so‘zlari, keltirgan suratlariga qaraganda, maxsus zonalardagi kamchiliklar tez fursatda ortig‘i bilan bartaraf etilgan.

30 kunlik karantin

– Istanbuldan qaytgach, 18 martdan boshlab 16 kun Toshkent shahridagi «Nuroniy» klinik shifoxonasida karantinda bo‘ldim. Oxirgi kun ertalab 2 kishini virusologiyaga olib ketishdi. Odamlar vahimaga tushdi. Yana 14 kun shu yerda qolishimizni taxmin qildik.

Kechki ovqatdan keyin 4ta avtobus keldi. O‘sha 2 kishi yashagan qavatdagilarni avtobusga chiqarishdi. Ular aloqada bo‘lgan, shuning uchun olib ketishyapti, deb o‘yladik. Lekin avtobuslar kelishi ko‘paydi. Shundan so‘ng hammamizni olib ketishlarini tushundik. Narsalarimizni yig‘ishni boshladik.

Shu tariqa, 3 aprelda O‘rtasaroyga kelib, yana ikki hafta – 17 aprelgacha shu yerda bo‘ldik.

«Nuroniy» shifoxonasida jami 20tacha palatada taxminan 2-3 kishidan joylashgan edik. Yig‘ilib gaplashib turardik. Boshqa qavatlarga aralashmas edik. Birinchi qavatda 2ta yuvinish xonasi, 4ta hojatxona bor edi.

Shifoxonaning katta bog‘i bor edi. Har kuni chiqib badantarbiya qilardik. Ovqatlari juda ham yaxshi edi. Menimcha, ovqatlar biror to‘yxona yoki milliy taomlar kafesidan olib kelinardi.

Nonushtaga har xil «kasha»lar, pishloq, saryog‘, kompot berilardi. Tushlikda tez-tez to‘y oshi, salati bilan birgalikda; mastava, «solyanka» sho‘rva. Kechki ovqatga esa befstrogan, bifshteks va qovurma lag‘mon... Kunora suyuq ovqat – manpar, tovuq sho‘rva, frikadelki. Yana kefir, kisel, kompot ham berildi.

Kechki ovqatdan keyin doim shirinlik ham berilardi. Hammasidan ham hayron bo‘lganimiz – kim yana qo‘shimcha yeyishni xohlasa, albatta berishardi.

O‘rtasaroydagi hayot

O‘rtasaroyga kelganimizdan keyin har bir konteynerga 4 kishidan joylashtirishdi. Yuvinish xonasi, unitaz va rakovinalar – hammasi bor.

Har bir odamga 3tadan sochiq, tish pasta va cho‘tka, qo‘l yuvish sovuni, shampun berildi.

Nonushtaga 2tadan tuxum, qovurilgan kolbasa, kasha va bulochkalar berishardi. Paketli choy qand bilan berilardi. Har bir xonaga bittadan tefal berilgan. Har 4 kunda 10 litrdan suv berildi.

Tushlikka tovuq yoki oddiy kotlet, guruch, grechka, perlovka va pyure garnir bilan berilardi.

Kechki ovqatga osh yoki jarkop, hatto KFC tovug‘i ham berildi.

O‘rtasaroyga kelganimizda xonamizga 2ta kitob ham quyib quyishgan ekan. Bo‘sh vaqtlarimizda kitob o‘qidik. Xar bir xonada telefon bor edi. Faqat internetga ulanmaydi, lekin xohlagancha gaplashish mumkin ekan.

Umuman, sharoitlar judayam yaxshi tashkillashtirilgan. Alohida med personal qo‘riqchi va xizmat qilayotganlarga rahmat deyishimiz kerak. Bizni tushunsa bo‘ladi. O‘zimiz ish bilan yurib, chetdan uchib kelganmiz. Med personal ishda xuddi bizdek qolishgan. Xizmatchilar xushmuomala edi. Barchaga yaxshi munosabatda bo‘lishdi.

Shu o‘rinda takliflarim bor edi

Fuqarolar karantinga olib kelinganidan keyin o‘z ehtiyojiga kerak bo‘ladigan shaxsiy gigiyenik vositalar, kiyimlar, farzandi bor ayollarga kasha va pampers kerak bo‘ladi. «Dostavka» orqali olib keltirsangiz, olib kirishga ruxsat yo‘q. Narsalarni olib kirishga ruxsat berilsa, yaxshi bo‘lar edi.

Yana bir taklifim: zona hovlisiga turnik qo‘yib berishsa, odamlar sport bilan shug‘ullanib turishi mumkin bo‘lardi.

Men biznes egasiman, ishchilarimni boshqarib turish uchun doim kompyuter va telefonim bo‘lishi shart. Shuning uchun nima qilib bo‘lsa ham ularni olib qoldim. Sababi hozir shifokorlarimizga tibbiy niqoblar va kombinezonlar yetkazib beramiz.

Mavzuga oid