Sport va millionlar. «Bo‘sh tribunalar davri»da sportchilar qancha zarar ko‘rmoqda?
Koronavirus sabab Lionel Messi 50 million dollar, Krishtianu Ronaldu 20 million dollar yo‘qotdi. MBA yulduzi Lebron Jyeymsga har bir qoldirilgan o‘yin 300 ming dollarga tushmoqda. Milliy xokkey ligasi o‘yinchilari esa maoshlarining 25 foizidan ajralishlari mumkin. Forbes koronavirus keltirib chiqargan moliyaviy inqiroz sabab mashhur sportchilar qancha zarar ko‘rishini hisoblab chiqdi.
Koronavirusning zarari avvalo katta sportda sezildi. Jamoalar «jon saqlab qolish uchun» xarajatlarini kamaytirishi kerak edi. Katta jamoalarda xarajatlarning aksar qismini atletlarning maoshi tashkil qiladi. Klublar sportchilar bilan kelishgan holda maoshlarni qisqartirishga majbur bo‘ldi. Katta musobaqalar o‘tkazilmayotgani sabab sportchilar mukofot pullari ham olishmayapti. Xo‘sh, koronavirus sportchilarning daromadiga qanday ta'sir qildi?
Futbol
Yevropaning aksar klublarida futbolchilar maoshlarining qisqarishiga o‘zlari rozi bo‘lishdi. Masalan, «Barselona» futbolchilari maoshlar qisqarishiga o‘zlari tashabbus ko‘rsatishdi. Kataloniya superklubi koronavirusgacha bir yilda umumiy 858 million dollar xarajat qilar va undan 600 million dollari maoshlarga sarflanardi. Klub inqiroz sabab maoshlarni 70 foizga kamaytirdi.
«Barselona» safida dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchisi Lionel Messi harakat qiladi. Forbes ma'lumotiga ko‘ra, uning yillik daromadi reklama shartnomalari bilan birga 127 million dollarni tashkil etadi. «Barselona» esa Messiga bonuslar bilan birga yiliga 80 million dollar to‘lardi. Inqiroz sabab Messi 50 million dollar yo‘qotadigan bo‘ldi.
Krishtianu Ronaldu ham «Yuventus»dagi jamoadoshlari bilan mart oyidan iyungacha bo‘lgan 4 oylik maoshlaridan kechadigan bo‘ldi. Bu esa «Yuventus»ga 97 million dollar tejash imkonini beradi. Klub shu tariqa maoshlar 30 foiz qisqarishiga erishgan. O‘tgan yilgi daromadlarga ko‘ra, Ronaldu uchun 30 foiz maosh 20 million dollar degani. Ma'lumot uchun, u o‘tgan mavsumda reklama shartnomalari bilan birga 109 million dollar ishlagan.
Fransiya yuqori divizioni klublari apreldan boshlab futbolchilarni vaqtincha ishsiz maqomiga o‘tkazishdi. Bu esa maoshlar avtomatik tarzda 30 foizga kamayadi deganidir. Klublar professional futbolchilar kengashi va mamlakat moliya vazirligidan maoshlarni yana kamaytirish bo‘yicha tavsiya ham olgan. Unga ko‘ra, haftasiga 10 mingdan 20 ming yevrogacha oluvchilarning maoshi 20 foizgacha, 100 ming yevrodan ortiq haq oluvchilarning maoshi 50 foizgacha qisqartirilishi mumkin.
Bu cheklovlar ayniqsa «PSJ»ga ta'sir qiladi. Klub maoshlar uchun yiliga 400 million yevro sarflaydi va parijliklarga bu borada Fransiyaning boshqa jamoasi yaqin ham kelmaydi. Maosh uchun ajratilgan pullarning 20 foizi Neymarga ketadi. U yiliga 70 million dollar oladi. Vaqtincha ishsiz statusiga o‘tkazilgach, Neymarning maoshi 70 foizga qisqargan va u oyiga 4 million dollar olmoqda. Bu ko‘rsatkich 2 million dollarga tushishi ham mumkin.
Avtosport
Koronavirus sabab «Formula 1» musobaqalari boshlanishga ham ulgurmadi. Bundan hamma zarar ko‘rdi: tashkilotchilar, jamoalar va albatta, sportchilar. Har bir bekor qilingan Gran-pridan jamoalar 1,5-2 million yevro yo‘qotadi. Qator sportchilar o‘z xohishlariga ko‘ra maoshlaridan voz kechishdi. Ular orasida Sebastyan Fettel va Luis Hemilton ham bor. U o‘tgan yil 45 million dollar maosh olgan, Fettel esa 40 million dollar.
MBA va MXL
Amerika basketbol va xokkey ligalarida maoshlar odilona nazorat qilinadi. Ya'ni, maoshlarning maksimum va minimum qiymatini nazorat qilish tartibi o‘rnatilgan. Bu «eskrou» deyiladi. Unga ko‘ra, liga futbolchilarning maoshlaridan ma'lum qismini maxsus sug‘urta fondiga o‘tkazib boriladi. Agar mavsum oxirida sportchilarning daromadi belgilangandan yuqori bo‘lsa, liga zararni eskrou fondi hisobidan to‘lab beradi. Agar daromadlar ko‘payib ketsa, ortgan qismi fondga o‘tkaziladi.
