Eron koronavirus sababli AQSh bilan barcha mahbuslarni o‘zaro almashishga tayyorligini bildirdi
Eron AQSh bilan dastlabki shartlarsiz mahbuslarni to‘liq almashishga tayyorligini bildirdi.
Bu haqda Eron hukumati vakili Ali Robiiyga tayanib Al Arabiya telekanali xabar berdi.
“Biz eronlik va amerikalik mahbuslarni almashishga va bu masalani muhokama qilishga tayyormiz, biroq amerikaliklar hozircha javob bermayapti”, deb aytgan Eron vakili.
“Koronavirus pandemiyasi ortida eronliklarning turmadagi xavfsizligi va sog‘lig‘idan xavotirdamiz. Biz Amerikani eronliklar xavfsizligi uchun javobgar, deb hisoblaymiz”, deb qo‘shimcha qilgan Robiiy.
Telekanalning eslatishicha, 2019 yilda Tehron va Vashington Eronda josuslik ayblovi bilan panjara ortida ushlangan amerikalik talaba Van Syueni AQShda sanksiya tartibini buzganlikda ayblangan eronlik biolog Mas'ud Sulaymoniyga almashgan.