O‘zbekiston | 19:15 / 01.05.2020
85712
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Sharoit yaxshi bo‘lmagunicha, birorta rahbar, men boshchiligimda, hech qayoqqa ketmaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omborida yuz bergan avariyadan so‘ng Sirdaryo viloyatiga borib, Oqoltin tumanida aholi vakillari bilan uchrashdi.

Yomg‘ir yog‘ib, kuchli shamol bo‘lgani sababli 1 may kuni ertalab Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi o‘pirilishi oqibatida suv oqimi aholi punktlari, kommunikatsiya tarmoqlari va qishloq xo‘jaligi maydonlariga katta zarar yetdi.

Davlat rahbari zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi. Hukumat komissiyasi tashkil etilib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish va ularga har tomonlama yordam berish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rildi.

Prezident Oqoltin tumanida aholi bilan uchrashib, ofatdan jabrlangan har bir inson alohida e'tiborga olinishi, hamma uy-joy va oziq-ovqat bilan ta'minlanishini ta'kidladi.

«Bu hech kim kutmagan sinov. Birinchi harakatimiz odamlarni ehtiyot joylarga ko‘chirish bo‘ldi. Eng katta masala – o‘lim bo‘lmasligi. Oqsoqollar, mahalla raislari va nozirlaridan iltimos qilaman: odamlarni yig‘ib, uylarga, palatkalarga joylashtirib, oziq-ovqat bilan ta'minlab, mahallama-mahalla saranjom qilib olishimiz kerak. Buning uchun hamma kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi bo‘lmaguncha birorta rahbar ketmaydi. Sabr qilib, og‘irlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam e'tiborsiz qolmaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tezkor chora-tadbirlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, mahalliy hokimliklar, qurilish-ta'mirlash tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari va boshqa xizmatlar mutaxassislari safarbar etildi. Suv ombori yaqinidagi mahallalar aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Jumladan, tumanlarda tashkil etilgan maxsus shtablar tomonidan maktab, kollej, korxona va xonadonlarga joylashtirildi. 

Shuningdek, Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibi va maxsus texnikalari aholini evakuatsiya qilish va tegishli xo‘jalik obektlarini jihozlash uchun safarbar qilindi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy boshqarmalari evakuatsiyaga ko‘maklashish, tartibni saqlash ishlariga jalb etildi.

Prezident Sardoba suv ombori to‘g‘oni ochilgan joyga borib, uni ko‘zdan kechirdi. Hukumat komissiyasi va mutaxassislar bilan muhokama qilgan holda suv oqimini to‘xtatish uchun zarur kuch va vositalar jalb qilindi.

Hozirda to‘g‘ondan suv chiqishi to‘xtagan. Toshgan suv oqimi Oqoltin tumanidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilgan.

Prezident vaziyatni shaxsiy nazoratga olgan.

Davlat rahbari Sirdaryo viloyatida bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid