O‘zbekiston | 22:33 / 06.05.2020
81241
4 daqiqa o‘qiladi

Taksi, sartaroshxona va savdo majmualari. «Sariq» hududlarda ishlashga ruxsat berilgan sohalar uchun shartlar belgilandi

Respublika maxsus komissiyasining 6 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq, koronavirus tarqalishi holatining hududlar kesimidagi tahlilidan kelib chiqib, karantin cheklovlari joriy yil 8 mayidan boshlab uchta toifaga kiruvchi hududlarga ajratilib, bosqichma-bosqich bekor qilib boriladi.

Surxondaryo va Xorazm viloyati, shuningdek Toshkent shahri «sariq» toifadagi hududlar hisoblanadi. Bu hududlarda so‘nggi 14 kun davomida koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanmagan, biroq ushbu kasallikka chalingan va davolanayotgan bemorlar mavjud. «Sariq» hududlarda ayrim cheklovlar saqlab qolinadi.

«Sariq» hududlarda, «qizil» hududlarga qo‘shimcha ravishda yana quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:

  • nooziq-ovqat mahsulotlari chakana savdo do‘konlari, zargarlik va gul sotish do‘konlari, sartaroshxona va go‘zallik salonlari (maxsus talablar asosida) hamda mehmonxonalar (hostellar va mehmon uylari bundan mustasno) faoliyati;
  • avtomashinalar yuvish shoxobchalari faoliyati, avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikalariga texnik xizmat (servis) ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati;
  • hunarmandchilik, maishiy jihozlar va elektron qurilmalarni ta'mirlash ustaxonalari faoliyati;
  • yo‘nalishsiz taksida maxsus talablar asosida yo‘lovchi tashish, velosiped va skuterda harakatlanish.

«Sariq» toifadagi hududlarda yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashishga, sartaroshxona va go‘zallik salonlari hamda savdo majmualari faoliyat yuritishiga quyidagi talablar asosidagina ruxsat berildi:

Yo‘nalishsiz taksilar – yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan bo‘lishi, haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi), yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi hamda faqat o‘z (avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) hududida harakatlanishi lozim;

Sartaroshxona va go‘zallik salonlari – xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob (N 95 yoki ustma-ust 2ta oddiy spanbond niqobli), yuzni to‘liq to‘sadigan himoya maskasi va tibbiy qo‘lqopdan foydalangan holda «1ta xizmat ko‘rsatuvchi shaxs – 1ta mijoz» tamoyili asosida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishlashi lozim;

Savdo majmualari – qat'iy ijtimoiy masofani saqlagan holda ruxsat etiladi, bunda savdo majmuasining attraksion, ko‘ngilochar, ovqatlanish bo‘linmalari, kinoteatr va o‘yin maydonchalari faoliyatiga ruxsat berilmaydi.

Avtotransport vositalarining stikersiz, shuningdek, mototransport va velosipedlarning harakatlanishiga «yashil» hududlarda ruxsat beriladi.

«Sariq» va «qizil» hududlarda avtotransport vositalari stikersiz har kuni soat 07:00dan – 10:00gacha, 17:00dan – 20:00gacha harakatlanishi mumkin.

  • «Sariq» toifaga kiruvchi hududlarda ushbu qaror bilan ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid