Jahon | 08:12 / 11.05.2020
13085
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda dengiz mashg‘ulotlari vaqtida bir kema ikkinchi kemani cho‘ktirib yubordi - OAV

Eronda dengizdagi mashg‘ulotlar vaqtida Jamaran fregati yanglish tarzda yordamchi kemaga raketa otib yuborishi oqibatida u cho‘kib ketdi. 

Foto: AFP

Bu haqda eronlik jurnalistlar ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan Tasnim axborot agentligi siyosiy bo‘limi boshlig‘i Mahdi Baxtiyoriy tvitterda xabar qilgan.

Voqea Ummon ko‘rfazida yuz bergan. Uning davomida Jamaran fregati Eron flotiga qarashli boshqa bir kema - Konarak’ga kemalarga qarshi raketa bilan shikast yetkazgan va natijada u cho‘kib ketgan. Boshqa xabarlarga ko‘ra, shikastlangan kema Choboxar portiga tortib olib ketilgan. Shuningdek, 20 dan 40 gacha kishi halok bo‘lgani, o‘nlab odamlar jarohat olgani ma'lum qilinmoqda. Biroq voqeaning rasmiy tasdig‘i hozircha yo‘q.  
        
Ma'lum qilinishicha, Jamaran fregati 2010 yilda safga kiritilgan va Eron flotida eng zamonaviy harbiy kemalardan biri hisoblanadi. U Xitoyda ishlab chiqarilgan kemalarga qarshi raketalar, torpedolar hamda boshqa qurollar bilan qurollangan. Kema ekipaji 140 kishini tashkil qiladi.   

Rossiyalik mutaxassis Ilya Kramnikning “Kommersant” nashriga tushuntirishicha, Konarak otish mashqlari uchun nishonlar o‘rnatgan bo‘lishi, biroq natijada raketa yirikroq yoki harakatlanayotgan nishonni, ya'ni kemani mo‘ljalga olib, unga tekkan bo‘lishi mumkin. Mutaxassisning ta'kidlashicha, fregat Xitoyda ishlab chiqarilgan S-802 raketasi yoki uning Eronda ishlab chiqarilgan “kloni” Noor raketasi bilan qurollangan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid