O‘zbekiston | 14:30 / 11.05.2020
47900
2 daqiqa o‘qiladi

SSV «Farhod» bozoridagi ehtiyot qismlar rastalari yana yopilganiga izoh berdi

Toshkent shahridagi «Farhod» bozorida joylashgan avtomobillar uchun ehtiyot qismlar sotish va xizmat ko‘rsatish rastalar o‘z faoliyatini tiklaganidan ko‘p o‘tmay, 11 may kuni vaqtincha qayta yopildi.

Natijada, aholi orasida ushbu hududdan ham koronavirus kasalligiga chalingan shaxs aniqlangani haqidagi taxminlar paydo bo‘ldi. Ushbu rastalar joylashgan Toshkent shahri Uchtepa tumani hokimligi o‘z rasmiy kanallari orqali vaziyatni izohladi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda «Farhod» bozoridagi ehtiyot qismlar rastalari tadbirkorlardan birida yuqori harorat kuzatilgani tufayli yopilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shuni ma'lum qilamizki, savdo rastalari ma'muriyati tomonidan «Tozalik kuni» e'lon qilingan va ayni vaqtda do‘konlar sanitar normalar talablari muvofiq tayyorlanishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bu ishlar yakunlanishi bilan ehtiyot qismlar rastalaridagi do‘konlar o‘z ishini boshlaydi», deyiladi munosabatda. Lekin bu xabarda rastalar yopilishiga aynan nima sabab bo‘lgani to‘la yoritilmagan.

Kun.uz muxbiri ushbu holat yuzasidan izoh olish uchun Sog‘liq saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bilan bog‘landi.

«Bozor ichida kimningdir harorati ko‘tarilgani haqidagi ma'lumotlar haqqoniy emas. Aksincha, bozorga kirishda o‘rnatilgan tekshiruvlar davomida bir fuqaroda yuqori harorat aniqlangan va u darhol izolyatsiyaga olingan. Har ehtimolga qarshi rastalarda ham dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda va ularning yakuniga ko‘ra bozor ishga tushadi», dedi vazirlik rasmiysi Furqat Sanayev.

Mavzuga oid