«Operatsiya o‘tkazilmasa, 3 oydan ko‘p yashamasligi mumkin». Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorga yordam zarur
Bekobodlik To‘lqin Turdimatovga jigar sirrozi negizidagi saraton tashxisi qo‘yilgan. Tibbiy xulosaga ko‘ra, yagona davo chorasi – jigar tranpslantatsiyasi. Aks holda, bemor 3 oydan uzoq yashamasligi mumkin.
Bemorning qizi Munira Turdimatovaning aytishicha, otasi umurtqa churrasi tufayli jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Amaliyotdan sal vaqt o‘tib – 2019 yil noyabr oyida bemor jigarida kuchli og‘riq sezadi. Aniqlanishicha, bemorda avvaldan gepatit B bo‘lib, operatsiyadan keyin qabul qilingan gormon preparatlari o‘simta o‘sishini rivojlantirib yuborgan, natijada jigar sirrozga uchrab, saraton paydo bo‘lgan.
Hindistonda o‘tkazilgan tekshiruv xulosasiga ko‘ra, jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini o‘tkazish lozim.
Boshqa oila a'zolariga nisbatan salomatligi yaxshiligi bois, bemorning qizi Munira donor bo‘ladi. Amaliyot, yo‘l va yashash xarajatlari uchun oilaga 30 ming dollar kerak edi. “Dadamning mashinalarini sotdik. Qarindoshlardan imkon qadar qarz ko‘tarib, bir amallab kerakli mablag‘ni yig‘dik. 2 fevral kuni men, oyim va dadam Hindistonga uchib bordik. Qariyb bir oy amaliyot oldi tekshiruvlarini o‘tkazishdi. Shuning o‘ziga 6 ming dollar ketdi. 29 fevral kuni transplantatsiya amaliyoti muvaffaqiyatsiz o‘tdi. Sababi mening jigarimda oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan anomaliya bor ekan. Ikkimizni ham kesib bo‘lgandan keyingina bu aniqlandi. Jigar ko‘chirib o‘tkazilmadi. Hech qanday natija bo‘lmasa ham, operatsiya uchun 7 ming dollar to‘lov qilishga majbur bo‘ldik”, deydi Munira Turdimatova.
Muvaffaqiyatsiz operatsiyadan so‘ng, oila boshqa donor izlay boshladi. Bu orada karantin rejimi boshlangani uchun Munira charter reys bilan O‘zbekistonga qaytadi, bemor va ayoli navbatdagi operatsiya uchun Hindistonda qoladi. Donor topilavermagach, To‘lqin Turdimatovga keksa bo‘lsa ham, ayolining jigarini ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilishadi. Ammo Hindistonda yashash xarajatlari va muolaja uchun ham pulning ancha qismi sarflangan edi. Endi navbatdagi operatsiya va muolajalar uchun 10 ming dollar mablag‘ zarur.
“Agar operatsiya o‘z vaqtida qilinmasa, 3 oydan ko‘p yashay olmasligini aytishyapti. Hamma imkoniyatimizni ishga solib, kerakli mablag‘ni yig‘gandik. Ammo yuzaga kelgan muammolar tufayli ozgina yetmay turibdi. Qutlug‘ kunlarda yurtdoshlarimizdan yordam so‘ramoqchiman...”, deydi Munira Turdimatova.
To‘lqin Turdimatov 35 yildan beri bolalarga dars beradi. Savobtalab xalqimiz ilm yo‘lida xizmat qilgan o‘z muallimiga og‘ir kunida tirgak bo‘lishiga ishonamiz. Muborak Ramazon oyida qilingan misqolcha yaxshilikning ham buyuk ajri bor. Millat farzandlariga dars berib kelgan insonning shifo topishida o‘z hissamizni qo‘shaylik. Yaxshiligingiz sabab Yaratgan topganingizga baraka bersin!
Yordam berish istagida bo‘lganlar uchun ma'lumot:
Bemor To‘lqin Turdimatov nomiga ochilgan karta:
UzCard: 8600 3329 3890 6975
Bemorning rafiqasi Manzura Turdimatova nomiga ochilgan karta:
Visa: 4143 8100 7002 4346
Tel: +99890 989 11 90
Saodat Abdurahmonova
Mavzuga oid
23:49 / 08.11.2024
Britaniyada hospis yopilmasligi uchun 6 mln funt sterling xayriya mablag‘i to‘plandi
22:50 / 08.10.2024
Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan marafon uch oyda 378 ming yevro to‘pladi
13:08 / 31.08.2024
AQShda shahar hokimiyati 12 yoshli bolaning xayriya do‘konini yopdi. Aholi bola uchun 20 ming dollar yig‘ib berdi
08:23 / 20.08.2024