Jamiyat | 11:24 / 21.05.2020
40296
13 daqiqa o‘qiladi

Fermerning yeri g‘ayrioddiy tarzda tortib olindi. Qo‘shko‘pir tuman hokimligi fermerning imzosini qalbakilashtirgan bo‘lishi mumkin

Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumanidagi «Izzat» fermer xo‘jaligi yerlari hokimning qarori asosida zaxiraga qaytarildi. Fermer o‘zining nomidan yozilgan arizadagi imzo qalbaki ekanligini aytmoqda.

Qo‘shko‘pir tumani, Xonobod qishlog‘idagi «Izzat» fermer xo‘jaligi 1994 yildan beri faoliyat yuritadi. Dastlab chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha ish boshlagan tadbirkorlik sub'yektiga 2016 yildan paxta-g‘alla yo‘nalishi ham qo‘shilib, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantirilgan. 2019 yil yanvar oyidagi optimallashtirish natijasida fermer xo‘jaligi yerlari umumiy hisobda 107,1 gektarga yetkazildi.

2020 yil 27 aprel kuni Qo‘shko‘pir tumani hokimligi tomonidan «Izzat» fermer xo‘jaligiga tegishli yerlar monitoringdan o‘tkazilib, «chigitning kam ekilgani, kultivatsiya ishlari boshlanmagani, agrotexnika qoidalariga to‘liq rioya qilinmagani, zarur o‘g‘itlar kam sepilgani» aniqlanadi. Shu kunning o‘zida hokimlik fermer xo‘jaligi rahbariga yer ijara shartnomasini ixtiyoriy bekor qilish bo‘yicha yozma ravishda taklif yuboradi. Ammo hech qanday javob bo‘lmagach, hokimlik sudga murojaat qiladi.

6 may kuni Shovot tumanlararo iqtisodiy sudi Qo‘shko‘pir tumani hokimligining «Izzat» fermer xo‘jaligi bilan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish haqidagi da'vo arizasini ko‘rib chiqishni boshlaydi.

Da'vo arizasida 2020 yil paxta hosili uchun «WBM Qo’shko’pir klaster» MChJ bilan «Izzat» fermer xo‘jaligi o‘rtasida 75 gektar yer maydoniga chigit ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, paxta yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzilgani, ammo fermer xo‘jaligi 6 may kunigacha 67,5 gektar yer maydoniga chigit ekkani, ya'ni chigit 7,5 gektar yer maydoniga kam ekilgani bayon qilingan edi. Shuningdek, fermer xo‘jaligi tomonidan fosforli va kaliyli o‘g‘itlar me'yoriga nisbatan kam sepilgani, 54,5 gektar yer maydonida kultivatsiya ishlari boshlanmagani, to‘liq agrotexnika qoidalariga rioya qilinmagani natijasida shartnoma majburiyatlari bajarilmaslik xavfi yuqori ekani ko‘rsatilgan.

Biroq, sud fermer xo‘jaligi bilan yer ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish uchun rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar, ya'ni yer maydonlari ahvolini monitoring qilish dalolatnomasi, Qo‘shko‘pir tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining fermer xo‘jaligi bilan yer ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish haqidagi xulosasi, Qo‘shko‘pir tuman hokimligi huzuridagi yer maydonlarini ajratish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning xulosasi, shuningdek, Xalq deputatlari Qo‘shko‘pir tuman kengashining qarori bir kunning ichida – 27 aprel kuni rasmiylashtirilgani va shu kunning o‘zidayoq fermer xo‘jaligiga ijara shartnomasini ixtiyoriy bekor qilish bo‘yicha taklif yuborilganiga e'tibor qaratgan.  

Bundan tashqari, da'vo arizasida «WBM Qo’shko’pir klaster» MChJ bilan «Izzat» fermer xo‘jaligi o‘rtasida 75 gektar yer maydoniga chigit ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, paxta yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzilgani, ammo fermer xo‘jaligi 6 may kunigacha 67,5 gektar yer maydoniga chigit ekkani, ya'ni, 7,5 gektar yer maydoniga kam ekilgani bayon qilingan. Ammo sudning aniqlashicha, «WBM Qo’shko’pir klaster» MChJ bilan «Izzat» fermer xo‘jaligi o‘rtasida hech qanday kontraktatsiya shartnomasi tuzilmagan, ya'ni bunday shartnomaning o‘zi yo‘q.

Sud «ekilmagan yer maydonlariga shartnomada ko‘rsatilmagan boshqa ekinlar ekish uchun mo‘ljallanayotgani va shartnoma majburiyatlari bajarilmay qolish ehtimoli mavjud degan taxminlar bilan da'voni qanoatlantirish mumkin emas», deb hisoblagan. Ya'ni, bu sud hech qachon taxminlarga asoslangan holda qaror chiqarmasligini anglatadi.

Shuningdek, sud da'vogarning «fermer xo‘jaligi tomonidan yer maydonlaridan samarasiz foydalanmoqda» degan talabi bilan kelishmagan, chunki ijara shartnomasida «ijaraga oluvchining aybi bilan muntazam ravishda (3 yil mobaynida) normativdagi kadastr bahosidan kam miqdorda hosil olinganda ijara shartnomani bekor qilish mumkinligi» ko‘zda tutilgan.

6 may kuni o‘tkazilgan mahkamada sud tomonlarga kelishib olish imkoniyatini beradi. Ya'ni «Izzat» fermer xo‘jaligiga ekilmay qolgan 7,5 gektar maydonga chigit ekishni taklif qiladi. Qo‘shko‘pir tumani hokimligi esa bunga qarshi bo‘lmaydi. Natijada fermer 2 kun ichida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirib, shu yerga chigitni ekib, bu topshiriqni bajaradi.

8 may kuni sud yakuniy majlis o‘tkazib, Qo‘shko‘pir tumani hokimligining da'vo arizasini qanoatlantirishni rad qildi. Bunda hal qiluv qarori ustidan 1 oy davomida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Biroq, «Izzat» fermer xo‘jaligi rahbarining o‘z huquqi tiklangani, qonun ustuvorligi ta'minlangani, sud tomonidan himoyalangani borasidagi quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Sudda yutishiga ko‘zi yetmagan hokimlik fermerni «sindirish»ning qing‘ir yo‘lini tanlagan ko‘rinadi. Shu yilning 12 may kuni Qo‘shko‘pir tumani hokimi Jo‘rabek Rahimov yer uchastkasining uzoq muddatli ijara shartnomasini bekor qilish haqida qaror chiqardi. Unda «Izzat» fermer xo‘jaligi rahbari Izzat Rajabovning tuman hokimi nomiga fermer xo‘jaligi yer maydonlarini tuman zaxira yeri hisobiga qaytarib olish bo‘yicha bergan yozishmasi yuzasidan tuman komissiyasining xulosasi asos qilib olingan.

Qo‘shko‘pir tumani hokimligi tomonidan taqdim qilingan bildirishnomada «Izzat» fermer xo‘jaligi rahbari agrotexnika qoidalariga to‘liq rioya qilmagani uchun kechirim so‘ragani va 107,1 gektar yer maydonini zaxiraga qaytarilishiga rozi ekani, uzoq muddatli yer ijarasi shartnomasi esa bekor qilinishini iltimos etgani yozilgan. Bildirishnoma 7 may kungi sana bilan kirim qilingan.

Endi bu hujjat bilan bog‘liq muhim jihatlarga e'tibor qaratamiz. Birinchidan, «Izzat» fermer xo‘jaligi rahbari Izzat Rajabov Qo‘shko‘pir tumani hokimligiga yerni zaxiraga qaytarishni so‘rab, hech qanday bildirishnoma yozmaganini va hujjatdagi imzo o‘ziniki emasligini ta'kidlamoqda. Taqqoslash uchun, Izzat Rajabov o‘z imzolari tushirilgan hujjatlarni taqdim qildi.

Chapda bildirishnomaga qo‘yilgan imzo, o‘ngda Izzat Rajabovning haqiqiy imzosi

Ikkinchidan, bildirishnoma qabul qilingan sanaga e'tibor qaratamiz. U 7 may kuni kirim qilingan. Vaholanki, bir kundan keyin, ya'ni 8 may kuni Shovot tumanlararo sudida Qo‘shko‘pir tumani hokimligining da'vo arizasi ko‘rib chiqilgan, unda hokimlik vakillari ham, «Izzat» fermer xo‘jaligi vakillari ham ishtirok etishgan. Agar fermer xo‘jaligining rahbari 7 may kuni «yerni zaxiraga qaytarilishini so‘ragan bo‘lsa», u holda 8 may kuni sudda buning aksini ta'kidlab, o‘z manfaatini himoya qilishida qanday mantiq bor?

«Izzat» fermer xo‘jaligi rahbari Izzat Rajabovning otasi Ozod Rajabov Qo‘shko‘pir tumani hokimi chiqargan qarordan norozi ekanini ta'kidlab, barcha ayblovlarni inkor qilmoqda. Tajribali dehqon barcha agrotexnik tadbirlarni qoidaga ko‘ra bajargani, yerlarga vaqtida ishlov bergani, o‘g‘it sepish va agrotexnik tadbirlarni amalga oshirganini aytmoqda. Ozod Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, u tashlandiq va hosildorligi past bo‘lgan yerlarni 1 yil davomida «tarbiyalab», epaqaga keltirgan, buning uchun juda katta mehnat va 200 mln so‘mga yaqin mablag‘ sarflagan. Fermer yerdan mahrum qilingani uchun barcha xarajatlar qoplab berilishini talab qilyapti.

