O‘zbekiston | 22:20 / 01.05.2020
43774
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Sirdaryo tumani aholisi sardobaliklarni o‘z uylariga qabul qilmoqda

Sardoba suv ombori dambasida suv sizib chiqishi oqibatlarini bartaraf etish uchun viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo tumanida ham evakuatsiya qilingan aholini kutib olish uchun zaruriy choralar ko‘rildi.

 

Sirdaryo tuman hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, tumandagi «Dehqonobod», «Baxmal», «Tinchlik», «Xazina», «Ishonch», «Tadbirkor», «Orzu», «Ahillik», «Turkiston» MFYlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar 1400dan ziyod evakuatsiya qilingan aholiga o‘z uylaridan boshpana ajratmoqda.

Bundan tashqari, tumandagi 525 harbiy qismda 500 o‘rinli, Baxt shahar yengil-sanoat kolleji binosida 200 o‘rinli yotoq joylari tayyorlanib, evakuatsiya qilinayotgan aholini joylashtirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni soat 05:55da Sardoba suv ombori dambasi devorida suv chiqishi yuzaga kelib, tumandagi Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punkti suv ostida qoldi.

Shundan so‘ng suv ombori atrofidagi xavf hududidan 11,5 mingdan ziyod aholi ko‘chirilgan, yana to‘rtta mahallani ko‘chirish rejalashtirilgandi.

Bundan avvalroq Mirzaobod tumanidagi «Beruniy», «Paxtaobod», «Baliqchi», «Haqiqat», «Bahoriston», «Yangiovul» va «Do‘ngariq» MFYlari aholisi suv toshish xavfi bo‘lgani uchun Yangiyer shahriga evakuatsiya qilinayotgani xabar qilingandi. Tuman aholisining yana bir qismi Jizzax viloyati hududidagi maktab, kollej, xususiy korxonalar va aholi xonadonlariga ko‘chirilishi boshlangandi.

 

Mavzuga oid