O‘zbekiston | 13:46 / 20.05.2020
26968
7 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik Oqqo‘rg‘onda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari o‘g‘irlanishi holati bo‘yicha izoh berdi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Oqqo‘rg‘ondagi homiylik mablag‘larining o‘g‘irlanishi holati bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

«Ommaviy axborot vositalari hamda turli ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi Oqqo‘rg‘on tuman bo‘linmasi huzuridagi «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘larining shu ishga mas'ul shaxslar tomonidan bemaqsad sarf etilganiga oid xabarlar butun tizim xodimlari, soha fidoyilarini qattiq tashvishga soldi.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borildi hamda quyidagilar aniqlandi:

Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 apreldagi 213-sonli Farmoyishi ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi, fondning hududiy bo‘linmalari, xususan, «Mahalla» fondi Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi tashkil etilgan. Shunga ko‘ra joriy yilning 23 aprel kuni OATB «Mikrokreditbank» Oqqo‘rg‘on filialida «Mahalla» fondining Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzuridagi «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasining maxsus hisob raqami ochilgan.

Jamg‘armaga kelib tushayotgan homiylik va xayriya mablag‘lari haqidagi kunlik ma'lumotlar «Mahalla» fondi Toshkent viloyati bo‘lim boshqaruviga taqdim etib borilgan.

Jamg‘armaga kelib tushgan xayriya mablag‘larining sarflanishiga doir tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlanishicha, xalq deputatlari Oqqo‘rg‘on tumani kengashining 2020 yil 27 apreldagi VI/VII-II-sonli Qarorining 5-bandiga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.Alishevga jamg‘armada shakllangan mablag‘lardan maqsadli foydalanish uchun tumandagi dehqon bozorlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini ulgurji bozor narxlarida xarid qilish uchun jamg‘armaning bankdagi hisob raqamidagi mablag‘larni naqd pul ko‘rinishida olishga ruxsat berilishi belgilangan.

Shuningdek, tuman kengashi qarorining 6-bandida OATB «Mikrokreditbank» Oqqo‘rg‘on tumani filiali boshqaruvchisi A.Xamroyevga jamg‘armada shakllangan mablag‘lardan maqsadli foydalanish yuzasidan tumandagi dehqon bozorlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini ulgurji bozor narxlarida xarid qilish uchun jamg‘armaning bankdagi hisob raqamidagi pul mablag‘larini naqd pul ko‘rinishida taqdim qilishni ta'minlash vazifasi yuklatilgan.

O‘rganish jarayonida xabarlarda tilgan olingan, muqaddam fondning Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi katta buxgalteri lavozimida ishlagan fuqaro – Niyozov Bobur Zayirovich, «Mahalla» fondi Toshkent viloyati bo‘limining 2020 yil 3 yanvardagi 01-k-sonli buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etilganligi aniqlandi.

Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.Alishev muqaddam Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tumani kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – «Mahalla» fondining tumani bo‘linmasi raisi lavozimida ishlagan.

Ammo shu vaqtga qadar OATB «Mikrokreditbank» Oqqo‘rg‘on filiali mutasaddilari tomonidan M.Alishev va B.Niyozovning to‘lov topshiriqnomasiga imzo qo‘yish huquqini bekor qilish yoki imzo uchun band solish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilmagan. Buning natijasida «Mahalla» fondining Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzuridagi «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga kelib tushgan homiylik va xayriya mablag‘larining muayyan qismi maqsadsiz sarf etilishiga yo‘l qo‘yilgan. Yetkazilgan moddiy zarar M.Alishev tomonidan to‘liq qoplangan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom etmoqda.

2020 yil 18 may kuni mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi tomonidan Moliya vazirligiga 02-06/73-sonli murojaat xati yuborilib, unga ko‘ra «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi Nizomining 14-bandiga asosan jamg‘arma mablag‘larining maqsadli ishlatilishi nazoratga olinishida amaliy yordam so‘raldi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ushbu salbiy holatni hamda keng jamoatchilik va butun xalqimiz tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘naltirilgan xayriya mablag‘larining bemaqsad ishlatilishini keskin qoralaydi.

Vazirlik tomonidan mazkur voqelikka o‘xshash holatlarning qayta takrorlanmasligi, xayriya mablag‘larining manzilli yetib borishini namunali tashkil etish maqsadida barcha zarur choralarni ko‘radi va nazoratni kuchaytiradi, shuningdek hududiy tuzilmalar rahbarlarining mas'uliyati va javobgarligini oshirish bo‘yicha keng qamrovli profilaktik tadbirlarni amalga oshiradi. Eng muhimi, bugungi sinovli kunlarda xalqimiz tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy tashabbuslari to‘laqonli ro‘yobga chiqishlarini ta'minlaydi», deyiladi vazirlikning rasmiy munosabatida.

Bundan avvalroq Bosh prokuratura Oqqo‘rg‘on tumanida «Mahalla» xayriya jamoat fondi va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasining 153,2 mln so‘mlik xayriya mablag‘lari talon-toroj qilingani, xususan tuman hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va tuman «Mahalla» xayriya jamoat fondi hisobchisi tumandagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelib tushgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 mln so‘m pullarni o‘zlashtirishgani, shuningdek, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘lardan 44 mln so‘mni maqsadsiz sarflab, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangani, ushbu shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid