O‘zbekiston | 17:27 / 13.05.2020
7374
11 daqiqa o‘qiladi

Energoresurslar tariflari, monopoliyalar va xususiylashtirish: ekspert sohada kutilayotgan islohot haqida

O‘zbekistonda iqtisodiyotni tubdan va jadal rivojlantirish bo‘yicha katta maqsadlar belgilangan. Buning uchun yangi energiya quvvatlarini ishga tushirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish talab qilinadi.

Foto: KUN.UZ

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida samaradorlikni oshirish, energiya sarfini maqbullashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish, huquqiy-me'yoriy qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqaruvchi va iste'molchilarga qo‘shimcha shart-sharoit yaratish muhimligi ta'kidlandi.

Sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish va respublikamizda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda qayta tiklanadigan energiya manbalari (QTEM) tabiiy gaz va neft taqchilligini hal qilishga yordam berishi va hech bo‘lmaganda, iste'molchilar xarajatlarini ikki baravar kamaytirishi ta'kidlandi.

2030 yilga kelib, 5 GVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari va 3 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalari qurilishi hisobiga qayta tiklanadigan energiya manbalardan umumiy quvvati 8 GVt elektr energiyani ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Moliya vazirligi departamenti direktori o‘rinbosari, energetika bo‘yicha ekspert, Germaniya quyosh energiyasi assotsiatsiyasi va xalqaro atrof muhit muhofazasi bo‘yicha Aleksandr fon Gumboldt jamg‘armasi a'zosi Ravshan Xo‘janov cohadagi muammolar va kutilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ravshan Xo‘janov

O‘zbekistonda energetika sohasini rivojlantirishda xalqaro moliya institutlari faol ishtirok etmoqda. Uni rivojlantirish uchun salmoqli kredit va qarz mablag‘lari yo‘naltirilmoqda.

Mamlakat mustaqilligining dastlabki davrlarida obektiv sabablarga ko‘ra sohaga e'tibor yetarli emas edi. 2016 yilda prezidentimiz tashabbuslari bilan ushbu sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirishga kirishildi.

O‘tgan yili Energetika islohotlari bo‘yicha xalqaro forumda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov mamlakat elektr energetika sanoati investitsiya dasturining 2030 yilgacha bo‘lgan asosiy yo‘nalishlari haqida gapirib, ushbu sohada reabilitatsiya va islohotlarni amalga oshirish uchun 25 milliard AQSh dollari yoki YaIMning 50 foiziga teng mablag‘lar yo‘naltirilishi zarurligini ta'kidladi.

«Tariflarni tartibga soluvchi mustaqil organ kerak»

Mamlakatimizda xalqaro moliyaviy institutlar (XMI)dan jalb etilgan mablag‘lar asosan tahliliy tadqiqotlar va sohani rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, shuningdek modernizatsiyalash loyihalari uchun sarflanmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi tariflarining o‘sishida bir tomondan iste'molchilar uchun tariflarni va ikkinchi tomondan energiya ishlab chiqaruvchilar uchun yetarli daromadlarni muvozanatini ta'minlash kerak.

Islohotlardan ko‘zlangan maqsad – aholi uchun subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish barobarida iste'molchilarni xavfsiz va ishonchli elektr energiya bilan ta'minlashdan iborat. Bu jarayon bosqichma-bosqich hamda aholining kam ta'minlangan qatlamlarini qo‘llab quvvatlagan holda amalga oshirilishi lozim.

Ushbu sohadagi muammolarni tugatish uchun elektr energiya ishlab chiqaruvchilar va taqsimlovchi tarmoq kompaniyalarini xususiylashtirish zarur. Shu bilan birga, aniq ishlash mezonlari va operatsion shartlarga asoslangan holda davlat energetika kompaniyalarini boshqarish uchun tajribali xalqaro menejyerlar va konsultant kompaniyalar tanlanishi lozim.

Shuningdek, turli davlat boshqaruv organlari orasida mas'uliyat va majburiyatlarni qayta taqsimlagan holda, tariflarni tartibga solish bo‘yicha mustaqil organ ta'sis etish lozim va O‘zbekiston bu yo‘nalishga qarab odimlamoqda.

