«Karantin tugagani yo‘q» – Shavkat Mirziyoyev rahbarlarni hushyorlikka chaqirdi
Prezident Shavkat Mirziyeyov 13 may kungi videoselektor yig‘ilishida epidemiologik vaziyat tufayli cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatib borilayotganiga qaramay, hamon karantin tartibi amalda ekanini ta'kidladi.
«Takror va takror aytaman, hali yurtimizda karantin tugagani yo‘q. Lekin biz majburmiz [karantinni] yumshatishga: odamlarni boqishimiz kerak, iqtisodiyotni tiklashimiz kerak.
Umuman, koronavirus yo‘qolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirishi zarur. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga amal qilish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tartibda o‘tkazish, yuqumli kasal bo‘lsa, niqob taqish odatiy qoidaga aylanishi zarur.
Barchangiz ko‘rib turibsiz, pandemiyani jilovlashga juda katta kuch sarflayapmiz. Bu borada ancha qiyin va og‘ir yo‘lni bosib o‘tdik. Og‘ir yo‘lni tanlaganmiz. Lekin bu yo‘l o‘zining samarasini sekin-sekinlik bilan beryapti. Boshqa yo‘l yo‘q.
Xalqimiz karantin boshlangan dastlabki kunlardagi tashvishli vaziyat yana qaytarilishini mutlaqo istamaydi. Biz majbur bo‘lamiz, qaysidir viloyatda, qaysidir hududda, qaysidir korxonada [koronavirus aniqlansa], darrov yopiladi. Lekin jinoiy javobgarlik bilan yopiladi. O‘sha hokimiga ham, korxona rahbariga ham – agar karantin normalariga e'tibor qilmasa», – dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, bu yig‘ilishda hududlararo transport aloqasi tiklanishi rejalashtirilayotgani ma'lum bo‘ldi.
Jumladan, Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni tiklash, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga poyezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, shaharlar ichida shaxsiy avtomobillar harakati bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish masalasi o‘rganilyapti.
Mavzuga oid
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga boradi
16:30 / 01.10.2024