Jahon | 08:43 / 12.05.2020
20228
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp brifing vaqtida jurnalist bilan janjallashib qoldi

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydagi brifingda kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan ayol jurnalist bilan janjallashib ketgach, brifingdan chiqib ketdi.

Foto: Associated Press

Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.  

Tramp o‘z nutqida AQSh boshqa davlatlarga qaraganda koronavirusga ko‘proq test o‘tkazganini ma'lum qilgan. Shundan keyin CBS telekanali muxbiri Trampga nima uchun u koronavirusdan o‘lim darajasi ortayotgan mamlakat ichidagi vaziyat o‘rniga o‘tkazilgan testlar soni bo‘yicha boshqa davlatlar bilan raqobatga ko‘proq urg‘u berishini so‘ragan. Tramp jurnalistning nima uchun bunday bo‘layotgani haqidagi savoliga keskin ohangda javob qilib, bu haqida Xitoydan so‘rashni maslahat qilgan. 

“Butun dunyoda odamlar o‘lmoqda. Ehtimol, bu savolni Xitoyga berishingiz o‘rinlidir. Mendan emas, Xitoydan so‘rang. Agar ulardan bu haqida so‘rasangiz, balki juda antiqa javob olarsiz”, deb keskin ohangda javob qilgan AQSh prezidenti. 

Bundan tashqari, Tramp savolni jirkanch deb atagan va jurnalistning achchig‘ini keltirgan.

Ikki tomon bir-biriga yana bir nechta e'tiroz bildirgach, Tramp yig‘ilganlar bilan xayrlashib, brifingdan chiqib ketgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirusga chalinganlar soni 1,385 mlndan oshib ketdi, undan vafot etganlar 81795 nafarni tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid