Light | 21:36 / 27.04.2020
53290
9 daqiqa o‘qiladi

«Oyog‘imni kesishganda qallig‘im meni tashlab ketgandi» - nogironlik irodasini mustahkamlagan inson hikoyasi

Xizmat safari bilan Nukusda bo‘lib, Toshkentga qaytishda Odamboy og‘a (ismi o‘zgartirilgan) bilan bir vagonda yonma-yon keldik. Kiyimlari ohorli, istarasi issiq bu odamning yoshi ellikdan o‘tgan, bir oyog‘i tizzasidan yo‘q, o‘rindiq devoriga ikkita qo‘ltiqtayoq suyangan turardi. Ozroq umumiy gaplar, bir-ikki piyola choydan keyin istasak-istamasak mavzu shu nuqtaga taqaldi.

Foto: CC0 / Steve Buissinne

– Oyoqdan bo‘z yigitlik chog‘imda ayrilganman, – deya hikoyasini boshladi Odamboy og‘a. – Urush maydonida, qandaydir qahramonlik ortidan emas, oddiygina ehtiyotsizlik tufayli shu kuyga tushganman.

O‘shanda o‘zim yoqtirgan qizga unashtirilgandim, to‘yimiz belgilangan kunlar edi. Armiyadan qaytganman, yigitlik kuchi jo‘sh urgan, visol yaqin, shodligim ichimga sig‘maydi. Shunday kunlarda do‘stim bilan mototsiklda ketayotganda muvozanatni yo‘qotdik va ag‘anadik. Bu avariyaning mendagi oqibati bir oyog‘imning kesilishi bo‘ldi.

Shu qadar tushkunlikka tushdimki, dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rindi.

Davolanishlardan so‘ng meni uyga olib kelishdi. O‘rnimdan qo‘zg‘alolmayman, ovqatni ham olib kelib yedirishadi. Yolg‘iz qolganimda yostiqni tishlab yig‘layman.

Shunday kunlarda eshigimiz taqilladi. Onam kim bilandir asabiy gaplashdi. Men eshitib turibman. Kelin tomon to‘yni to‘xtatib, biz jo‘natgan narsalarni qaytarib olib kelgan ekan...

O‘zi meni ko‘rishga u tomonda hech kim kelmaganidan ham hadiksirab yurgandim. Qallig‘im nogiron odam bilan bir umr yashay olmayman, debdi. Ota-onasi ham shu fikrda darhol narsalarni olib kelib, orani ochib ketishdi.

Onam ancha vaqt oldimga kira olmay turdi. Men yotgan joyimda, onam dahlizda rosa yig‘ladik...

Oldingi tushkunligimdan o‘n chandon yomon holga tushdim. To‘g‘risini aytsam, o‘sha avariyada o‘lib ketmaganimga achinardim.

Shunday qilib gullagan yoshlik chog‘imda qo‘ltiqtayoqqa suyandim, to‘yim ham bekor qilindi, o‘zim ko‘chaga chiqolmay qoldim. Chunki odamlarning ko‘zlaridagi achinishlardan, oldimda aytishmasa ham orqavarotdan «cho‘loq» deyishlaridan ezilardim.

Rossiyadan kelgan tog‘am meni bu holatdan chiqarish uchun o‘zi bilan olib ketdi. U yerda bir-ikki kun turib, shaharni aylanganimdan keyin, o‘sha yurtlik yangamning tog‘amga qarata «uni nega olib kelding, nima qiladi bu yerda?» degan zardali gaplarini eshitib qoldim va qo‘ltiqtayog‘imni sudrab poyezdga chiqdim.

Uyga qaytganimdan keyin ko‘p xayol surdim, bu holga tushishim sabablarini o‘zimcha tahlil qildim. O‘ylab-o‘ylab nega bunday taqdirga ravo ko‘rilganim boisini topganday bo‘ldim.

Biz kichkina bolalar edik. Onam qattiq og‘rib yotganida otam «menga kasal xotinning keragi yo‘q», deb tashlab ketgandi. To‘ng‘ich farzand edim, aynan mana shu holatni yaxshi eslayman. Onam yig‘lab otamning oyog‘iga yopishganida otam oyog‘ini silkib, so‘kinib chiqib ketgan, bizga hatto qaramagan ham edi. Tez orada uning uylanganini eshitdik. Keyin yana uylandi, so‘ng yana bir marta uylandi...

Onam ham kasallik, ham ro‘zg‘orning yukini ko‘tara olmay o‘ksinib yig‘laganlarida otamni qattiq qarg‘aganman – «bizni tashlab ketgan oyoqlaring sinsin, butun umr majruh bo‘lib qol» deganman.

Keyinchalik ulg‘ayganimda, hali oyog‘im sog‘ paytlarida bozor chetida ikki oyog‘i tizzasidan kesilgan otamning tilanchilik qilib o‘tirganini ko‘rganimda ich-ichimdan qoniqish hosil qilganman. Endi bilsam, menga berilgan jazo bejiz emas ekan...

