O‘zbekiston | 17:40 / 07.05.2020
18358
2 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligiga rahbar tayinlandi

Baxtiyor Kamalov Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligiga yangi rahbar etib tayinlandi.

Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Baxtiyor Baxodirovich Kamalov Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi direktori etib tayinlandi.

Agentlik suv xo‘jaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni aniqlaydi, ularning yillik, qisqa va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Baxtiyor Kamalov hozirga qadar Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borayotgan edi.

Baxtiyor Kamalov
Foto: facebook.com/uzaifsa

1979 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan Baxtiyor Kamalov Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent moliya institutlarini bitirgan.

Faoliyati davomida 2010 yildan 2016 yilgacha Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi Bosh direktorining o‘rinbosari, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi «Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash. II-bosqich» loyihasi menejyeri sifatida ishlagan.

Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Vazirlar mahkamasining 2020 yil 29 yanvardagi qarori bilan tashkil etilgandi.

Agentlik suv xo‘jaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari hamda budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirilishi, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish guruhlari va buyurtmachi funksiyasini bajaruvchi hududiy «Suvqurilishinvest» davlat unitar korxonalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Mavzuga oid