Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Karantindan so‘ng maxsus shifoxonalar taqdiri nima bo‘ladi? Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov oydinlik kiritdi
Karantin bois qurilayotgan maxsus shifoxonalar hamda karantin hududi taqdiri nima bo‘ladi? 20 yillik ipoteka kreditlari ma'lum bir muddat davomida beriladimi? Qurilish nazorati pandemiya davrida qanday amalga oshirilmoqda? Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov Kun.uz muxbiri bilan onlayn muloqotda shu kabi savollarga javob berdi.
– Koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyotiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Bu sir emas, hamma e'tirof etyapti. Bir necha kun avval prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor majlisida O‘zbekiston iqtisodiyotiga koronavirusning salbiy ta'sirini kamaytirish nuqtai nazaridan qurilishda ishni jadal davom ettirish xususida fikr bildirdi. Va bu qo‘llab-quvvatlanmoqda. Savolim shundan iboratki, karantin davrida qurilish ishlarini davom ettirish qanday tartibda amalga oshiriladi?
– Birinchi navbatda, nega qurilish sohasiga ahamiyat berildi? O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 6 foizini qurilish sohasi tashkil etadi. Ya'ni qurilish O‘zbekistonning drayveriga aylanyapti. Hozirgi kunda qurilishni jadallashtirish, ya'ni qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchilar va uni yetkazib beruvchilar, qurilish tashkilotlari, quruvchilar – hammasi ish bilan ta'minlanadi.
Pandemiya davrida biz qurilish obektlarini qanday ishga tushiramiz? Amal qilinishi kerak bo‘lgan sanitariya talablarini sanitariya-epidemiologiya markazi (?) bilan birgalikda ishlab chiqqanmiz. Markaz mutaxassislari bilan bizning mutaxassislar o‘tirib, kirish-chiqish qanday bo‘lishi kerakligi ishlab chiqildi. Har bir qurilish obektiga kirish joyida maxsus tunnel o‘rnatilyapti. Tunnelda hamma filtrdan o‘tkaziladi. Bu juda oddiy. Oldin shlankalarda suv purkaydigan tizim bo‘lardi. Endi dezinfeksiyalovchi aralashmani tayyorlab, katta idishga soladi. Quruvchilar o‘tayotganda sensor aralashma purkaladi.
Quruvchilar karantinga o‘xshab qurilish obektida yashashi kerak bo‘ladi. Ularga yotoq joy, oshxona tashkil qilinadi. Bunda ham sanitariya talablariga rioya etiladi. Har ikki soatda jurnallarni to‘ldirib niqob almashtirish va boshqa talablar ijrosi bo‘yicha nazorat olib boriladi. Ovqatlanishga chiqqanda, ovqatlanishdan qaytganda har gal qo‘lini sanitayzerlar bilan tozalaydi. Hattoki qurilish materiallarini obektga olib kelib-olib ketadigan transport vositalari ham dezinfeksion ishlov berilgan bo‘lishi kerak.
– O‘zbekistonda xususiy qurilishlar ham juda ko‘p bo‘ladi. Xususiy kichik firmalar, fuqarolarning o‘zi ham shunday talablarga rioya qilsa, qurilishni davom ettirsa bo‘ladimi?
– O‘zbekistonda qurilish sohasining 75 foizi xususiy quruvchilardan tashkil topgan. Qolgan 25 foizi ijtimoiy obektlar. Mana shu 75 foiz ham juda katta ishchi kuchi ishlatadi. Qurilish materiallarini talab qiladi, buning orqasidan zavod-fabrikalar ishlaydi. Shuning hammasini hisobga olib, barcha qurilishlarga ruxsat berildi. Faqat ijtimoiy obektlarni quradiganlar, deb ajratilmadi.
– Maxsus shifoxona va karantin zonasining farqi nimada?