* * *

Tog‘alarim, do‘stlarim hamisha meni qo‘llab-quvvatlashardi. Qarindoshlarimdan biri menga etikdo‘zlik hunarini o‘rganishni tavsiya qildi. Borib maxsus kursda o‘qib keldim. Yaxshi insonga shogird tushdim, hunarni ko‘ngildagidek egalladim. Ustozim shu qadar bag‘rikeng ediki, dastlab oyoqqa turib olishim uchun o‘zining mijozlarini menga yuborardi. Asta-sekin o‘zimning ham mijozlarim ko‘paydi, qo‘lim pul ko‘rdi, onamga yordam berib, hayotimga mazmun kira boshladi.

Bu orada biz vatan degan ittifoq tarqab ketdi, iqtisodda taloto‘plar bo‘ldi, ko‘pchilik pulsiz qoldi. Lekin qizig‘i, mening mijozlarim haddan ziyod ko‘payib ketdi. Bir tarafdan odamlar eskini yamab-yasqab kiyishni o‘rganishgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan chetdan oqib kirgan sifatsiz poyabzallar tezda yirtilib, ustabop bo‘lib qolardi.

Odamlar uyiga non olib bora olmay yurgan qiyin davrlardan men o‘zim nogiron bo‘laturib ko‘pchilik qarindoshlarga yordam berardim...

* * *

Odamboy og‘a choydan bir ho‘plab oldi-da, vagon oynasidan lip-lip o‘tayotgan saksovullarga qarab yana o‘yga cho‘mdi. Men ham unga qandaydir savol berishga iymanar, ko‘nglidagilarini o‘zi aytishini kutayotgandim. Xayriyat, qiziqib turganimni bilgandek, yana gap boshladi:

– Meni uylantirish payiga tushishdi. Lekin kimningdir qizini so‘rab borishga haddimiz sig‘masdi. Yurak yutib borganlarimiz yo ochiqcha rad javobini berishdi, yoki yoshi o‘tib qolgan qizlarini so‘rab borganimizga qaramay, ko‘nglimiz cho‘kmasligi uchun turli bahonalar qilishdi. To‘g‘ri-da, bir oyog‘i yo‘q yigit bilan kim ham taqdirini bog‘lashni istardi?..

Lekin mening ham tengim bor ekan. Yaqinlarim qidira-qidira qarindoshlari qo‘lida sig‘indi bo‘lib qolgan, men kabi ko‘ngli yarim bir qizni topishdi. Ixchamgina to‘yimiz bo‘ldi.

Ayolim juda mehnatkash, matonatli chiqdi. Mening ham, onamning ham xizmatini joyiga qo‘ydi, birin-ketin farzandlar tug‘ilib, uyimiz to‘ldi. Aslida boshimga tushgan sinovlar mana shu kunlarga yetib kelishda irodamni mustahkamlashim uchun kerak bo‘lganini anglay boshladim.

Ko‘pchilik ro‘zg‘or tashvishidan orttirolmay yurgan paytlari men hovli qurishga kirishdim va hunarim ortidan topganim bilan yangi uyni bitirdim ham. O‘sha kunlari esi kirib qolgan bolalarim va xotinim bilan yangi uyning bir kun u, bir kun bu xonasida o‘tirib ovqatlanar, suhbatlashib chiqardik. O‘zimning qilgan ishimdan, oilamdan, farzandlarimdan zavqlanardim...

* * *

Bozor ro‘parasidagi gavjum joyda joylashgan «budkam»ga har kuni ertalab borar va ishga kirishardim. Ishni boshlashdan oldin devorga osilgan radioni yoqib qo‘yardim. O‘sha davrdagi radio haqiqiy radio edi, nazarimda. Men eshitmagan rivoyat, mumtoz qo‘shiqlar qolmagan bo‘lsa kerak. Hammasi ham odamni ezgulikka chorlaydi, xatolarni tahlil qilishga undaydi.

Ana shunday baxtga yetkazgan kunlarida otam haqida o‘ylay boshladim. Boray desam, nimalardir to‘sqinlik qilaveradi, bormay desam – otam, taqdiri qiziq baribir.

Axiyri ikki do‘stim bilan otamni qidirib bordik. Avval bozor aylanib bir ko‘ylak, to‘n, belbog‘, do‘ppi va yana ancha mayda-chuyda oldik. Do‘stlarim meni yurishga qiynalmasin deb, bir chetga o‘tqazib qo‘yishdi va o‘zlari otamni qidirib ketishdi. Ammo ancha vaqt o‘tib qaytib kelishdi. Otam bundan olti oy oldin qazo qilibdi. Umrining oxirgi yillarida bir rus ayolnikida yashab yurgan ekan. U ham uyidan haydab chiqaribdi, otam xor-u zorlikda joni uzilibdi. Surishtirib, qo‘yilgan joyini topib bordik va qabri ustida tilovat qildik. Qo‘limdagi narsalarni qabriston qorovuliga berdim va ortga qaytdik...

* * *

– Sizni tashlab ketgan, unashtiruvni bekor qilgan qizning taqdiri qanday kechdi? – so‘radim og‘adan.

– Bu haqda gapirgim kelmaydi. Hammaning taqdiri o‘ziga yarasha... – gapni qisqa qildi Odamboy og‘a. – Muhimi, men o‘z baxtimni topdim. Aziz ayolim, aqlli farzandlarim bor. Ulardan birini, o‘g‘limni ko‘rish uchun poytaxtga ketyapman...

Abror Zohidov yozib oldi.

Mavzuga oid