Islom dinining shiori – hayo haqida. Xayrulla domla Turmatov bilan suhbat
Kun.uz Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etib kelayotgan turkum suhbatlarini hayo mavzusi bilan davom ettiradi. Bu mavzu yuzasidan Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrulla domla Turmatov bilan suhbatlashdik.
Hayo – Islom dinining shiorlaridandir
Avvalo, muqaddas Ramazon oyi hammamizga muborak bo‘lsin. Bu kunlarda va'da qilingan ajr-u savoblarni Alloh hammamizga nasib qilsin. Shuning barobarida Ramazonda poklanib, xulqimiz go‘zallashsin. Va go‘zal hayo sohibi bo‘lish nasib qilsin.
Hayo haqida so‘z ketganda janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning bir muborak hadislarini eslasak, o‘rinli bo‘ladi. U zot aytganlarki: «Har bir dinning xulqi bor. Islomning xulqi hayodir».
Demak, agar Islom dinining xulqi hayo bo‘lsa, unga e'tiqod qiluvchi musulmonlarning asosiy fazilati ham hayo bo‘lishi lozim.
Dinimizda uning madori bo‘lgan hadislar bor. Ulardan birida Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Agar hayo qilmasang, bilganingni qilaver», deganlar.
Buni 2 xil ma'noda tushunish mumkin. Birinchi ma'no amr, buyruq emas, undagi ohang kinoyadan iborat va odamlarni noto‘g‘ri narsadan qaytarish uchun yangramoqda. Ikkinchi ma'noda esa xabar ohangi bor, bu ma'no kimning hayosi bo‘lmasa, u hech narsadan tap tortmasligi va bilgan ishini qilaverishi mumkinligi aytilmoqda.
Bu hadis, dastlab, Abu Mas'ud roziallohu anhudan rivoyat qilingan. Unda «Odamlar payg‘ambarlikdan olgan ilk narsa hayo edi», deyiladi.
Hayo – iymondandir
Iymonning bir necha shoxi bor. Afzali: «Laa ilaaha illalloh» bo‘lsa, odamlarga ozor beradigan biror narsani yo‘ldan olib tashlash ham iymonning kichik bo‘lagidir. Hayo ham iymonning bir bo‘lagi, shuningdek, inson xulqini go‘zal qiladigan vosita hamdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hayo masalasida bizga buyuk maktab edi. Imom Barzanjiy «Mavludin Nabiy» asarida Payg‘ambarimiz sifatini keltirib bir bayt yozgan: «U zot nihoyatda hayoli va tavozeli zot edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning hayosi chodirdagi kelinchakning hayosidan ham kuchliroq edi».
Demak, hayo bizga sunnat hisoblanadi.
Bugungi kunda hayo ko‘tarilgandek
Bugun kundalik hayotimizga nazar soladigan bo‘lsak, oilaviy munosabatlarda, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarida, bozordagi jarayonlarda hayo ko‘tarilgandek. Bozordagi ayrimlarning, ko‘chada o‘ynab yurgan bolakayning og‘zidan chiqayotgan so‘z kishini hayratga soladi.
Hayotda uchrayotganimiz turli vaziyatlarni ko‘rib, nahotki biz musulmonmiz, nahotki o‘zbekmiz, nahotki falonchining ham ota-onasi bor, deb o‘ylab qolamiz. Bularga sabab hayo ko‘tarilganidir. Balki bizning diyonatdan, qadriyatlarimizdan uzoqlashganimiz yoki turli xorijiy seriallarga berilganimiz ham bunga sababdir.
Hayoni ota-ona beradi
Aslida, hayo haqidagi tarbiyani ota-ona beradi. Biroq afsuski, o‘sha tarbiyani berishi lozim bo‘lgan ota-ona ham bu borada tarbiyaga muhtoj. Inson kalima aytish bilan musulmon bo‘ladi, lekin uning qilayotgan hamma amallari qalbidagi iymoniga munosib va hayoli bo‘lsagina, iymoni go‘zal bo‘ladi.
Hayo haqida so‘z ketganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning bir so‘zlarini eslash lozim: «Sizlar, avvalo, Allohdan hayo qilinglar. Alloh taolo hammadan ham hayo qilinishga munosibroqdir».
Sahobai kiromlardan ayrimlari Rasulullohdan nasihat qilishini so‘raganlarida, Payg‘ambarimiz: «Hatto yolg‘iz bo‘lganingda ham yalang‘och bo‘lma», – dedilar. Sahobalar: «Agar atrofda hech kim bo‘lmasa-chi?» deya so‘radilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Alloh ko‘rib turibdi-ku. Alloh taolo hayo qilishingga eng haqli Zot», deya javob berdilar.
Usmon roziallohu anhuning hayolari
Hayo hayotimizni go‘zallashtiradi, bir-birimizga mehrimizni orttiradi, amallarimizni ziyoda qiladi, ziynatlaydi.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning bir hadislari bor: «Sahobalarim ko‘kdagi yulduzlar kabidir. Qaysi biriga ergashsangiz ham hidoyat topasiz». Usmon roziallohu anhu ham hayosi juda baland shaxs sifatida eslanadi.
Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam yonboshlab o‘tirganlarida Abu Bakr Siddiq salom berib kirib o‘tiradi, birozdan so‘ng Umar roziallohu anhu kirib kelib o‘tiradi. Payg‘ambarimiz holatlarini o‘zgartirmaydilar. Birozdan so‘ng Usmon roziallohu anhu kelib, izn so‘raganlarida, Nabiy alayhissalom o‘rnidan turib, kiyimlarini tuzatib olib, so‘ng Usmon roziallohu anhuga joy ko‘rsatadi.
Bu voqeaga shohid bo‘lib turgan onalarimizdan birlari Rasulullohdan Abu Bakr Siddiq va Umar roziallohu anhu kirib kelganida nega o‘rnilaridan turmasdan, Usmon roziallohu anhu kirib kelganida o‘rnidan turganlarining sababini so‘raydi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom Usmondan hatto maloyikalar ham hayo qilishini aytadi.
Hazrati Usmonning hayosi tillarda doston bo‘lgan. U zotdan saxovat, himmat borasida oladigan narsamiz juda ko‘p. Ammo hayo borasida o‘rganadiganlarimiz hammasidan ortiq.
Aytishlaricha, Usmon roziallohu anhuning bir odamga tik boqib gapirganini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hech qachon ko‘rmagan ekanlar. Usmon roziallohu anhu o‘zida bor biror narsani boshqalarga ilinmaguncha Allohdan hayo qilib turganlar.
Payg‘ambarimizdan eshitgan har bir o‘git, hadisini hayotida amalga kiritmaguncha, uni qoim qilmaguncha tinib-tinchimagan. Shuning uchun u qiyomat kuniga qadar Sohibi hayo deya tillarda doston bo‘lgan.
Farzandlarimiz hayo sohibi bo‘lishsin
Bugun Ramazonning duolar qabul bo‘ladigan, qalb va ruhimiz poklanadigan, saxovatimiz jo‘sh urgan pallasida turibmiz. Inson yaxshilikka o‘rganish bilan erishadi. Bu borada sunnat bo‘lgan hayoga ham odatlanish lozim va Alloh bizni hamisha kuzatib turganini his qilaylik.
Qiyomat kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v) bilan yuzma-yuz kelamiz, o‘shanda u zot bizni «ummatim» deyishi uchun munosib amallar qilishga, sunnatlarini ham imkon qadar qoim qilishga harakat qilaylik.
Masalan, bizning ajdodlarimiz ota o‘tirgan uy tomiga chiqishmagan, eng yaxshi ko‘rgan narsalarini ota-onasiga ilingan, hurmat-izzat va hayo qilishgan. Bir inson ikkinchi kishining oldida biror yomon so‘z aytmagan. Hayo qilishgani uchun ham bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishgan. Biz ham hayo sohibi bo‘laylik. Shunda bizdan tug‘ilajak farzandlar ham hayo sohiblari bo‘lishadi.
Mavzuga oid
18:42 / 12.05.2020
Qo‘shnichilik odobi – mukammal iymon sharti. Xayrulla domla Turmatov bilan suhbat
20:00 / 03.05.2020
Poklik – iymondandir. Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrulla domla Turmatov bilan suhbat
18:30 / 27.04.2020