«Xususiy monopoliya yaratilishiga yo‘l qo‘yilmasligi zarur»

Hech bir holatda xususiylashtirish natijasida yangi monopolistlar yoki monopolistik tizimlarning shakllanishi uchun sharoit yaratilmasligi kerak. Iste'molchilar cheklangan mablag‘lari tufayli yangi tariflarda to‘lay olmaydi, degan xavfsirash ham yo‘q emas. Shuning uchun hukumat bu islohotlarga katta ehtiyotkorlik bilan qaramoqda.

Bu muammolarning oldini olish uchun xususiylashtirish jarayonlari oshkora o‘tkazilishi, davlat xizmatchilari esa xorijiy xususiy kompaniyalar bilan shartnomalarni samarali va professional darajada ko‘rib chiqishlari lozim.

Xalqaro moliya institutlari muayyan kompaniyalar foydasiga o‘z manfaatlarini lobbi qilmasligi kerak, aks holda davlat monopoliyasi xususiysi bilan almashtiriladi va natijada iste'molchilar uchun hech narsa o‘zgarmaydi.

Agar davlat kompaniyasini xususiylashtirish muvaffaqiyatli o‘tsa, uning yangi egalarining o‘zlari tarqatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va eski stansiyalarni yangilari bilan almashtirish uchun mablag‘ topadilar. Demak, elektr energiyadagi yo‘qotishlar maqbullashtirilishini tezlashtirish mumkin bo‘ladi. Bu esa yaqin yillarda energiya sarf-xarajatlarini 2-3 baravar kamaytirish imkonini beradi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalari (QTEM): afzallik va kamchiliklar

Qayta tiklanadigan energiya manbalari tabiat yoki inson faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan, deyarli bitmas-tuganmasdir. Qazilma yoqilg‘ilar esa muqobil energiyadan farqli ravishda nihoyasiga yetadi.

Myunxendagi «Green City Energy» tashkiloti 8 yildan ortiq vaqtdan buyon Germaniyani tiklanadigan energiya manbalari bilan ta'minlash masalalari bilan shug‘ullanib kelmoqda. Tashkilot maslahat va konsultatsiyalar taklif etadi va maxsus loyihalarni ishlab chiqadi.

O‘tgan yillarda Chernobil yoki Fukusimada texnogen falokatlar va tabiiy ofatlar sodir bo‘ldi. Bundan tashqari, dunyo okeanining neft to‘kilishi bilan ifloslanishini ko‘rib turibmiz. Ko‘mirning yonishi esa issiqxona effektini kuchaytirmoqda, shuning uchun qayta tiklanadigan energiya manbalarining afzalligi shubhasiz aniq va ravshan.

Agar siz quyosh va shamol energiyasidan foydalansangiz, texnogen xususiyatli ofatlardan qo‘rqishingiz shart emas.

Bunday energiya manbalarining zararli chiqindilari minimal darajada bo‘lib, qayta tiklanuvchan energiya manbalari, masalan quyosh energiyasi deyarli cheksizdir. Ular butun dunyoda mavjuddir va uzoq muddatli hamda qimmatbaho transportga muhtoj emas, bu ham mintaqaviy iqtisodiyotning rivojlanishiga albatta yordam beradi.

Bundan tashqari, ekspert QTEM ning bugungi kundagi elektr energiyaga nisbatan qimmatligi undan foydalanishga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi va ularning samaradorligi sezilarli darajada pastligi kabi kamchiliklarini ham qayd etib o‘tdi.

QTEMlar ob-havo sharoitlariga juda bog‘liq bo‘lib, hozirgi texnika xavfsizligi darajasi aholining energetik ehtiyojlarini qoplashga imkoniyat bermaydi. Ortiqcha quyosh energiyasini saqlash yoki uzoq masofalarga tashish hali ham nisbatan ancha qimmat.

QTEMlar katta investitsiyalarni talab qiladi

Mamlakatning yangi energiya manbalariga o‘tishi doirasida qazilma yoqilg‘i energiya manbalarini yanada maqbullashtirish uchun QTEM bilan almashtirilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim.

Bu uzoq muddatli istiqbolda barqaror va toza energiya ta'minotini berishi kerak, ammo u e'tibordan chetda qoldirilishi mumkin bo‘lmagan bir nechta muammolar bilan chambarchas bog‘liqligi tufayli, almashtirish yuqori xarajatlarga olib kelishi mumkin.

Boshqa energiya manbalariga o‘tishning yuqori qiymati tanqidlarga olib kelishi mumkin. Eski elektr stansiyalarni quyosh stansiyalari va shamol generatorlari bilan qisman almashtirish uchun katta investitsiyalar talab qilinadi. Elektr energiyani quyosh yoki shamol stansiyasidan O‘zbekistonning boshqa hududiga olib o‘tish uchun elektr tarmog‘ini ham kengaytirish kerak.

Ta'minot xavfsizligi bilan bog‘liq xavf-xatarlarni ham ko‘zdan qochirmasligimiz kerak. U vaqtga kelib, tarmoqni kengaytirish tugallanishi va yetarli elektr energiya ishlab chiqarilishi kerak. Aks holda, biz yetkazib berish taqchilligiga duch kelishimiz mumkin.

Ravshan Xo‘janovning fikricha, butun tizimdagi yangi texnik muammolarni hal qilish uchun ishlab chiqaruvchi uskunalar va tarmoqlar muvofiqlashtirilishi lozim. Bu hukumatning 2030 yilga borib energiya ta'minotida tiklanadigan energiya ulushini oshirish borasidagi maqsadiga erishishning yagona yo‘lidir.

Elektr tizimlarining barqaror ishlashini ta'minlash muammolari yirik bo‘lib, mamlakat elektr ta'minoti tizimida ulkan o‘zgarishlarga yuz kelishi mumkin. O‘zbekiston ko‘plab sohalarda yangi imkoniyatlar ochmoqda va befoyda investitsiyalar yoki ta'minot xavfsizligi bilan bog‘liq tajribalar o‘tkaza olmaydi. Bunda tegishli tarmoqlarning muvofiqlashtirilgan yondashuvi juda muhimdir.

Muqobil energiya ishlab chiqarishga o‘tish yo‘lidagi ulkan to‘siqlar borligi uchun mavjud tizim yanada samaraliroq bo‘lishi kerak. Buning kalitlaridan biri – aqlli hisoblagichlar yordamidagi raqamlashtirishdir. Ular elektr tarmoqlaridan foydalanishni maqbullashtirish kerak.

Elektr energiyasidagi tebranishlar va ortiqcha yuklama o‘ta qimmat bo‘lib, Germaniya tarmoqlari bo‘yicha federal agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, bir elektr stansiyada elektr ishlab chiqarish tarmoqning haddan tashqari yuklanishi tufayli to‘xtab, boshqa stansiyada elektr energiya ko‘proq ishlab chiqargandagi «qayta jo‘natish» xarajati 2017 yilda 1,4 milliard yevroni tashkil qildi.

Issiqlik elektr markazlari (IEM) yordam berishi mumkin

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, quyosh tizimlari va shamol energiyasidan foydalanishni kengaytirish bilan bir qatorda markazlashtirilmagan energiya ta'minotini oshirish ham yangi energiya manbalariga o‘tishning muvaffaqiyatiga muhim hissa qo‘shishi mumkin. Uning qo‘shimcha qilishicha, siyosatchilar kogeneratsion uskunalarning asosiy rolini allaqachon e'tirof etishgan.

Issiqlik elektr markazlari issiqlik va elektr energiya hosil qilishning gibrid tamoyilidan foydalanadi va ularni bir vaqtda ishlab chiqaradi. Qurilmalar foydalanish uchun tejamkor va ayni paytda atrof-muhitni nisbatan kam ifloslaydi va iste'molchilar ushbu turdagi energiya uchun past narxlarni olishlari mumkin.

Bundan tashqari, ular kelajakda elektr energiya yetkazib berishni ta'minlashga yordam berishi mumkin. Agar quyosh va shamol energiyasi yetarli bo‘lmasa, IEMlar yo‘qotishlarni qoplashi mumkin.

O‘zbekiston energetika sohasidagi islohotlar to‘g‘ri qadam bo‘lib, kelajakda ham davom etadi. Lekin ularni amalga oshirish uchun keyingi bir necha yil ichida qilinadigan ishlar hali judayam ko‘p. Issiqlik elektr markazlari bunga muhim hissa qo‘shishi va kelajakda ekologik va xavfsiz energiya ta'minoti bilan ta'minlashi mumkin.

Shu bilan birga, ular iste'molchilar uchun elektr energiya narxlarining oshishiga qarshi kurashishda yordam beradi. Ular hozirda turli o‘lchamlarda mavjud bo‘lgani bois, ular bir oilali uylardan tortib, turar-joy majmualariga qadar har qanday maydonda o‘rnatilishi mumkin.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid