Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lukashenko boshqa davlatlar yetakchilarini Minskdagi G‘alaba paradiga taklif qilmoqda
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko boshqa davlatlar, jumladan sobiq ittifoq davlatlari yetakchilarini 9 mayda Minskda o‘tadigan G‘alaba paradiga taklif qilmoqda.
Lukashenko bu taklifni 5 may kuni OAV vakillari bilan suhbatida bildirgan.
“Barcha davlatlar, juda bo‘lmasa sobiq ittifoq davlatlari yetakchilarini Minskka kelib, bu paradda bo‘lishga taklif qilaman. Umid qilamizki, kimdir keladi. Kelmasalar, paradni odatdagidek o‘zimiz o‘tkazaveramiz. Men yuqoridagilar haqida gapiryapman. Barcha respublikalardan oddiy odamlar esa bu paradda talaygina bo‘ladi”, deb aytgan Belarus rahbari.
“Minskda yig‘ilishimiz to‘g‘ri bo‘lardi. Bu yer yuzidan yo‘q qilib tashlangan, zarbani birinchi bo‘lib qabul qilgan va bu yerda qolgan qariyalar va bolalar deyarli 4 yil botqoq, o‘rmon, yerto‘lalarda yashashga majbur bo‘lgan respublikadir. Bu eng ko‘p aziyat chekkan respublika – o‘sha shafqatsiz urushning jonli yodgorligi. Shu sababli bu yerda yig‘ilish to‘g‘ri bo‘lardi, ayniqsa hozirgi sharoitda”, deb ta'kidlab o‘tgan Lukashenko.
Belarus prezidenti Minskdagi paradni boshqa davlatlardagi tomoshabinlar ham kuzata oladigan qilishni taklif qilgan.
Xabarda Lukashenko aynan kimlarga taklifnoma jo‘natgani ma'lum qilinmagan.
Avvalroq Belarus prezidenti Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tanqidiga qaramay, Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 75 yilligi sharafiga 9 maydagi paradni o‘tkazmoqchiligini aytgandi. Lukashenkoning ta'kidlashicha, u paradni bekor qila olmaydi, chunki bu “juda hissiyotli, chuqur g‘oyaviy ma'noga ega narsadir”. Uning ishonch bildirishicha, g‘alabaning 75 yilligi nishonlanishi bilan bog‘liq ommaviy tadbirlar va harbiy parad mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni yomonlashtirmaydi.
Biroq JSSTning Belarusdagi vakili Batir Berdiklichevning ta'kidlashicha, paradda koronavirus og‘ir kechuvchi va undan o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan keksa yoshlilarning ishtirok etishi alohida xavotir uyg‘otadi.
Avvalroq Rossiyada koronavirus pandemiyasi sababli G‘alaba paradi boshqa sanaga ko‘chirilgandi. Rossiyaning o‘nlab shaharlarida 9 may kuni paradning faqat aviatsiya qismigina o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
18:45 / 16.01.2025
Yapon jurnalistlari Moskvadagi G‘alaba paradida KXDR harbiylari ham ishtirok etishini ma’lum qildi
22:04 / 09.05.2024
Moskvada G‘alaba paradi: qor ostida tanklarsiz
02:40 / 10.05.2023
Ukraina Markaziy Osiyo yetakchilari Moskvadagi paradda ishtirok etishini «do‘stona bo‘lmagan qadam» deb atadi
01:03 / 27.11.2020