Jahon | 08:05 / 24.04.2020
5937
2 daqiqa o‘qiladi

Dubayda 25 apreldan savdo markazlari ochilib, komendantlik soati qisqartiriladi

Foto: Khaleej Times

BAAning Dubay amirligida 25 apreldan boshlab savdo majmualari, restoran, kafe va biznes markazlar faoliyati tiklanadi. Bu haqda Reuters xabar bergan.

Manbada aytilishicha, binolar 12:00dan 22:00gacha ochiq bo‘ladi va ular 30 foiz quvvatda ishlaydi. Ya'ni, binolarda odamlarning soni keskin oshib ketmasligi nazorat qilinadi. Do‘konlarda odam ko‘paymasligi uchun turli aksiya va chegirmalar uyushtirishga ruxsat berilmaydi.

26 apreldan Dubayda jamoat transporti, jumladan, metro faoliyati tiklanishi kutilmoqda. Metroning faqat bitta yo‘nalishi 07:00dan 19:00gacha ishlaydi. Masjidlar, kinoteatrlar va o‘yin maydonchalari hozircha yopiq bo‘ladi.

BAA hukumati aksar hududlarda joriy qilingan komendantlik soatlarini Ramazon oyida qisqartirdi. Mart oyining oxiridan boshlab 20:00dan tonggi 06:00gacha komendantlik soatlari joriy qilingandi. Ramazon vaqtida tungi komendantlik soati 22:00dan boshlanadigan bo‘ldi.

Foto: Daily Sabah

26 martdan Dubayda 24 soatlik komendantlik soati joriy qilingandi. Ramazon vaqtida esa Dubay amirligida 06:00dan 22:00gacha komendantlik soati bekor qilindi.

Ma'lumot uchun, BAAning eng yirik shahri bo‘lgan Dubay mamlakat iqtisodiyoti uchun juda muhim hudud hisoblanadi. Bu shaharga yiliga 20 million atrofida sayyoh tashrif buyuradi. Dubay amirligining yillik YaIM hajmi 100 milliard dollardan ortiq va bu butun mamlakat YaIMsining to‘rtdan bir qismini tashkil qiladi.

Hozirgacha BAAda koronavirus yuqtirganlar soni 8 756 nafarga yetgan. Ulardan 1 637 nafari tuzalgan bo‘lsa, 56 ta o‘lim holati qayd etilgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid