O‘zbekiston | 15:48 / 15.05.2020
13467
4 daqiqa o‘qiladi

Moliya instituti rektori: Talabalar yakuniy imtihonning elektron shaklini ko‘proq ma'qul ko‘rishmoqda

Toshkent Moliya instituti rektori Ulug‘bek Azizov oliy ta'lim tizimida karantin sababli masofaviy ta'lim yo‘nalishiga o‘tilishi va institutda bu tizimning qanday yo‘lga qo‘yilgani borasida ma'lumot berdi.

Toshkent Moliya instituti rektori Ulug‘bek Azizov

Rektorga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining masofaviy ta'limni joriy etish bo‘yicha buyrug‘i bilan talabalarga ta'lim berish va baholash jarayonlari Toshkent Moliya institutida videoma'ruzalar, telegram ijtimoiy tarmog‘i va elektron videoaloqa dasturlari orqali samarali tashkil qilinmoqda.

Bu borada masofaviy ta'lim platformasi www.tfi.uz sayti: “PLATONUS” elektron platformasi)dan foydalanish bo‘yicha talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yo‘riqnomalar ishlab chiqilib, institut vebsaytiga joylashtirilgan.

Institutda bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida o‘qitilayotgan fanlardan 1000 dan ortiq video ma'ruza mashg‘ulotlari tayyorlangan bo‘lib, institut sayti va institutning You Tube kanalidagi MOLIYA TV sahifasiga joylashtirilgan.

Shuningdek, www.tfi.uz sayti: ARM fondida (elektron resurslar soni 3224 ta, hozirgi kunda yangi adabiyotlarni kiritish davom etmoqda) va Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanalida institut professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan hamda xorijiy o‘quv adabiyotlari va boshqa badiiy, ilmiy, ommabop adabiyotlar joylashtirilgan», – deydi u.

Rektorga ko‘ra, talabalar oxirgi vaqtlarda yakuniy imtihonlarni elektron shaklda topshirish usulini ma'qul ko‘rishmoqda.

«Shunga ko‘ra, institutda bitiruvchi kurs talabalarining bilimini shaffof, xolis, odilona baholash maqsadida, institut rektorining buyrug‘i bilan bakalavriat o‘qitilayotgan fanlardan yakuniy nazorat bosqichi masofaviy ta'lim platformasi orqali yozma ish, test, og‘zaki tarzida tashkil qilingan.

Institutning 1-2-3-kurslarida yakuniy nazoratni tashkil etish bo‘yicha va  o‘qitilayotgan fanlardan reyting (baholash)larining yakuniy nazorat bosqichini o‘tkazish borasida institut rektorining qator buyruqlari chiqarilgan.

Shuningdek, institutimizda bitiruvchi kurs talabalari bitiruv oldi amaliyotlarini kurs loyihasi (ishi) sifatida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Bu vazifalar ijrosini bajarish uchun kadrlar tayyorlovchi kafedralar tomonidan bitiruvchi kurs talabalari bitiruv oldi amaliyotlarini kurs loyihasi (ishi) sifatida amalga oshirilishi bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqildi hamda talabalar e'tiboriga yetkazildi», – dedi Ulug‘bek Azizov.

Institut rektori yakuniy davlat attestatsiyalarining o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qilinayotgan ishlar borasida ham ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha 9 nafar, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 12 nafar tasdiqlangan YaDAK raislari bilan kelishilgan holda yakuniy imtihonlarni sifatli va adolatli o‘tkazish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

«Avvalroq barcha ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha 310 nafar bitiruvchi kurs talabalariga bitiruv malakaviy ishi mavzusi va ilmiy rahbarlar biriktirilgan. Shunga ko‘ra, talabalarga yakuniy davlat attestatsiyasini onlayn shaklda topshirishga ham ruxsat berildi.

Hozirga qadar 310 nafar BMI yozadigan talabalarning 198 nafari BMI himoyasini ixtisoslik fanlaridan onlayn testga o‘zgartirish bo‘yicha murojaat qilgan. 112 nafar talaba esa BMI himoyasini elektron videoaloqa dasturlarida himoya qilish istagini bildirgan.

Joriy yilda institutni bitirayotgan 151 nafar magistrantlar magistrlik dissertatsiyalarini ham elektron videoaloqa dasturlari orqali himoya qiladi.

Ixtisoslik fanlar bo‘yicha yakuniy imtihonlar 25 maydan 6 iyungacha onlayn test shaklida o‘tkaziladi. Shuningdek, bitiruv malakaviy himoyalari 8 iyundan 30 iyunga qadar, magistrlik dissertatsiyalari himoyalari 22 iyundan 27 iyunga qadar onlayn himoya shaklida tashkil etiladi», – dedi rektor.

Mavzuga oid