– Pandemiya davrida maxsus shifoxonalar qurilyapti. Ular yuqumli kasalliklar davolanadigan hudud. Zangiota tumanida 2000 o‘rinli shifoxona qurilyapti, yaqin orada foydalanishga topshiriladi. Chilonzorda qurilyapti. O‘rtasaroyda qurilgani esa karantin hududi hisoblanadi. U yerga chet davlatdan kelayotgan fuqarolar 14 kunga karantinga joylashtiriladi. Har bir xonada 4 nafardan fuqaro joylashtirilgan. Mabodo ularning orasida virus aniqlansa, karantinda o‘tirganlarning hammasi emas, faqatgina bir xonada yashagan to‘rt kishi shifoxonaga olib boriladi. Karantin hududining oldida maxsus laboratoriya bor. Karantindagi aholiga xizmat ko‘rsatish uchun kir yuvish xonasi, oshxona ham qurilgan. Tashqarida turgan oshxona keytering tizimida bir martalik idishda ovqat kiritadi. Hudud oldidagi maxsus chiqindixonada barcha chiqindilar yoqiladi.
Karantin hududi bilan shifoxonaning farqi juda katta. Shifoxonada kasallikni yuqtirgan inson davolanadi. Uning talablari boshqa bo‘ladi. Karantin hududi yashash uchun mo‘ljallangan. 14 kunda fuqarolar karantin vaqtini o‘tkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Televizor, konditsioner, telefon, gigiyena vositalari, dush va hojatxona, yotib dam olish uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Xonalar hajmida kichik hovlilar ham qilingan. Ammo, ba'zi ommaviy axborot vositalari karantin hududi va shifoxonani bir-biri bilan adashtirib yuboryapti. Karantin hududini kelgusida shifoxona bo‘ladi, deb adashtirishmoqda.
– Katta karantin hududi qurildi, pandemiyadan keyin uning, maxsus shifoxonaning taqdiri nima bo‘ladi?
– Maxsus shifoxona hozirgi kunda yuqumli kasalliklarga mo‘ljallanyapti. Pandemiya o‘tgandan keyin esa ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘lib ishlay oladi. Loyiha shunga mo‘ljallangan. Zangiotadagi kasalxona ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘lib ishlay oladi. Namanganda qurilayotgan 150 o‘rinli maxsus kasalxona ham pandemiyadan keyin ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘lib ishlay oladi.
Karantin hududiga kelsak. Birlashgan Arab Amirliklari qurilish sohasida juda ham rivojlanib ketgan. Hayratda qoladigan darajada qurilishlar qilingan. Lekin bu qurilish obektlarining ichida odam yashayotganini ko‘rmaysiz. Quruvchilarni avtobusda olib keladi. Ishchilar uchun maxsus joy barpo qilishgan. Ular o‘sha yerda yashaydi, bir xil vaqtda obektga olib kelinadi, bir xil vaqtda yashash joyiga qaytariladi. Smena ham shu tarzda almashtiriladi. Biz ham shuni hisobga oldik.
Karantin davri tugagandan keyin bu hudud quruvchilar uchun ajratiladi. Toshkent shahri hududidan boshlanadi. Bu Qurilish vazirligining talabi bo‘ladi. Toshkent shahrida kim qurilish qiladigan bo‘lsa, ishchilari o‘sha yerda yashashi kerak. Quruvchilarning ko‘pchiligi uzoq hududdan, viloyatlardan kelishadi. Ular uyiga qatnay olmaydi. Shuning uchun qurilish obektlarida konteynerlar, vaqtinchalik joylar qilishadi. Lekin ular sifatli bo‘lmaydi, odatda, har xil noxush holatda bo‘lishi mumkin. Shularning oldini olishga harakat qilyapmiz. O‘sha yerda yashab, barcha sharoitdan foydalanadi. Qurilish obektida quruvchilar sanitariya-giginena talablariga rioya qilishi uchun ham barcha sharoitlar muhayyo qilingan bo‘ladi. Qolaversa, qurilish etikasi ham rivojlanadi.
– Pandemiya davrida qurilish sifatini nazorat qilish qanday amalga oshiriladi?
