Sovuq havoning ekinlarga ta'siri, qimmatlashgan un va kartoshka - Qishloq xo‘jaligi vaziri bilan suhbat
O‘zbekistonda karantin tartibi davom etmoqda. Mustaqillik yillarida ilk marta kuzatilayotgan bunday holat dastlab aholini biroz sarosimaga solgani rost. Sarosimaki, taqchillik kelib chiqishidan qo‘rqqan odamlar bozor, supermarketlardan yoppasiga oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qila boshlashdi. Bu paytda talabgir mahsulotlarning narx-navosida ham sezilarli ko‘tarilish sezildi.
Savol tug‘iladi, aholining bu boradagi xavotiri aslida qanchalik asosli edi, davlat zaxirasida xalqni ta'minlash uchun qancha muddatli zarur mahsulotlar bor va dard ustiga chipqondek bahorning o‘rtasida kuzatilgan noqulay ob-havo, yoqqan qor qishloq xo‘jaligiga qanday ta'sir qildi? Ayrim dehqonlar aytayotgani kabi meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining katta qismi sovuq urishiga boy berilgani rostmi?
Kun.uz mavzu atrofidagi shu va boshqa savollarga javob izladi va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev bilan bog‘landi. Afsuski, Xo‘jayev hozirda Toshkent viloyatida xizmat safarida ekani va viloyatda internet muammosi tufayli vazir bilan videoaloqa o‘rnatishning iloji bo‘lmadi. Suhbatimizni audio shaklida yozib oldik.
– Iqlimdagi turli o‘zgarishlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ham ta'sir o‘tkazmay qolmaydi. Dunyo olimlarining ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi uch yilda O‘zbekistonda «chilla» deb ataluvchi issiq kunlar 1 oydan 45 kungacha cho‘zilgan.
Bu kabi o‘zgarishlar bahorda ham kuzatilmoqda. Jumladan, bir necha hafta avval, ya'ni, bahorning o‘rtalariga yaqin qor yog‘ib, ob-havo keskin sovib ketdi.
Aytingchi, sovuq havo va kutilmaganda yog‘gan qor O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun qanchalik zarba bo‘ldi?
– Bizda qishloq xo‘jaligi asosan uch yo‘nalishda tashkil etilgan – meva-sabzavotchilik, paxta va g‘alla. Bularning hammasiga, albatta, ob-havoning ta'siri bo‘ladi. Aprel boshlarida respublikaning ayrim hududlarida qor yog‘gani meva-sabzavotchilikka o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Aprel oyida gilos, o‘rik, shaftoli, yong‘oq singari erta gullaydigan meva turlari bor.
Har bir fermer bilan gaplashdik. Ayniqsa, Urgut, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Baxmal, G‘allaorol tumanlarida ba'zi mevalar 30-40 foizga zararlangan. Bu ko‘pincha tog‘oldi tumanlar hisoblanadi. Umumiy hisobda, o‘rtacha 15-20 foizga mevalar zararlangan. Sovuq o‘z ta'sirini ko‘rsatgan.
Intensiv bog‘dorchilik ham ancha rivojlanib kelyapti. Intensiv bog‘da ko‘p gullar ataylab olib tashlanadi. Kolibrovka qilish uchun gullarning 50-60 foizi to‘kib tashlanadi. Mahsulot ko‘payib ketmasdan, kamroq bo‘ladi. Fermerlar sovuq kelishidan avval ham ular metereologik ma'lumotlardan xabardor bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, ular sovuqqa ta'sir ko‘rsatuvchi dori vositalaridan foydalanishgan, shuning uchun sovuqning ta'siri katta bo‘lmagan.
Noqulay ob-havo asosan an'anaviy shakldagi bog‘larda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarga ta'sir ko‘rsatadi.
– Koronavirus tarqalishiga qarshi davom etayotgan karantinning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ta'siri qanday bo‘ldi? Oziq-ovqat yetishmovchiligi xavfi va bu xavfga qarshi shoshilinch choralar ko‘rishga ehtiyoj bormi?
– BMTning FAO tashkiloti va JSST tomonidan aholining iste'mol me'yorlari belgilangan. Shu me'yorlardan biri – 9 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti asosan o‘zimizda yetishtiriladi. Biz shu 9 turdagi mahsulot bilan qariyb 100 foiz o‘zimizni ta'minlay olamiz.
