Jahon | 14:33 / 27.04.2020
4981
2 daqiqa o‘qiladi

OPeK ikkinchi yarim yillikda bir barrel neft narxi 40 dollargacha ko‘tarilishini taxmin qilmoqda

Aprel o‘rtalarida OPeK+ mamlakatlari 1 maydan neft qazib olishni kamaytirishga kelishib olgandi. 

Foto: RIA Novosti

OPeK 2020 yilning ikkkinchi yarim yilligida neftning bir barreli narxi 40 dollar atrofida baholanadi deb hisoblamoqda. Bu haqda Jazoir energetika vaziri Muhammad Aqrab ma'lum qildi. U 2020 yil dekabrga qadar OPeK konferensiyasi prezidenti hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi kunlarda "bozorlar ijobiy signal berishni boshladi". Taxminga ko‘ra, may-iyunda neftning jahon narxi  35 dollargacha ko‘tariladi.

Aqrab OPeK+ qarori hamda Yevropa va Xitoyda ko‘rilgan choralar narxning ko‘tarilishiga xizmat qilishini ta'kidladi.

Aprel o‘rtalarida OPeK+ mamlakatlari 1 maydan neft qazib olishni kamaytirishga kelishib olgandi. 

20 aprelda jahon birjalarida neft narxining pastlab ketishi xomashyo bozorini ostin-ustun qilib yubordi. Shu kuni Karib dengizi havzasi hamda Shimoliy Amerikada qazib olinadigan WTI navidagi neftning 1 barreli mutlaqo kutilmagan holda -40 dollargacha tushib ketdi.

22 aprelga kelib narxlar biroz «o‘ziga keldi». WTI navli neftning bir barreli 11,47 dollarga ko‘tarildi, Brent navli neftning 1 barreli 16 dollarga arzonlashdi.

Mavzuga oid