O‘zbekiston | 04:30 / 01.05.2020
14450
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish uchun O‘zbekistonga 200 million dollar ajratdi

Foto: Jahon banki

Bu haqda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘z Tvitterida ma'lum qildi.

«Muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan samarali iqtisodiy-ijtimoiy siyosatni e'tirof etish va qo‘llab-quvvatlash sifatida bugun Jahon bankining direktorlar kengashi O‘zbekistonga 200 million dollar ajratishni ma'qulladi.

Ushbu mablag‘lar sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlashga, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi», — deb yozdi Qo‘chqorov o‘zining mikroblogida.

Jahon banki tomonidan e'lon qilingan matbuot relizida yozilishicha, bu qo‘shimcha moliyalashtirish O‘zbekistonda koronavirus oqibatlarini yumshatish uchun ajratilmoqda.

Ushbu moliyalashtirish hukumatning inqirozga qarshi dasturi doirasida davlat xarajatlarining oldindan kutilmagan tarzda ortishi, shuningdek soliq tushumlarining qisqarishi fonida davlat budjetini qo‘shimcha mablag‘lar bilan ta'minlaydi.

O‘zbekiston koronavirus tarqalishi miqyoslarini kamaytirish uchun sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masofalanish sohasida avvaldan puxta rejalashtirilgan zarur preventiv choralarini qo‘llagan. Biroq boshqa davlatlarda ham bo‘lganidek fuqarolar va xususiy sektor jahon iqtisodiyoti o‘sish sur'atlarining pasayishi hamda karantin cheklovlarining salbiy oqibatlarini o‘z tanasida his qildi. Ularni yumshatish uchun hukumat sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishni oshirish, aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni kengaytirish va biznesni himoya qilish choralari, shuningdek, davlatning 2017–2021 yilga mo‘ljallangan islohotlar dasturi doirasida erishilgan iqtisodiy o‘zgarishlar natijasini saqlab qolish uchun inqirozga qarshi dastur qabul qildi.

«Jahon banki tomonidan ajratilayotgan qo‘shimcha moliyalashtirish pandemiya tarqalishining oldini olish, uning insonlar va milliy iqtisodiyot uchun oqibatlarini yumshatishga yo‘naltirilgan O‘zbekistonning inqirozga qarshi kurashish dasturini qo‘llab-quvvatlaydi», — deya qayd etgan Jahon bankining o‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Hideki Mori.

Avvalroq Jamshid Qo‘chqorov xalqaro tashkilotlardan kutilayotgan yordam haqida ma'lumot bera turib, Jahon bankidan 750 mln dollar olish bo‘yicha kelishuvga erishilgannini ma'lum qilgan edi.

Jahon banki koronavirus pandemiyasining O‘zbekiston fuqarolarining salomatligi va farovonligiga ta'sirini yumshatish bo‘yicha favqulodda choralarni qo‘llab-quvvatlash uchun 95 mln dollarlik moliyalashtirish dasturini tasdiqlagani xabar qilingan edi. Jahon bankining so‘nggi press reliziga ko‘ra, 200 mln dollarlik yordam o‘sha moliyalashtirishni to‘ldiradi.

Mavzuga oid