Ba'zi bir mahsulotlarni, misol uchun, bug‘doy va kartoshkani biz import qilamiz. Qachon? Kartoshka misolida aytaman. Kartoshkani har yili import qilamiz. 180-200 ming tonnaga yaqin. Lekin buni asosan o‘z kartoshkamiz pishguncha iste'mol qilish uchun, ertaki kartoshka yetishguncha import qilamiz.
Kartoshkaning narxi 8 mingga chiqdi. Koronavirusning asosiy ta'siri, shundaki, birinchidan, aholi sarosimaga tushdi. Ehtiyojidan ko‘proq kartoshka sotib olish boshlandi. Bizda zaxira bor. Hozir shu zaxirani ishlatishni boshladik. Bundan tashqari, Qozog‘iston tomonidan kartoshkani eksport qilish to‘xtatildi. Un va bug‘doyga ham kvota qo‘yildi. Kvota 200 ming tonnagacha.
Mana shu paytda defitsit bo‘lib qoldi. Lekin bugunga kunga kelib, importdan ham muammo yo‘q, narxlar ham stabil. Aprelning oxirigacha va mayda 65 ming tonna ertaki kartoshkadan hosil olamiz. O‘tgan yili mana shu paytda respublikada ertaki kartoshkani Ukrainaga 10 ming tonnaga yaqin ham eksport qilganmiz.
O‘zbekiston agrar davlat hisoblanadi. Shuning uchun oziq-ovqat xavfsizligi masalasida muammo bo‘lmaydi.
– O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida kartoshka va unning narxi juda baland bo‘lib qolyapti. Masalan, Toshkentda yangi yetishtirilgan kartoshka narxi 20 ming so‘m, bir qop unning bahosi 200 ming so‘mdan oshib ketgan. Nega bizda bu ikki mahsulot narxi «osmonga chiqdi»? Bu balki o‘tgan yili kartoshka va bug‘doyni ekishda noto‘g‘ri rejalashtirish, eksport to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganidandir.
– Noyabrda o‘tgan yili 100 ming gektardan ortiq maydonga kartoshka ekilgan. Respublikada kartoshka bo‘yicha iste'mol me'yorimiz 1 mln 700 ming tonna. Yetishtirishimiz esa undan ortiqcha.
Ta'minotda uzilishlar borligining sababi esa, kartoshkani 5 oy saqlash kerak. Tadbirkor, fermer kartoshkani saqlashdan iqtisodiy manfaatdor bo‘lishi kerak. Lekin tadbirkor tomonidan buni saqlashga qiziqish bo‘lmaydi.
Kartoshka har yili ham qimmat bo‘lib ketmaydi. Pandemiya sharoitida ko‘rdik, qo‘shnilarimiz kvota qo‘yib, chegaralarni yopishi kabi holatlarga ham o‘zimizni tayyorlashimiz kerak, qo‘shimcha yo‘limiz bo‘lishi kerak.
Kartoshka bizda ikkinchi non hisoblanadi. Shuning uchun yangi tizim ishlab chiqyapmiz. Uning urug‘ligidan tortib, saqlash tizimigacha, davlat tomonidan intervensiya tizimini qilish, saqlash manfaatdorligini oshirish, kartoshka saqlovchilarga subsidiya berish kabilar ko‘rib chiqilyapti. Hisob-kitobini qilyapmiz, yaqin orada tizim bo‘yicha prezident qarori tasdiqlanadi va shu tizim bo‘yicha ishlashga o‘tamiz.
Sakkizta tuman urug‘lik kartoshka ekishga ixtisoslashtiriladi
Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tinglashingiz mumkin.
Unda, shuningdek, sovuq havo hamda kutilmaganda yoqqan qorning g‘alla va unib chiqqan chigitga ta'siri, takroriy ekin ekish, bu borada O‘zbekistonda yetishmayotgan ilmiy tajriba kabi dolzarb mavzularda suhbat boradi.
Ilyos Safarov suhbatlashdi
Mavzuga oid
14:59 / 23.11.2024
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
12:32 / 23.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)
15:45 / 21.11.2024