Fan-texnika | 05:14 / 14.05.2020
5201
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Tramp Huawei bilan hamkorlik cheklovini yana bir yilga uzaytirdi

Foto: AP

AQSh korxonalari Xitoyning Huawei kompaniyasi bilan kelasi yil may oyigacha hamkorlik qila olmaydi. Mamlakat prezidenti Donald Tramp bu borada tegishli hujjatni imzolagan. Bu haqda Reuters xabar bergan.

Hujjatda «qora ro‘yxatdagi» korxonalar nomi aniq aytilmagan va umumiy qilib «milliy xavfsizlikka xavf tug‘diradigan» telekommunikatsiya kompaniyalari bilan hamkorlik cheklanishi aytilgan. Shunday bo‘lsa-da, The Verge nashriga ko‘ra, gap Xitoyning Huawei hamda ZTE kompaniyalari haqida ketmoqda.

AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soladigan kompaniyalar bilan hamkorlikni cheklash 2019 yilda boshlangan. O‘shanda amerikalik razvedkachilar Xitoy AQShda o‘rnatiladigan Huawei kompaniyasiga tegishli 5G tarmoqlari uchun qurilmalar orqali AQShdagi telekommunikatsiya tarmoqlarini kuzatish imkoniga ega bo‘lishi haqida ma'lumot bergan.

The Verge`ga ko‘ra, 2019 yilda Huawei AQSh hududida to‘liq faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. U Google kabi yirik kompaniyalar bilan ishlolmagan bo‘lsa-da, AQSh savdo vazirligidan bir nechta vaqtinchalik litsenziyalar olgan. Oxirgi marta bunday litsenziya 2020 yil mart oyida berilgan va 15 may kuni yakuniga yetadi. AQSh savdo vazirligi litsenziyalarning muddati uzaytirilishi haqida ma'lumot bermagan.

Mavzuga oid