– Ayrim qurilish obektlari – kasalxona, boshqa joylarda qurilish ishlari aslida davom etayotgan edi. Endilikda hammaga baravar ruxsat berildi. Qurilish nazorat inspeksiyasiga tibbiyot xodimlariga berilgani kabi kombinezon berilgan. Ko‘zoynak, niqob bilan ta'minlangan. Ular qurilish obektlariga borib, sanitariya talablariga asosan nazoratni olib boraveradi.
– Axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalangan holda “Shaffof qurilish” ilovasi joriy qilinishi haqida brifinglarning birida aytilgan edi. Pandemiya davrida buni ishlatish qanchalik yordam beryapti?
– Brifingda bu gapning aytilganiga ham bir yarim oy bo‘ldi. Shu yili ishga tushiriladi, deyilgan edi. Dasturchilar buning ustida ish olib boryapti. Qadamba-qadam hammasini ishga tushiramiz. Birinchi bo‘lib O‘zbekiston xaritasini ishga tushirdik. Mavjud bosh rejalar joylashtirilgan. Undan aholi ham foydalana oladi, lekin asosiysi loyihachilar uchun qulay bo‘ldi.
Qayerda bo‘sh o‘rin borligi, balandliklar haqida barcha ma'lumotlar mavjud. Qurilish nazorat inspeksiyasi uchun ham bir dastur ishga tushadi. 12 kundan keyin test jarayoni boshlanadi. Unda har bir inspektor o‘ziga berilgan planshetda qaysi obektga borayotgan bo‘lsa, loyiha bilan tanishadi, muammosini o‘rganadi. Server orqali markazdan nazorat olib boriladi. Ekspertiza tizimini ham elektron shaklga o‘tkazganmiz. Pandemiya davrida shu tizimga o‘tishga to‘g‘ri keldi. O‘z vaqtida boshlagan ekanmiz. Bizga juda ham qo‘l keldi. Hozir elektron tizimda ish olib borilyapti.
– Pandemiya tufayli iqtisodiy pasayish hamma joyda kuzatilyapti. Bu har bir fuqaroning daromadiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Toshkent shahrida ham, boshqa hududlarda ham turar-joy qurilishi juda avj olgan. Endi ularni xarid qilish sur'ati ham o‘z-o‘zidan pasayadi. Xarid quvvatining pasayishi bilan bog‘liq ravishda qurilish sohasida muammolar paydo bo‘lishi ehtimoli qanchalik?
– Yaqinda o‘tkazilgan majlisda davlat rahbari ipoteka berish bo‘yicha borayotgan ishlarni ham o‘z nazoratlariga oldilar. Bundan buyog‘iga 15 yilga beriladigan kreditni 20 yilga uzaytiramiz, deyildi. 20 yilga uzaygandan keyin buning oyma-oy to‘lovi pasayadi. 15 yilga mo‘ljallangan summa 20 yilga bo‘linadi, shuning hisobiga oylik to‘lov kamayadi. Bu aholiga pul to‘lashga imkoniyat yaratadi. Daromadi kamayganlar uchun qulaylashadi. Hozirgi kunda bu masalani Moliya vazirligi ishlab chiqyapti.
– Bu ma'lum muddat – karantin va karantindan keyin hammasini o‘z iziga solib olish davri uchun bo‘ladimi yoki keyinchalik umumiy holatda ham 20 yillik ipoteka kreditlari taqdim etiladimi?
– Hozirgi paytda 20 yilga ipoteka krediti berish muddat bilan chegaralanmagan. Pandemiya davrida iqtisodiyotni rivojlantirish, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash, barchasi hisobga olinadi. Aholining daromadi, xarid quvvati yaxshilansa, keyinchalik boshqacha bo‘lishi ham mumkin. Hozirgi vaqtda 20 yil muddatga berilishi falon muddatgacha deb belgilanmagan.
Mavzuga oid
15:16 / 14.05.2025
Davlat shifoxonalaridagi pulli xizmatlar qimmatlashadi
21:05 / 02.04.2025
Yangi Zelandiyada politsiya xatosi sabab 11 yoshli qiz ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi
17:12 / 10.02.2025
Toshkentda bolalarga litsenziyasiz xizmat ko‘rsatgan shifoxona aniqlandi
16:48 / 31.01.2025