MXLda eskrou foizi har chorakda o‘zgarib boradi. U liganing daromadiga bog‘langan. Budjet ko‘p bo‘lsa, foiz ham ko‘p bo‘ladi. Odatda yangi mavsum uchun eskrou miqdori o‘tgan mavsumdagi daromadlar asosida tuziladi. Asos sifatida liga foydasining 50 foizi olinadi, uni 5 foizga ko‘paytirishadi (o‘sish prognozi sifatida). Chiqqan summani 15 foizga ko‘tarib maoshlarning maksimumi, 15 foiz tushirib esa minimumi aniqlanadi - oddiy arifmetika.
Agar hammasi matematik hisob-kitoblarga tashlab qo‘yilsa, keyingi yil eskrou foizi o‘sib ketishi mumkin. Ammo liga rahbariyati barchasini inson omili yordamida nazorat qilib balansni saqlash qolishga harakat qiladi. Liga klublari kelishgan holda oxirgi to‘lovlarni 15 maygacha muzlatishga kelishib olgan. MXLda eng ko‘p (16 million dollar) maosh oluvchi Mitch Marner bu muzlatishdan 1,23 million dollar yo‘qotadi. Bu yilgi eskrou esa 14 foizni tashkil qilishi belgilangan. Oxirgi 5 mavsumda xokkeychilarga bu 14 foizdan o‘rtacha 3 foizi qaytarib berilgan, ammo bu mavsum oxirida bunday bo‘lmasligi haqiqatga yaqin.
Milliy basketbol ligasida ham maoshlar qisqartirilgan. 15 maydan ularning maoshlaridan 25 foizi eskrou fondiga o‘tkaziladi. Bu orqali liga har bir bekor qilingan o‘yin uchun basketbolchilarning 1 foiz maoshini saqlab qolish imkoniga ega bo‘ladi. Liganing eng ko‘p maosh oluvchi basketbolchilari Lebron Jyeyms, Stefan Karri va Keyin Dyurant uchun 1 foiz 300-380 ming dollar atrofida pul degani.
Tennis va golf
Maosh olmaydigan va mukofotlar bilan pul topadigan golfchilar, tennischilar ham hozir muammoga duch kelishgan. Chunki musobaqalar o‘tkazilmayotgani sabab ular pul topa olishmayapti. Masalan, tennischilar allaqachon ikkitasi bekor qilingan «Katta dubulg‘a» musobaqalarida 2-4 million dollargacha, Masters turkumidagi turnirlarda esa 1 million dollargacha topishlari mumkin edi. ATP 500 turkumidagi musobaqalarda tennischilar 300-500 ming dollar, ATP 250 turnirlarida esa 100 ming dollargacha ishlab olishlari mumkin edi.
Ammo katta tennischilar asosiy daromadlarini reklamadan topishadi, shu sabab ular hozir ham ijtimoiy tarmoqda faol bo‘lib, odamlarning e'tiborini tortishga harakat qilishmoqda. 2019 yilda Rodjyer Federer 93,4 million dollar ishlab topgan. Bundan 86 million dollari reklamadan kelgan. Dunyo reytingida birinchi o‘rinda borayotgan Novak Jokovich reklamadan umumiy daromadining (50,6 million dollar) 30 million dollarini reklamadan topgan. Rafael Nadal daromadining (35 million dollar) 26 million dollarini reklamadan topgan.
Reytingning quyi qismida borayotgan tennischilar uchun esa mukofotlar yagona daromad manbayi hisoblanadi. Shu bois Federer, Nadal va Jokovich reytingda 200-700 o‘rinda bo‘lgan tennischilar uchun yordam maqsadida 4 million dollar yig‘moqchi. Bu katta tennischilar «Katta dubulg‘a» turniri tashkilotchilari va ATP tashkilotini ham moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqchi.
2019 yilning eng muvaffaqiyatli golfchilari Tayger Vuds hamda Fil Mikelson o‘tgan yilgi musobaqalarda mos ravishda 9,9 million va 12,4 million dollar topishgan. Reklamadan esa ular ko‘proq pul topishgan: Vuds 54 million dollar, Mikelson 36 million dollar. Ular ham hozirda faqat reklamaga «qarab qolishgan». Unchalik mashhur bo‘lmagan golfchilar esa turnirlar translatsiyasi efirga qaytishini kutishga majbur.
Mavzuga oid
14:36 / 07.11.2024
Ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga o‘qotar qurollar taktik-texnik tavsiflari amaliy mashg‘ulotlari kiritiladi
20:22 / 21.10.2024
Yengil kasalliklarni dori bilan davolashga o‘rganib qolishning oldi olinadi
20:31 / 20.09.2024
Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasi qurilishi mumkin
14:53 / 06.09.2024