Jamiyat | 23:30 / 02.05.2020
38251
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyati hokimi: «Barchangizga tashakkur, aziz vatandoshlar!»

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Sardoba suv omboridan suv sizib chiqishi natijasida ro‘y bergan ofatda jabr ko‘rganlarga yordam qo‘lini cho‘zgan barchaga minnatdorlik bildirdi.

Foto: KUN.UZ

“Joriy yilgi sinovli damlar butun dunyo ahlini bir-birlariga mehr-oqibatli bo‘lishni, barcha insoniy fazilatlarni yanada mustahkamlashga turtki bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mamlakatimiz fuqarolari yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda xalqimizning birdamligini, hamjihatligini va albatta, nechog‘li saxovatpeshaligini namoyon etayotgan bo‘lsa, kuni kecha Sardoba suv omborida yuz bergan falokatni bartaraf etish va talofat ko‘rganlarga yordam ko‘rsatishda yana bir bor isbotlamoqdalar.

Xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglikning bunday noyob ijtimoiy xususiyati, o‘ylaymanki, dunyoning biron nuqtasida yo‘q. Xalqimizning buyukligi xam mana shunda aziz yurtdoshlar, bunga tarix ko‘p marotoba guvoh bo‘lgan.

Sizning bugungi ko‘rsatayotgan haqiqiy o‘zbekona bag‘rikengligingiz, mehr-muruvvatingiz, beminnat yordamingiz ko‘rilgan talofatlarni bartaraf etishda madad bo‘ladi. Ayniqsa, falokatdan aziyat chekkan shaxslarga yetib borib, ko‘ngillarini xushnud etishi shubhasiz.

Xolis niyatda amalga oshirayotgan ko‘maklaringiz bilan hozirgi paytda moddiy va ma'naviy madadga muhtoj bo‘lgan kishilarning dillariga malham baxshida etmoqdasiz. Bu harakatlaringiz g‘oyat tahsinga sazovordir.        

Oliy himmatligingiz uchun Sizga ming bora tashakkur!”, deyiladi Sirdaryo viloyati hokimi tomonidan yo‘llangan murojaatda.  

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga keldi. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Ushbu hodisadan asosan ekin maydonlariga jiddiy zarar yetgan.

Hodisa oqibatida minglab kishilar qo‘shni hududlarga, jumladan, Jizzax viloyatiga evakuatsiya qilindi.

Hozirda Sirdaryo viloyatiga O‘zbekistonning turli hududlaridan insonparvarlik yordamlari yetkazilmoqda

Mavzuga oid