Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari faoliyati tugatildi
O‘zbekistonda Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari faoliyati tugatildi va endilikda xayriya mahsulotlarini ehtiyojmand oilalarga yetkazib berish «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati orqali amalga oshiriladi.
Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva Kun.uz’ga ma'lum qildi.
«Bu markazlar faoliyati o‘z vaqtida juda zarur bo‘ldi. Endilikda karantin tartiblari ancha yumshadi. Shunday sharoitda Homiylik xayriyalarni muvofiqlashtirish markazlari va «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati funksiyalari bir-birini takrorlab qolayotgandi. Shu sababli xayriya faoliyati bir organga yuklandi», – dedi axborot xizmati rahbari.
Boymirzayeva, shuningdek, har qanday faoliyatda o‘ziga xos kamchilik va yutuqlari bo‘lgani kabi, markazlar faoliyatida ham ayrim kamchiliklar kuzatilganini tan oldi.
«Ammo haqli ravishda ayta olamizki – markazlar o‘zini oqlab, uning tashkil etilishi eng to‘g‘ri qaror bo‘lganini amalda isbotladi», – dedi u.
Homiylik xayriyalarni muvofiqlashtirish markazlari Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 1 apreldan boshlab homiy tashkilot va fuqarolarning xayriya mahsulotlarini ehtiyojmand oilalarga yetkazishni tashkil etish maqsadida tashkil etildi va 20 mayga qadar ish olib bordi.
Markazlar shtabida fuqarolar murojaatlarini qabul qilish uchun koll-markazning 1197 qisqa raqami ish olib bordi.
«2 apreldan 20 maygacha barcha markazlarga homiylar tomonidan jami 790 071 kg piyoz, 1 806 902 kg un, 887 429 litr yog‘, 1 351 823 kg kartoshka, 804 909 kg guruch, 765 801 kg makaron, 712 698 kg sabzi, 571 725 kg shakar, 103 772 dona tovuq, 120 750 kg go‘sht, 442 268 ta reshyotka tuxum, 58 188 kg dukkakli mahsulotlar, 94 448 kg quruq choy, shuningdek, 550 848 dona tibbiy niqob, 137 950 dona tibbiy qo‘lqop, 98 672 dona antiseptik, 184 000 dona gigiyenik vositalar (sovun, tish pastasi kabilar) hamda 451 567 ta boshqa mahsulotlar xayriya qilindi.
Faoliyati davomida markazlar tomonidan mahallalarda shakllantirilgan ro‘yxat hamda koll-markazning 1197 qisqa raqami orqali kelib tushgan murojaatlar asosida 9139ta mahallada istiqomat qiluvchi 413 072 ta ehtiyojmand oilaga 49 mlrd 910 mln so‘mlik homiylik xayriyalari yetkazib berildi», – deya Kun.uz`ga ma'lum qildi vazirlik matbuot xizmati.
Mavzuga oid
23:49 / 08.11.2024
Britaniyada hospis yopilmasligi uchun 6 mln funt sterling xayriya mablag‘i to‘plandi
22:50 / 08.10.2024
Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan marafon uch oyda 378 ming yevro to‘pladi
13:08 / 31.08.2024
AQShda shahar hokimiyati 12 yoshli bolaning xayriya do‘konini yopdi. Aholi bola uchun 20 ming dollar yig‘ib berdi
08:23 / 20.08.2024