Taajjubga soladigan yana bir jihat shundaki, Qo‘shko‘pir tumani hokimligi yerni zaxiraga qaytarish haqidagi qaror chiqargan kuniyoq, ya'ni 12 may kuni «Izzat» fermer xo‘jaligi tomonidan chigit ekilgan 17 gektar yer maydoni traktor bilan surib tashlangan.

Chap tomonda chigit unib chiqqan dala maydoni, o‘ng tomonda shu dala maydoni traktor bilan buzib tashlanganidan keyingi holat

«Izzat» fermer xo‘jaligi ekinlarni kam ekkani, agrotexnika ishlarida nuqson borligi, natijada hosilning kam bo‘lishi, reja bajarilmay qolishi mumkinligi haqidagi xulosa nima uchun mavsum o‘rtasida berilmoqda? Balki bu ishlarning kuzda, hosil yig‘ib olinganidan so‘ng, rejalar bajarilmaganidan bilib olish, ish natijasiga qarab baho berish mantiqan to‘g‘ri bo‘lmaydimi? Buni sud ham o‘z qarorida ko‘rsatib, «shartnoma majburiyatlari bajarilmay qolish ehtimoli mavjud degan taxminlar bilan da'voni qanoatlantirish mumkin emas», deb ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, shartnomada «ijaraga oluvchining aybi bilan muntazam ravishda (3 yil mobaynida) normativdagi kadastr bahosidan kam miqdorda hosil olinganda ijara shartnomani bekor qilish mumkinligi» ko‘zda tutilgan emasmi?

Traktor bilan buzib tashlangan paxta dalasi

«Izzat» fermer xo‘jaligi rahbari Izzat Rajabov bildirishnomani yozmaganini va unga imzo chekmaganini ta'kidlamoqda. Ammo muhr bosilgan qog‘oz qayerdan paydo bo‘lgani haqida taxminlar bor. Gap shundaki, tuman hokimliklari fermerlarni oq qog‘ozga muhr bosish va imzo qo‘ydirib olish amaliyotidan ko‘p yillar davomida foydalanib kelmoqda.

Bu ish fermerlarni tizginda ushlab turish, bosim uyushtirish, o‘z yo‘rig‘iga yuritish, mavsum oxirida esa hosil rejasidagi kamchiliklarni «to‘g‘rilab yuborish» uchun qilingan va qilinyapti.

Fermerlar paxta va g‘alla yetishtirish shartnomasining bo‘sh blankasini (ya'ni ekiladigan yer maydoni va rejadagi hosil ko‘rsatilmagan blankani) imzolab, muhrlab berishga majburlanadi. Hatto shartnoma fermerning qo‘liga berilmaydi. Fermerga «falon gektarga ekin ekasan» deb og‘zaki topshiriq bo‘ladi. Yil oxirida hosilning yaxshi yoki yomon bo‘lishidan kelib chiqib, bo‘sh qoldirilgan katakka ko‘rsatkichlar (yer maydoni yoki rejadagi hosil) oshirib yoki kamaytirib yoziladi. Agar oshirib yozilsa, fermer qo‘shimcha hosil topshirishga majbur bo‘ladi. Agar kamaytirib yozilsa, uning ortiqcha hosili rejani bajarmagan fermerlar hisobiga o‘tkaziladi. Yillar davomida fermerlar mana shunday sharoitda ishlayapti. Ularda huquq yo‘q, faqat majburiyat bor. Fermer mahalliy hokimlarga tom ma'noda qaram holatda ushlab turiladi. Bo‘sh qog‘ozga muhr bosish va imzo chekishni istamagan, «bo‘ysunmas» fermerlar «o‘yindan chiqariladi». 

Endi «Izzat» fermer xo‘jaligida yer yo‘q. Shu joyda mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratib yurgan 18 nafar xodim ham ishsiz qoldi. Afsuski, xalqimiz uchun og‘ir bo‘lib turgan bunday vaziyatda ularning va oilasining taqdiri ham mavhumligicha qolmoqda.

Kun.uz tahririyati prokuratura organlari «Izzat» fermer xo‘jaligi rahbarining imzosi qalbakilashtirilganligi holatini jiddiy o‘rganib chiqishi lozim deb hisoblaydi.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid