Jahon | 08:05 / 07.05.2020
9511
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda koronavirus yuqtirganlar soni 100 mingdan oshdi, Braziliyada yana antirekord

Foto: AP

Bugun Eronda yana 1 680 kishida koronavirus aniqlandi. Shu tariqa mamlakatda virus yuqtirganlar soni 100 mingdan oshdi. Worldometers ma'lumotiga ko‘ra, hozirgacha Eronda 101 650 holat qayd etilgan.

Eron koronavirus yuqtirganlar soni 100 mingdan oshgan o‘ninchi davlatga aylandi. Erongacha AQSh (1,25 million), Ispaniya (253 ming), Italiya (214 ming), Britaniya (201 ming), Fransiya (174 ming), Germaniya (168 ming), Rossiya (165 ming), Turkiya (131 ming) va Braziliyada (125 ming) kasallik yuqtirganlar soni 100 mingdan oshgandi.

Eron virus yuqtirganlar soni bo‘yicha 10-o‘rinda bormoqda. Butun dunyodagi virus yuqtirganlarning aksari aynan shu yuqori o‘nlikdagi mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Hozirgacha dunyoda umumiy hisobda 3 million 813 169 kishida koronavirus aniqlangan. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan dastlabki 10ta mamlakatda esa kasallanganlar soni umumiy 2,8 milliondan ko‘proq.

Oxirgi bir kunda virus yuqtirganlar soni eng ko‘p AQShda ko‘paydi (20 675). Rossiyada bu gal ham kunlik o‘sish 10 mingdan yuqori bo‘ldi (10 559). O‘sish yuqori o‘nlikdagi Braziliya (10 503) va Britaniyada (6 111) ham yuqori bo‘ldi. O‘nlikdan pastdagi Peru (3 628) va Hindistonda (3 587) ham koronavirus yuqtirganlar soni keskin ko‘paygan.

Kunlik o‘lim soni AQSh (1 955), Britaniya (649), Braziliya (615), Italiya (369) va Belgiyada (323) eng yuqori bo‘ldi. O‘limlar soni bo‘yicha Braziliyada yana antirekord qayd etildi. Bir kun oldin bu mamlakatda 600 kishi koronavirusdan o‘lgan va bu pandemiya boshlangandan buyon eng yomon ko‘rsatkich edi. Oxirgi 24 soat davomida esa 615 nafar braziliyalik koronavirus sabab halok bo‘ldi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid