Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Imomali Rahmon koronavirusga chalinib Germaniyaga ketgani haqidagi xabar rad etildi
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning yordamchisi Abdujabbor Rahmonzoda u koronavirusga chalingani haqidagi xabarlarni rad etib, prezident ayni vaqtda ish o‘rnida ekani va koronavirus muammosini hal qilish bilan bandligini ma'lum qildi.
Avvalroq Tojikiston prezidenti haqida turli mish-mishlar tarqalgandi. Ularning ba'zilarida Imomali Rahmon go‘yoki Dushanbeda virus aniqlangach, ota yurti Dang‘araga (Tojikistondagi Dang‘ara tumani) ketgani aytilgan bo‘lsa, prezident davolanish uchun Germaniyaga yo‘l olgani haqida ham xabarlar tarqaldi.
Abdujabbor Rahmonzodaning aytishicha, «millatga yomonlik tilovchi» odamlar, xususan muxolifat vakili Sharofiddin Gadoyev millat yetakchisi atrofida birlashish o‘rniga xorijdan turib ig‘vo tarqatishmoqda.
3 may kuni Tojikistonga Phonex Air aviakompaniyasiga tegishli Gulfsrteam G-III samolyoti kelgan va muxolifat vakili bu samolyot go‘yoki Imomali Rahmonni olib ketish uchun yuborilganini yozgan. Ammo Abdujabbor Rahmonzodaning aytishicha, bu samolyot Germaniyadan Tojikistonga gumanitar yordam olib kelgan.
«Tojikiston xavfsizlik xizmatidagi manbaga ko‘ra, Imomali Rahmon koronavirusga chalingan va davolanish uchun 3 may kuni soat 22:24da Gulfstream G-III samolyotida Germaniyaga uchib ketgan. Samolyot maxsus tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lgan.
Rahmon uzoq vaqtdan buyon omma oldida ko‘rinish bermayotganiga qaraganda bu gaplar haqiqatga o‘xshaydi. Davlat rahbari odamlar oldiga chiqib vaziyatni odamlarga tushuntirish o‘rniga yashirinishda davom etmoqda.
Manbaning aytishicha, 30 apreldagi koronavirusning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish ham soxtalashtirilgan va aslida Rahmon unda qatnashmagan. Bu soxtakorlik odamlarni Imomali Rahmon hammasini o‘z nazoratiga olganiga ishontirish uchun qilingan. Imomali Rahmonning 23 apreldagi Ramazon bilan tabriklash nutqida yuzi ko‘kimtir tusda bo‘lgan va uning salomatligi yaxshi bo‘lmagani ko‘ringan.
Imomali Rahmon Tojikistonda koronavirus aniqlanganini kamida 1,5 oy yashirgan. Taqdirni qarangki, kasallik uning o‘zini ham qamrab oldi. Tojikistonliklar kasalxonalarda tibbiy vositalar yetishmovchiligidan qiynalayotgan bir vaqtda prezidentni qutqarish uchun qimmatbaho samolyotlar chaqirtirilmoqda.
Prezidentlikni o‘g‘li Rustam Imomaliga topshirish haqida o‘ylayotgan Imomali Rahmon epidemiologik vaziyat jiddiyligini uzoq vaqt rad etib keldi va xursandchilik qilishda, raqs tushishda davom etdi. Aynan uning aybi bilan mamlakat bugun koronavirusga qarshi kurashish uchun tayyor emas», degan Sharofiddin Gadoyev feysbukdagi sahifasida.
Abdujabbor Rahmonzodaga ko‘ra, Imomali Rahmon barchasini nazorat qilib, mahalliy rahbarlarga telefon orqali ko‘rsatmalar berishda davom etmoqda.
Tojikistonda koronavirus kirib kelgani ilk marta 29 aprel kuni e'lon qilingandi.
6 may kuni Tojikistonda yana 86 kishida koronavirus aniqlandi jami zararlanish holatlari soni 379taga yetdi. Bugun yana 3 bemor vafoti tasdiqlandi va jami qurbonlar soni 8 nafarga yetdi.
Mavzuga oid
17:37 / 17.05.2025
Tojikistonda Hajga yozilganlar mablag‘larini hududni obodonlashtirish uchun sarfladi
23:21 / 15.05.2025
Osiyoda COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin oshdi
17:55 / 14.05.2025
Tojikistonda ijtimoiy tarmoqlarda «layk» bosganlik uchun jinoiy javobgarlik bekor qilindi
00:12 / 05.05.2025