Jahon | 20:41 / 08.05.2020
6636
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda 80 yil ichidagi rekord darajadagi ishsizlik qayd etildi

AQShda koronavirus pandemiyasi sababli ishsizlik rekord darajadagi 14,7 foizga o‘sdi. Bu oxirgi 80 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Foto: Reuters

Bu haqda AQSh mehnat vazirligi ma'lumotlariga tayanib CBS News nashri xabar berdi.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy aprelda AQSh mehnat birjalarida 29 mln kishi ro‘yxatdan o‘tgan. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda bunday vaziyat oxirgi marta 1940 yilda kuzatilgan.

Aprelda ishsizlik darajasi mart oyidagi 4,4 foizdan 14,7 foizgacha o‘sib ketgan.  

“Aprelda ishsizlik darajasi 10 foizga o‘sib, 14,7 foizgacha yetgan. Bu tarixda bir oy uchun ishsizlik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir”, deyilgan hisobotda. 

AQSh mehnat vazirligi 1948 yildan beri ishsizlik darajasi bo‘yicha har oylik statistikani e'lon qilib keladi. Bungacha vazirlik faqat yillik ma'lumotlarni e'lon qilgan. O‘sha ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda 1933 yil, Buyuk tushkunlik davrida ishsizlik mutlaq maksimum daraja – 24,9 foizni tashkil qilgan. Agar 1948 yildan keyingi ma'lumotlarga qaralsa, unda AQShda ishsizlikning maksimal darajasi 1982 yil noyabr-dekabrida 10,8 foiz qiymatda qayd qilingan.

Tahlilchilarning ta'kidlashicha, o‘rta muddatli istiqbolda AQShda ishsizlikning real darajasi Buyuk tushkunlik davridagi darajaga yaqinlashib qolishi mumkin. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid